Bu haqda Prezidentning 21-avgustda imzolangan qarorida belgilandi.
“Oʻzbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga koʻra, 2025-yil yakuniga qadar davlat mulkidagi futbol stadionlari va maydonlari xatlovdan oʻtkaziladi. Xatlov natijalari boʻyicha futbol stadionlari va maydonlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar 2026-yil iyuligacha “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimiga kiritiladi.
Egasi nomaʼlum stadion va maydonlarining yer uchastkalari va bino-inshootlari xatlovdan oʻtkazilib, ularga boʻlgan huquqlar belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazish taʼNminlanadi.
Kadastr agentligining axborot tizimlariga davlat mulkidagi futbol stadion va maydonlarining foydalanish maqsadlari oʻzgartirilishi hamda sotuvga chiqarilishi taqiqlanishi boʻyicha tegishli chora-tadbirlar doimiy ravishda amalga oshiriladi.
Yuqoridagi vazifalar uchun Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Kadastr agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari masʼul etib belgilandi.
2025-yil 1-oktyabrdan boshlab mahallalarda futbol maydonlarini barpo etish boʻyicha “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi joriy etiladi. Dastur doirasida mahallalardagi boʻsh turgan davlat yer uchastkalari ularning bir qismida futbol maydoni barpo etish va kamida 10-yil davomida uning foydalanish maqsadini oʻzgartirmaslik sharti bilan auksion savdolariga chiqariladi.
Elektron onlayn auksion savdolari gʻoliblariga xarid qilingan boʻsh turgan yer uchastkalarining qolgan qismidan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanish va tasarruf etish huquqi beriladi.