Bu tizimning asosi, Oʻzbekiston Respublidasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalari boʻldi.

Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning tahlili davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida rasmiyatchilik, ovoragarchilik, sansalorlik, korrupsiya va boshqa muammolar koʻpligini koʻrsatdi.

Amaldagi tartibga muvofiq, “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish imkoniyatidan faqatgina tadbirkorlik subyektlari foydalanishi mumkinligi sababli, fuqarolarimiz davlat organlarida hujjatlarni rasmiylashtirish boʻyicha qator sansalorliklarni yengib oʻtishga majbur boʻlayotgan edi.

Ushbu muammolar xalqimizning davlat organlari faoliyatidan mutlaqo qanoatlanmaslik darajasini keskin oshirganligi, afsuski, ayni haqiqat.

Mazkur tizimli muammolarga chek qoʻyish, aholining qimmatli vaqti maʼlumotnoma soʻrab turli idoralar ketidan quvishga ketishining oldini olish, bunda “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyilni amalda roʻyobga chiqarish va eng muhimi, xalqimizning davlat organlari va ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarga boʻlgan ishonchini qozonish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-5278-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublika Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya Vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3430-son Qaroriga asosan Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari tashkil etildi.

Hech shubhasiz taʼkidlash joizki, oʻtgan qisqa davr mobaynida ushbu tuzilma nafaqat tadbirkorlarga, balki butun xalqimizga tezkor va sifatli xizmatlarni koʻrsatuvchi ishonchli idoraga aylanib ulgurdi.

Bugungi kunda davlat xizmatlarini sidqidildan amalga oshirib kelayotgan ushbu Davlat xizmatlari agentligi 3 yoshga toʻldi.

Davlat xizmatlari markazi shaffof va qulay xizmati, tezkor davlat xizmati koʻrsatishi hamda tadbirkorlarga koʻplab qulayliklar yaratilganligi, qogʻozbozlik, ovoragarchiliklarga chek qoʻyilganligi sababli, bu tizim qisqa vaqt davomida xalq orasida tez tilga tushdi.

Yashnobod tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan 2019-yilda 90 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, 2020-yilning hozirgi kuniga kelib 148 taga yetdi.

Bosqichma-bosqich davlat xizmatlarini joriy etib borilishi, tabbiyki davlat xizmatlarini soni ham oshib bordi.

Yashnobod tumani “Yagona darcha” markazi orqali 2017-yilda 120 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, “Yagona darcha” markazlari Davlat xizmatlari agentligiga oʻzgartirilganidan soʻng va xizmat turlari kengayganligi hisobiga, 2018-yil davomida fuqarolarga va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatilgan davlat xizmatlari soni qariyb 4 mln. tani tashkil etdi.

Bu koʻrsatgich, yaʼni koʻrsatilgan davlat xizmatlari yildan-yilga oshib bordi. Jumladan, 2019-yilda Yashnobod tumani davlat xizmatlari markazi tomonidan 60846 ta davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, 2020-yilning 11 oyi davomida 75451 ta davlat xizmatlari koʻrsatildi.

Shu vaqtga qadar davlat xizmatlarini koʻrsatishda birinchi navbatda vakolatli organlar oʻzaro integratsiya qilinib, davlat xizmatlarini koʻrsatishda onlayn tarzda hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyilganligi ayniqsa, bu yilgi pandemiya davrida aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda juda qoʻl keldi.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)da onlayn olish uchun elektron raqamli imzo kalitlarini onlayn olish imkoniyatlari yaratildi. Bu jismoniy va yuridik shaxslardan uy yoki ish joyidan chiqamagan holda davlat xizmatlarini olish tizimi yaratildi.

Bu oʻz oʻrnida Davlat xizmatlari markazlarini joriy etilganligi naqadar toʻgʻri boʻlganligini anglatadi.

Kelgusida davlat xizmatlarini takomillashtirib borilishi, talab etiladigan hujjatlar sonini kamaytirilib borilishi, ijro muddatlarini qisqartirilishi shuningdek, ayrim turdagi ruxsat beruvchi xususiyatga ega boʻlgan ruxsatnomalar va litsenziyalarni bekor qilinib borishi, ayniqsa zamonaviy binolarda davlat xizmatlarini koʻrsatilishi aholi uchun naqadar qulay tashkilotga aylanib borishini koʻrishimiz mumkin.

Shu oʻrinda barcha Davlat xizmatlari agentligi xodimlarini Agentlikning 3 yilligi bilan chin qalbimizdan tabriklaymiz. Aholiga sidqillik bilan xizmat koʻrsatishlarida ulkan zafarlar tilaymmiz. Xalqimiz rivoji yoʻlida tinmay xizmat koʻrsatib, aholi olqishlari va duosini olishlariga tilakdoshmiz.