Dehlida Oʻzbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari taqdim etildi

    Biznes 27 Fevral 2023 1118

    Dehlida “Global India Business Forum” (GIBF) kompaniyasi tomonidan Markaziy Osiyo, Karib havzasi va Afrika mamlakatlarida biznes yuritish istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro biznes-forum tashkil etildi.

    Tadbirda elchi Dilshod Axatov Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, respublika iqtisodiyoti va eksport salohiyati, turizm sohasidagi keng imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Shuningdek, xorijlik investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, xususan, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati, malakali ishchi kuchi va boy xom-ashyo resurslari, sanoat asbob-uskunalarini mamlakatga olib kirishda boj toʻlovlari uchun berilayotgan preferensiyalar, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga sarmoya kiritishdagi boshqa imtiyozlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

    Oʻzbekistonda turli yoʻnalishlarda, jumladan, farmatsevtika, sogʻliqni saqlash, AKT, taʼlim, turizm va boshqa ustuvor sohalarda oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalar uchun yaratilgan imkoniyatlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

    Mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlarida hind kompaniyalari ishtiroki oʻsib borayotgani, qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq etish istagida boʻlgan yangi sarmoyadorlarning safi kengayayotgani alohida qayd etildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda hindistonlik tadbirkorlar bilan bilan hamkorlikda 400 dan ortiq korxona faoliyat yurityapti, ularning 260 tasi yuz foiz xorij kapitali asosida tashkil etilgan.

    2016-yilda tashkil etilgan “Global India Business Forum” turli mamlakatlar ishbilarmonlarini bir maydonchada birlashtirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Jadal rivojlanayotgan kompaniyalardan biri hisoblanadigan “Global India Business Forum” bugungi kunda Hindistonning 8 ta yirik shtatida, shuningdek, AQSH, BAA, Buyuk Britaniya, Singapur va Xitoyda oʻz vakolatxonalariga ega, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Eslatib oʻtamiz: GIBF bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Hindiston-Oʻzbekiston biznes va madaniyat kengashi” onlayn-platformasida hind ishbilarmonlari va boshqa soha vakillariga mamlakatimiz bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida muntazam ravishda maʼlumotlar taqdim etilyapti.