Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-martdagi 116-son qarori bilan milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunalari joriy etilgan. Bunda, dastavval, “prava”larni almashtirishga 2017-yil 1-oktyabrdan 2020-yil 31-dekabriga qadar, yaʼni 3 yil-u 3 oy muhlat berilgan va 2021-yil 1-yanvardan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi haqiqiy emas deb topilishi koʻrsatib oʻtildi.
Avvalgi tartibga koʻra, eski haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish uchun imtihon varaqasi, tibbiy maʼlumotnoma, pasport, eski haydovchilik guvohnomasi, uning taloni talab etilar edi.
Fuqarolarga qulaylik uchun tartib soddalashtirildi va talab etiladigan xujjatlar qisqartirildi. Haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish uchun vakolatli idora — Ichki ishlar vazirligining YHXX tuman va tumanlararo boʻlimlari.
Haydovchilarga qulay sharoit yaratish maqsadida 2018-yilning may oyidan eksperimental tartibda Davlat xizmatlari markazlarida ham soddalashtirilgan xizmat koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyildi. Bunda xizmat uchun nafaqat kelgan holda, balki onlayn shaklda ham murojaat qilish imkoni yaratildi.
Bugungi kunda respublikamiz boʻyicha haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish imkonini beruvchi 79 uskuna mavjud boʻlib, shundan 25 tasi joylardagi Davlat xizmatlari markazlarida, 54 tasi esa, IIV YHX tuman va tumanlararo boʻlinmalarida joylashtirilgan. Haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish muddati bir necha marotaba uzaytirilgan. Biroq, fuqarolarimiz tomonidan belgilangan muddatlarda hujjatlarni almashtirilmay kelinmoqda.
2021-yil oxirida Davlat xizmatlari agentligi tashabbusi bilan, “prava” almashtirish muddatini uzaytirish differensial yondashuv asosida amalga oshirildi — bundan maqsad hamma yana 2022-yil soʻnggida YHX boʻlimlari va Markazlarga kelmasdan, yil davomida bir maromda xujjat almashtirishlarini tashkillashtirish edi.
Haydovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi poytaxtda va viloyatlardagi haydovchilarimizga “soʻnggi mijozgacha” ish rejimini yoʻlga qoʻydi. Davlat xizmatlari markazlari imkon qadar koʻp fuqarolarga xizmat kursatishga astoydil intilmoqda. Maʼlumot uchun oʻrtacha bir fuqaroga xizmat koʻrsatish uchun 3 daqiqa vaqt sarflanmoqda.