“Gidrometeorologiya” xizmati markazi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi kunlarda kuzatilayotgan davomli yogʻingarchiliklar bilan birga joriy yilning 17-20-mart kunlari respublikaning barcha mintaqalari, jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimoliy va choʻl hududlariga sovuq havo harorati (-2-6 darajadan -7-10 darajagacha) boʻlishi prognoz qilinmoqda.

Ushbu holatda qishloq xoʻjaligi ekinlariga taʼsiri va ularga qoʻllaniladigan ilmiy asoslangan agrotexnik tadbirlar quyidagilardan iborat.

Mevali bogʻlar va uzumzorlar boʻyicha:

Erta gullaydigan mevali – bodom, oʻrik daraxtlariga zarar yetkazadi, baʼzan, shaftoli, olxoʻri, olcha, gilos, yongʻoqni va kech gullaydigan daraxtlardan nok va olmada ham kuzatish mumkin.

Lekin, bugungi kunda respublikaning shimoliy hududlarida mevali bogʻlar markaziy hududlarga nisbatan 15-20 kun kech uygʻonadi yaʼni daraxtlarda kurtak, gʻuncha, gul va tugunchalar kech shakllanadi.

Bu oʻz navbatida shimoliy hududlardagi mevali bogʻlarga hech qanday salbiy tasiri boʻlmaydi.

Maʼlumot uchun: olcha, shaftoli va oʻrik gullari sovuqqa birmuncha chidamli boʻladi. Meva daraxtlarining gullarini 2-3 0S haroratda 5 soat davomida sovuqqa qoldirilganda ularning nobud boʻlishi quyidagicha boʻlgan:

Xitoy xurmosi (unabi), xurmo, yongʻoq va doʻlana – 100%, oʻrik, togʻolcha va behi – 94-96%, olcha va olma 89-90%, olxoʻri – 77%, shaftoli -70% va nok – 65 %.

Nok, olxoʻri, olma va yongʻoq gullari qisqa muddatli – 2,2-2,8 oS, oʻrik – 4 0S, shaftoli, bodom – 4,5 0S haroratga bardosh beradi.

Mevali daraxtlar gullarining ayrim qismlari past haroratga chidamliligi turlicha boʻladi. Gulning genitseyi (urugʻchi va ogʻizchali tugunchasi) sovuqqa juda taʼsirchan boʻladi. Baʼzan tugunchalar harorat - 1 0S dan pasayganda ham zararlanadi.

Togʻolcha, nok, olma va olxoʻrining tugunchasi past haroratlarga birmuncha chidamli boʻladi. Changchi tugunchalarga nisbatan ancha past haroratga ham chidaydi. Masalan, gul changi, hatto -20 0S haroratda ham unuvchanligini saqlaydi.

Ob-havodagi ushbu oʻzgarishlarning mevali bogʻ va uzumzorlar salbiy taʼsirini oldini olish va gullagan daraxtlarni himoyalash maqsadida quyidagi tadbirlarni zudlik bilan amalga oshirish lozim:

mevali bogʻ-tokzorlarning qator oralaridan sugʻorish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqiziladi, qator oralariga goʻng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini toʻplab, ular tutatiladi. Buning uchun bogʻ va tokzorlarga bir tekisda eni 1,25-1,5 m balandligi 0,5-0,75 m dan toʻp-toʻp qilib uyum qoʻyiladi.

daraxtlarning yoshi va qalin siyrakligiga qarab har bir gektarda 100-200 ta uyum hosil qilish kerak. Tutun bogʻ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlar bogʻning shamol esadigan tomoniga qoʻyiladi havo harorati kuzatib boriladi.

havo ochiq boʻlib, harorat +1 0S ga tushishi bilan uyumlar tutatiladi. Bunda uyumlarning alangalanmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish lozim. Sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlar oralatib tutatiladi. Agar sovuq boʻlmasa uyumlar oʻgʻit sifatida foydalaniladi.

Bogʻ va uzumzorlarda zamburugʻ va bakteriya mikrorganizmlari qoʻzgʻatadigan kasalliklarni oldini olish uchun profilaktik tarzda biologik va kimyoviy preparatlar bilan ishlov berish hamda belgilangan agrotexnik tadbirlarni sifatli oʻtkazish tavsiya etiladi.

Gʻallachilik boʻyicha: joriy yilda respublika hududlarida 1032 ming gektar maydonlarda kuzgi boshoqli don ekinlari parvarishlanmoqda. Bugungi kunda 893 ming gektarda (86%) tuplash va 139 ming gektarda (13,5%) naychalash fazalarida rivojlanmoqda.

Joriy yilda hududlarda ekilgan bugʻdoyning kuz va qish oylarida tuplash fazasida 17-21 darajagacha sovuqqa chidamli navlari ekilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimoliy hududlarida bugungi kunda kuzgi bugʻdoy tuplash fazasida rivojlanayotganligi sababli ushbu sovuq harorat hech qanday salbiy taʼsirini koʻrsatmaydi.

Lekin, kuzgi bugʻdoy tinim davridan keyin erta bahorda uygʻonish davrida (+50S yuqori boʻlganda) jadal rivojlanib, tuplash fazasi davom etadi. Ushbu davrda kutilmagan qisqa muddatli -5-60S sovuq havo harorati bugʻdoy maysalarini 5-8 kungacha oʻsishini susaytirib, rivojdan orqada (stress holatiga tushishi) qolishi mumkin.

Buning uchun quyidagi agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etiladi:

sovuq tushgan hududlarda birinchi navbatda gʻalla maydonlariga mahalliy oʻgʻit chiqarish va sharbat usulida sugʻorish ishlarini tashkil etish;

gʻalla maydonlarida azotli mineral oʻgʻitlar bilan qoʻshimcha meʼyorda (fizik holda 100-150 kg/ga) oziqlantirish;

makro va mikro elementlar bilan boyitilgan biostumliyatorlar bilan barg orqali suspenziya usulida oziqlantirish ishlarini yoʻlga qoʻyish yaxshi samara beradi.

Paxtachilikda: mart oyining birinchi oʻn besh kunligida kuzatilgan surunkali yogʻingarchiliklar chigit ekiladigan maydonlarda erta bahorgi agrotexnik tadbirlar (yer tekislash, boronalash, mola bosish va pushta olish) va chigit ekish ishlarini erta muddatlarda amalga oshirishni bir muncha kechiktirmoqda.

Shu bois, respublikamiz hududlarida chigit ekishga hali kirishilmaganligi sababli kirib kelayotgan sovuq havo oqimining salbiy taʼsiri kuzatilmaydi.

Xususan, kuzda shudgor qilib qoʻyilgan maydonlarda tuproqda tirik holda qishlab, ayni damlarda uygʻongan zararli hasharotlar gʻumbaklari sovuq taʼsirida nobud boʻlib, oʻsuv davrida gʻoʻzaga zararini kamaytiradi.

Shundan kelib chiqib, paxta-toʻqimachilik kalsterlari va fermer xoʻjaliklari ushbu ketma-ket yogʻingarchilik va sovuqli kunlar oʻtishi bilan darhol, chigit ekish ishlarini boshlab yuborishlari va mavsumni qisqa muddatlarda 10-12 kunda sifatli yakunlash choralarini koʻrish tavsiya etiladi.

Buning uchun mavsumda qatnashadigan qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarini ishchi holatga keltirish va ularni otryad usulida ishlatish, mineral oʻgʻitlar, YOMM zahirasini yaratish, urugʻlik chigitni shaxobchalarga chiqarish va chigit ivitadigan handaklarni tayyorlash ishlariga alohida eʼtibor qaratishlari lozim boʻladi.