Bu haqda Oʻzbekiston Prezidentining Namangan shahrida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorida maʼlum qilindi.

Ushbu hujjat bilan Namangan shahrining meʼmoriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, shuningdek, shaharning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, turistik infratuzilmalarni jadal rivojlantirishni taʼminlash vazifalari tasdiqlandi.

Qarorda Namangan viloyati hokimligi huzurida “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish» direksiyasi (Direksiya) tashkil etilishi taʼkidlangan.

Davlatmiz rahbarining qaroriga muvofiq, Yangi Namangan shaharchasini barpo etish uchun Namangan shahri Davlatobod tumanining “Yuksalish” va “Orzu” mahallalari, Toʻraqoʻrgʻon tumanining “Yettikon”, “Ibrat” va “Parasmon” mahallalarining tutash hududlaridan 1203 gektar yer maydoni ajratiladi.

Yangi Namangan shaharchasi hududidagi umumiy foydalanishdagi yer uchastkalari infratuzilma obyektlari va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni barpo etish uchun Direksiyaga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi.

Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun, shu jumladan, koʻp kvartirali uylar, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini qurish uchun moʻljallangan yer uchastkalari esa belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi.

Qarorda shaharchani barpo etish maqsadida yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda toʻliq qoplanishi qayd etilgan.

Yangi Namangan shaharchasi hududida yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotishdan tushgan tushumlar Direksiyaga oʻtkaziladi va Yangi Namangan shaharchasini barpo etish ishlariga sarflanadi.

Shuningdek, hujjatda “Yangi Namangan shaharchasi” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turar joylar kompleksini barpo etish ishlarini muvofiqlashtirish va investitsiya loyihalarini koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhi tuzilishi belgilandi.

Ishchi guruh Yangi Namangan shaharchasining bosh rejasini hamda hududlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini koʻrib chiqish, shaharchani tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida barpo etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, Direksiya faoliyatini, davlat va korporativ xaridlar ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida oʻtkazilishini hamda ularning nazoratini taʼminlash va boshqa ishlarni muvofiqlashtiradi.

Qarorda, shuningdek, Yangi Namangan shaharchasini barpo etishning moliyalashtirish manbalari aniq belgilandi.