Davlat xizmatida gender tenglik qanday ta'minlanadi?

    Prezidentimizning Respublika jamoat xotin-qizlar kengashini tashkil etish to'g'risidagi tashabbusi jamiyatda ayollar rolini oshirishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomidir. Ayni paytda mamlakatimiz aholisining 50 foizga yaqini ayollar ekani inobatga olinsa, mazkur kengashning tashkil etilishi jamiyatdagi barcha islohotlarda xotin-qizlarning faol ishtirok etishi uchun zamin yaratadi.

    Bu esa o'z-o'zidan ularning davlat xizmatidagi imkoniyatlari to'liq ro'yobga chiqishiga ham keng yo'l ochadi. SHu o'rinda so'nggi yillarda mamlakatimizda ayollarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash, kasb-hunarga o'qitishni tashkil etish va bandligini ta'minlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotganini alohida ta'kidlash joiz.

    Xususan, mahallalarda “Ayollar daftarlari” yuritilib, ro'yxatdagi ayollarni ijtimoiy, huquqiy va psixologik jihatdan qo'llab-quvvatlash masalalariga manzilli yondashilmoqda.

    Ayniqsa, hukumatning 2020 yil 23 iyundagi "Oliy ta'lim muassasalariga qo'shimcha davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlari doirasida xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o'qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori ko'plab iqtidorli qizlarga oliygohga imtiyoz bergani bilan ahamiyatli bo'ldi. Qarorga ko'ra, Respublika oliy ta'lim muassasalariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko'rsatkichlariga nisbatan xotin-qizlar uchun qo'shimcha davlat granti asosida qabul ko'rsatkichlari ajratildi.

    2016 yilda oliy o'quv yurtlariga kirgan 61 ming fuqarodan 23 ming nafari (37foiz) ayollar bo'lsa, 2019 yilda oliy ta'lim muassasalariga qabul qilingan ayollar soni 41foizga etdi.

    Parlamentda ayollarning vakilligini oshirish uchun Qonunchilik palatasiga ayol nomzodlarga 30 foiz kvota ko'zda tutilgan. Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 25 yanvardagi ma'lumotlariga ko'ra, Oliy Majlisning har ikkala palatasi a'zolarining qariyb 29 foizini ayollar tashkil etadi. Parlamentning quyi palatasi deputatlari orasida 48 nafar ayol bo'lsa (33 foiz), Senatda ularning soni 23 ta yoki 23,7 foiz. Biroq shunga qaramay, davlat fuqarolik xizmatida ularning soni ozligicha qolmoqda.

    Davlat statistika qo'mitasining 2019 yilgi ma'lumotlariga ko'ra, O'zbekistonda boshqaruv kadrlaridagi ayollarning umumiy ulushi 26,6 foizni tashkil etib, eng yuqori ko'rsatkich Qoraqalpog'iston Respublikasida (33,8 foiz), eng past ko'rsatkich esa Jizzax viloyatida (17 foiz) qayd etilgan.

    Ayni paytda mamlakatimiz davlat fuqarolik xizmati tizimida faoliyat yuritayotgan 95 mingdan ortiq davlat xizmatchilarining 21 foizi ayollar hissasiga to'g'ri kelyapti. Ularning 10 foizi rahbarlik lavozimlarida ishlab kelyapti. Oliy Majlis Senati Raisi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining o'rinbosari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o'rinbosari, vazir, 4 nafar vazir o'rinbosari va 5 nafar hokimlar eng yuqori lavozimlarni egallab turibdi.

    O'zbekiston ayollarining martaba ko'tarilishiga nimalar to'siqlik qiladi?

    O'zbek ayollari asosan uy-ro'zg'or ishlarini yuritishi, jamiyatdagi roli pastligi bois ishga joylashishda muayyan qiyinchiliklarga duch keladilar. Davlat xizmatida gender tengligini ta'minlash muammolarini o'rganish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan onlayn so'rov o'tkazildi. 808 respondent qatnashgan mazkur so'rov ishtirokchilarining 74,5 foizi ayollar, 25,5 foizi erkaklar bo'lib, ularning 84,7 foizi davlat sektorida, 15,3 foizi esa xususiy sektorda faoliyat olib borgan.

    So'rov natijalariga ko'ra, respondentlarning ko'pchiligi (52,4foiz) ayollar davlat xizmatiga kirmasligiga oilaviy ahvolni sabab qilgan (farzand tarbiyasi, turmush o'rtog'i tomonidan qo'yilgan taqiq va h.k.). Uchdan bir qismidan ko'prog'i (34,3foiz) ish vaqtidan qoniqish hosil qilmasligini, 32,7 foizi lavozimini ko'tarishda gender kamsitishga duch kelganini ta'kidladi. SHu bilan birga haddan tashqari ish yuklamasi va kam ish haqi sabab qilib ko'rsatilgan variantlar mos ravishda 22,4 va 19,9 foizni tashkil etdi.

    Shuningdek, respondentlarning qariyb yarmi (49,9foiz) Davlat xizmatida gender tengligini ta'minlash muammolari orasida kasblar va lavozimlarni “erkak” (texnik kasblar, rahbarlik lavozimlari va boshqalar) va “ayollar” (o'qituvchilar, shifokorlar, kotiblar, yordamchilar va boshqalar) ishlashi maqsadga muvofiq, deb hisoblanadigan lavozimlarga ajratdilar. SHu bilan birga, ularning 41,5 foizi “jamiyatning mentaliteti”, 25 foizi esa “diniy e'tiqodlar” (notanish erkaklar orasida ayollar bo'lishini) sababini ko'rsatgan.

    Xalqaro tahlil

    2020 yilgi Ayollar kuchi indeksi (Women’s Power Index)ga ko'ra, bugungi kunda BMTga a'zo 193 ta mamlakatdan 21 tasida davlat (hukumat)ni ayollar boshqarmoqda.

    Ushbu reyting shuningdek, O'zbekistondagi xotin-qizlar egallab turgan vazirlar lavozimlari darajasini ko'rsatadi. 2020 yil 1 yanvar` holatiga bu ko'rsatkich 8 foizni tashkil etdi. (158-o'rin). Qo'shni Afg'onistonda esa bu 1 foizni (151-o'rin), Qozog'istonda 5 foizni (174-o'rin) tashkil qiladi.

    Mutaxassislarning ta'kidlashicha, 193 ta dunyo mamlakatlarining 14 tasida (asosan Evropa mamlakatlarida) hukumat tarkibida ayollar ulushi kamida 50 foizdan iborat.

    Indeks shuningdek O'zbekiston parlamentidagi ayollarning vakillik darajasi to'g'risidagi ma'lumotlarni aks ettiradi – 29foiz (61-o'rin). Xuddi shu ko'rsatkich Qozog'istonda – 21foiz (103-o'rin). SHu bilan birga, BAA, Boliviya, Kuba, Ruanda kabi mamlakatlarda ayollar parlament a'zolarining kamida 50 foizini tashkil qiladi.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisob-kitoblariga ko'ra, qaror qabul qilishda ayollarning “zarur massasi” 30 foizni tashkil etishi kerak. Bu darajadagi ayollar vakili 1995 yilgi Pekin Harakatlar Platformasi tomonidan ham o'rnatilgan.

    Mamlakatning ijtimoiy va siyosiy faoliyatiga ayollarni jalb qilish darajasini parlamentning quyi va yuqori palatalariga o'tgan saylovlarda ro'yxatdan o'tgan ayol nomzodlar soni orqali ham baholash mumkin. Yurtimizda bu ko'rsatkich – 41 foiz (14-o'rin), qo'shni Qozog'istonda – 20 foiz (71-o'rin).

    Xotin-qizlarni davlat xizmatiga jalb qilish bo'yicha xorij tajribasi qanday?

    Statistik ma'lumotlarga ko'ra, ayrim mamlakatlarda davlat xizmatchilarining katta qismi ayollar. Jumladan, Germaniyada 2019 yilda bu ko'rsatkich 59 foiz, BAAda 52 foiz, Janubiy Koreyada 43foiz, Frantsiyada 40 foiz va Singapurda 35 foizni tashkil etdi.

    Finlyandiyaning gender tengligi to'g'risidagi qonuni bilan hukumat qo'mitalarida, maslahat kengashlarida va boshqa idoralarda 40/60 jins nisbati bilan gender kvotasi joriy qilingan.

    Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo saylovoldi kampaniyasida hukumatda erkaklar va ayollarning teng vakolatlarini taqdim etish va'dasini amalga oshirib, vazirlar guruhini tayinladi, ular tarkibiga 18 nafardan ayol va erkaklar kiritildi. Mamlakatda xalqaro savdo, davlat xizmatlari, atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarga mas'ul bo'lgan vazirlar lavozimlarini ayollar egalladi.

    Gender kvotalari va meritokratiya

    Bugungi kunda BMTga a'zo bo'lgan davlatlardan 120 tadan ortig'ida gender kvotasi mavjud. Xususan, Markaziy Osiyoda Qozog'iston, Qirg'iziston va O'zbekistonda siyosiy partiyalar tomonidan ko'rsatilgan nomzodlarning umumiy sonidan ayollar uchun 30 foizli kvotalar qonuniylashtirilgan.

    Qonuniy kvotalarning joriy etilishi ayollar vakolatxonasining tez sur'atlarda o'sishiga yordam bermoqda, ularga xotin-qizlar faolligini oshirish uchun qisqa muddatli chora-tadbirlar sifatida qaralishi kerak, chunki kvotalar aslida ilgari surilgan maqsad, ya'ni amaldagi tenglikni kafolatlamaydi.

    Muammoni hal qilishda yaxlit tizimli yondashuvda davlat organlari va tashkilotlarida ayollar vakilligi o'rganilib, xotin-qizlarning samarali ishlashini ta'minlash uchun bir qator boshqa choralar ham ko'rilishi kerak. Jumladan, ayollarni nafaqat qarama-qarshi jins vakillari deb hisoblash, balki ularni ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etadigan mutaxassis va etakchi sifatida qadrlash muhimdir.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-5843-sonli Farmoni meritokratiya tamoyili asosida davlat xizmatiga eng munosib va qobiliyatli shaxslarni qabul qilishni nazarda tutadi.

    Davlat xizmatiga iqtidorli yoshlar va ayollarni keng jalb qilish uchun Agentlikka 2030 yilgacha davlat xizmatini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Strategiyaning ustuvor yo'nalishlaridan biri mamlakatda ayollarning intellektual, ijodiy va ijtimoiy salohiyatini oshkor qilish va amalga oshirish uchun zarur bo'lgan sharoitlarni yaratish bo'lib, bu ko'plab yuqori malakali ayollarni davlat idoralariga rahbarlikka jalb qilish imkonini beradi.

    Strategiya loyihasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga to'liq mos keladigan gender tengligini ta'minlash bo'yicha alohida bo'lim mavjud. Unda ayollarni davlat xizmatida o'qitish va malakasini oshirish, boshqaruv lavozimlarida ularning ulushini oshirish ko'zda tutilgan.

    Zero, yuqori malakali, tashabbuskor va iste'dodli ayollarning mamlakatimiz siyosiy hayotida, davlat va jamiyat boshqaruvidagi faol ishtiroki amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarda ularning o'rni beqiyos ekanligini yana bir bor ko'rsatadi.

    Nargiza Muxtorova

    Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi etakchi inspektori