Tadbirda doʻstlik jamiyati raisi Anil Shastri, mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov va doʻstlik jamiyati aʼzolari ishtirok etdi.
Yigʻilish chogʻida doʻstlik jamiyati tomonidan olib borilayotgan joriy faoliyat hamda 2022-yil davomida koʻzda tutilgan ishlar va tadbirlarning rejasi atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, Dilshod Ahatov joriy yil fevral oyida Lal Bahodur Shastri nomidagi Menejment institutida oʻzbekistonlik yoshlar uchun AKT yoʻnalishida bepul onlayn oʻquv kurslari tashkil etilganligi munosabati bilan doʻstlik jamiyatining raisi va mazkur oliy oʻquv yurtining rahbari Anil Shastriga alohida minnatdorlik bildirdi. Taʼlim, fan va madaniyat yoʻnalishlaridagi bunday amaliy tashabbuslar Hindiston-Oʻzbekiston doʻstlik jamiyati faoliyatida muhim oʻrin tutishi taʼkidlandi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan hamda “Navroʻz” umumxalq bayramining nishonlanishi doirasidagi qoʻshma tadbirlarning tashkiliy jihatlari yuzasidan ham fikr almashildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Hindistondagi tegishli oliy taʼlim muassasalarining professor va talabalarini almashuvini tashkil qilish orqali amaliy aloqalarni oʻrnatish, tarix va umumiy qadriyatlarimizga aloqador boʻlgan asarlarni oʻzbek, hind va ingliz tillariga tarjima qilish boʻyicha takliflar muhokama qilindi. Bu borada Anil Shastri oʻzbekistonlik tadqiqotchi, olimlardan iborat delegatsiyaning Hindistonga tashrifini tashkil qilishga tayyor ekanini bildirdi.