Debyutant rejissyorlarning filmlari suratga olinadi

    Madaniyat 25 May 2021 973

    Kinematografiya agentligi tashabbusi bilan bu yili ikkinchi marotaba oʻtkazilayotgan “Debyut start-2021” qisqa metrajli filmlar festivalida yosh rejissyorlarning filmlari grant asosida suratga olinadi.

    Mazkur festivalning asosiy sharti postanovkachi rejissyor debyutant boʻlib, “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasi asosida film suratga oladi.

    Unda 100 ga yaqin topshirilgan ssenariylardan 40 tasi saralab olingan va qayta ishlashga topshirilgan edi. Mazkur ssenariylarning oxirgi variantlari qabul qilinib, 15 ta eng sara gʻoliblarga maxsus sertifikatlar taqdim etildi.

    Ular “Hali urush tugamadi” (D.Qosimova), “Soddadil” (A.Nurmatov), “Devor” (S.Mahmudov), “Pari” (T.Murodov), “Jurʼat” (M.Turdiyev), “Ertaga maktab” (A.Haydarov), “Hamroh” (M.Nurmuhammedova), “Sharpa” (A.Joʻrayev), “Yordam” (S.Jumayev), “Soʻnggi dars” (J.Karimov), “Qovoq mening jonu dilim” (A.Nazarov), “Palto” (Sh.Tuyunova), “Montaj” (D.Usmonov), “Sanʼat” (F.Tursunxoʻjayeva), “Skripka” (A.Hamroqulov).

    Ayni kunlarda “Sharpa”, “Hamroh” loyihalarining suratga olish ishlari uchun tayyorgarlik ishlari boshlandi. Asosan yosh kinoijodkorlardan tarkib topgan guruhlar “Yoshlik” kinostudiyasi laboratoriyasida muhokama jarayonlari boʻlib oʻtmoqda.

    Mazkur kinoalmanaxga oʻn oltinchi boʻlib “Olimpiada” (U.Roʻzimov) ko-produksiya loyihasi ham qoʻshilgan.

    Yosh kinoijodkorlarning barcha loyihalariga mahoratli va tajribali kinoijodkorlar birlashtirilib, ijodiy jamoa bilan birga ishlashadi va davlat granti asosida qisqa metrajli filmlar suratga olinadi, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.