Surxondaryodagi Sopollitepada son-sanoqsiz boshoqli ekinlar donlari (bugʻdoy, arpa, noʻxat, tariq va boshqalar)ning topilishi yurtimiz zaminini ularning vatani ekanligini namoyon etadi. Ana shunday ilmiy dalillar xalqimiz bugʻdoy va nonni eʼzozlashi moziyning eng chuqur qatlamlaridan ildiz otib va boyib kelganligini koʻrsatadi.
Foydali xususiyatiga koʻra, gʻallani yoshlik eliksiri deyishlari ham bejiz emas. Tarkibidagi vitamin va minerallar moddalar organizmni tetiklashtirib, hayotiy quvvatini oshiradi, umrni uzaytiradi. Hamma zamonlarda ham bugʻdoy tiriklik manbai, undan tayyorlangan non qiyosi yoʻq neʼmat sanalgan va shunday boʻlib qolmoqda.
ISLOHOTLARNING MUHIM BOSQICHI
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 6-martdagi “Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori fermer va dehqon xoʻjaliklari azaliy orzusining ijobati, sohada tub burilishni boshlab berdi desak, hech bir mubologʻa boʻlmaydi.
Qarorda 2020-yil hosilidan boshlab, davlat xaridi uchun tovar don sotish miqdori 25 foizga kamaytirildi yoki har bir boshoqli don yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining oʻzlarida qoldiriladigan boʻlindi. 2021-yil hosilidan boshlab davlat tomonidan gʻallaga xarid narxini belgilash va davlat xarididan toʻliq voz kechishga kirishildi...
Bu islohotlarga puxta tayyorgarlik koʻrilib, barcha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinyotganini koʻrsatadi. Oʻtgan yili gʻallakorlarimiz 7,4 million tonnaga yaqin don xirmoni koʻtarib, koʻplab fermer xoʻjaliklarining hosildorligi 100 sentnerni tashkil etdi.
Maʼlumki, bugungi kunda sayyoramizning turli nuqtalarida davom etayotgan tahlikalar, qurgʻoqchilik, iqlim oʻzgarishi va boshqa omillar sabab insoniyat oziq-ovqat va don taqchilligi tahdidi qarshisida qoldi.
— Prezident huzurida gʻallachilikdagi islohotlarning eng muhim bosqichiga bagʻishlangan yigʻilishda yana bir bor bu masalaga eʼtibor qaratilgani bejiz emas, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi Dilrabo Xolboyeva. — Davlatimiz rahbari har doimgidek, xalq tashvishida. Dunyo qanchalar beqaror boʻlib turganini koʻrib bilib turibmiz.
Jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori surʼatlar bilan oʻsmoqda. Bugungi kunda xalqaro birjalarda 1 tonna bugʻdoy 400 dollardan sotilmoqda va yil boshiga nisbatan 30 foizga oshdi. Osiyo, Yaqin Sharqdagi koʻplab davlatlar, xususan, Eron, Turkiya, Bangladeshda gʻalla narxi keskin koʻtarildi.
Bunday vaziyatda yurtimizda narx-navoning oshib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, xalqimizning ijtimoiy himoyasini taʼminlash ustuvor vazifaga aylanmoqda. Xoʻsh, bunday vaziyatda qanday yoʻl tutilyapti?
Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, narx-navo barqarorligini taʼminlashning yagona toʻgʻri yoʻli bu — fermerlar manfaatdorligini taʼminlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni koʻpaytirish hisoblanadi. Buning uchun gʻallachilikda bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etish zarur. Bu orqali oʻsish boʻladi, raqobat yuzaga keladi. Sohada xususiy sektorga keng yoʻl ochilgani tufayli uning ulushi tobora ortib borayotir. Xususan, soʻnggi uch yilda hududlarda quvvati qariyb 3 million tonna boʻlgan 160 dan ortiq yirik xususiy don korxonalari ish boshladi. Natijada oʻtgan yilda respublika boʻyicha qariyb 3,5 million tonna un ishlab chiqarilgan, shundan 54 foizi xususiy don korxonalari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Afsuski, bu muammolar yoʻq, degani emas. Bugungi kunda “Oʻzdonmahsulot” kompaniyasi tarkibidagi 43 ta don korxonalari yangi bozor sharoitlarida samarali ishlashga tayyor emas. Chunki shu paytgacha kompaniya tarkibidagi don korxonalari fermerlardan tayyor bugʻdoyni qabul qilib, uni qayta ishlash bilan shugʻullanib kelgan. Oqibatda, ularning un ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi oʻrtacha 60 foizdan oshmaydi. Buning ustiga, ishlar samarasiz yoʻlga qoʻyilgani oqibatida “Oʻzdonmahsulot” korxonalarining Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi oldidagi qarzi 1,8 trillion soʻmni tashkil etib, shundan 1,1 trillion soʻmi umidsiz qarz hisoblanadi.
BIZ KUTGAN KUNLAR YETIB KELDI
Ochigʻi, davlat don korxonalaridagi ayni paytdagi eskicha tizim gʻalla yetishtiruvchiga ham, qayta ishlovchilarga ham foyda keltirmay kelayotgan edi. Shu bois bundan uch yil oldin don yetishtirishda davlat buyurtmasini bosqichma-bosqich bekor qilish va haqiqiy gʻalla bozorini yaratishga oʻtish vazifasi eʼlon qilingan edi.
— Mana endilikda biz fermer-dehqonlar kutib kelayotgan kunlar boshlanishi arafasida turibmiz, — deydi Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Ishbilarmon Elyor Chimqoʻrgʻon” fermer xoʻjaligi rahbari Elyor Abdugʻaniyev. Prezidentimizning videoselektor yigʻilishida qanchalik qiyin boʻlmasin, 1-iyundan boshlab gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtamiz, degan soʻzlari bizga qanot bagʻishladi. Endilikda bizning oʻzimiz klasterlar bilan hamkorlikda yetishtirgan gʻallamizni birja savdolariga olib chiqish uchun barcha sharoitlar yaratiladi.
Toʻgʻri, ayni paytda birja savdolarida qatnashishda bilim malakamiz kamlik qilishi mumkin. Lekin bu muammoni hal etish yoʻli ham koʻrsatib berildi. Mutasaddilarga ikki hafta muddatda bugʻdoy yetishtiruvchi fermer va klasterlarni birjadan roʻyxatdan oʻtkazish hamda brokerlarni biriktirib, oʻqitishni tashkil qilish topshirildi.
Aytish joiz, 20 gektar gʻallazorimizda bugun hosil choʻgʻi baland. Yerlarimiz boniteti past maydonlarda joylashganiga qaramay, gektar boshiga kamida 50 sentnerdan xirmon koʻtarishni moʻljallab turibmiz. Bu yuz tonnadan ortiq gʻalla hosili degani. Klaster bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, uning teng yarmi oʻzimizda qoladi. Yangi belgilanayotgan tamoilga koʻra, uning ham muayyan qismini birjada oʻzimizga qulay narxlarda sotishimiz mumkin.
— Bizni, ayniqsa, Prezidentimizning davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bugʻdoy narxi oʻtgan yildagi 1 million 550 ming soʻmdan joriy yil hosili uchun 3 million soʻmga, yaʼni 2 baravarga oshirilishi maʼlum qilingani behad mamnun etdi, — deydi Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi “Dexqon zamini” fermer xoʻjaligi rahbari Naziraxon Ibrohimova. — Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bugʻdoy ehtiyojga qarab oyma-oy birjaga chiqarilishi, birjada shakllangan oʻrtacha narxlardan kelib chiqib, fermerlarga oʻrtadagi ijobiy farq ham toʻlab berilishi yuzasidan koʻrsatmalar berildi. Misol uchun, avgust oyida 1 tonna gʻallaning birja narxi 3,5 million soʻm boʻlsa, fermerga yana 500 ming soʻm toʻlab beriladi. Bu maqsadlar uchun joriy yilda davlatdan 6 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratiladi.
— Yana bir ahamiyatli jihati, fermerlar 2022-yil bugʻdoy hosili uchun birja toʻlovlaridan ozod qilinadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi aʼzosi Dilrabo Xolboyeva. — Joriy yil jami gʻalla hosili uchun 7,6 trillion soʻm ajratiladi. Yangi tizimni toʻlaqonli, adolatli va ochiq-oshkora ishlab ketishi, har bir soʻm fermer va klasterga oʻz vaqtida, toʻliq yetib borishi, narx-navoni oʻsishi va taqchillikni oldini olish boʻyicha “kunbay” nazorat tizimi joriy qilinadi. Buning uchun Bosh prokuror boshchiligida Respublika shtabi tashkil etiladi. Hududiy shtablarga viloyat hokimlari va prokurorlari rahbarlik qiladi.
Bugʻdoyning haqiqiy egasi bu – fermer va klasterlar. Shuning uchun, bundan buyon tumanda reja bajarilmayapti, chorva, parranda yoki baliqchilikka ozuqa-yem kerak, degan vajlar bilan fermerlar gʻallasini olib qoʻyish qatʼiyan taqiqlanadigan boʻldi. Bundan tashqari, birja orqali sotilgan bugʻdoyga hududlararo cheklov qoʻyilmaydi. Masalan, qaysi hududdagi korxona birjada yutib olsa, hech qanday toʻsiqlarsiz gʻallani olib ketishi mumkin. Bosh prokuror, viloyat, tuman va shahar prokurorlari bu masalani shaxsan nazoratiga olib, fermerni norozi qilgan rahbarlarga qatʼiy choralar koʻriladi.
Shu kunlarga yetib kelayotganimizga shukr. Chunki, gʻallachilik sohasiga bozor tamoillari toʻla kuirib kelyapti. Agar yermer birjaga chiqib, oʻzi gʻallasini mustaqil sotsa, uning daromadi oshadi, oʻz mehnati natijasidan koʻngli toʻladi. Tabiiyki, bundan uning ham, elning ham dasturxoni yanada toʻkin boʻladi.
Abdurauf QORJOVOV,
iqtisodiy sharhlovchi