Aholi tomorqasida yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari xorijga eksport qilinishiga ham shu tamoyil keng yoʻl ochmoqda.
Angor tumanidagi Bahor mahallasining asosiy drayveri dehqonchilik. 300 gektardan ortiq aholi tomorqasida karam, sarimsoqpiyoz, daykon, rediska va sholgʻom, lavlagi kabilar ekiladi. Birgina 2022-yilda mahalla dehqonlari tomonidan 92 milliard soʻmlik 28 ming tonna mahsulot yetishtirib, 20 ming tonnasi eksportga chiqarilgan. Mahalladagi hokim yordamchisining aytishicha, joriy yilda 35 ming tonna mahsulot yetishtirish rejalashtirilgan.
Kafolatli bozor taʼminlansa, mirishkor mehnatdan qochmaydi
— Mahallamizda logistika markazi va xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan, — deydi Bahor mahallasidagi hokim yordamchisi Hamid Muhammadiyev. — “Surxon golden trade” MCHJning logistika markazida 10 ming tonnagacha meva-sabzavotni saqlash quvvatiga ega muzlatkich ombor mavjud. Dehqonlar yetishtirgan mahsulot mavsumning oʻzidayoq eksportga yoʻnaltirilmasa, maxsus xonalarda sifatli holda saqlanadi. Jamiyatda xizmat koʻrsatish ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, aholidan mahsulotlar yigʻib olinib, yurtimiz va jahon bozorlariga olib chiqish uchun tayyorlanadi. Logistika markazida 400 dan ortiq kishi ish bilan taʼminlangan. Mirishkorlarimiz yetishtirayotgan mahsulot uchun aniq va kafolatlangan bozor mavjud. Shuning uchun mahalla ahli mehnatkash. Ular uchun kafolatli bozor taʼminlansa, har qanday “injiq” ekin, tuproq bilan til topisha oladi.
Prezidentimizning 2021-yil 15-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada mahsulot ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, xizmat koʻrsatish va sotish (eksport qilish) jarayonlarini oʻzaro integratsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Hujjatga koʻra, joriy yil 1-yanvardan boshlab Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tijorat banklari orqali fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirish uchun kreditlar ajratish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, qarorda meva-sabzavotni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishda talab etiladigan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun revolver kredit ajratilishi ham belgilab qoʻyilgan. Soha vakillari uchun yaratilayotgan bu kabi imkoniyatlar ularni yerdan yanada samarali foydalanish, salmoqli va sifatli hosil olish orqali koʻproq daromad topishga undamoqda.
Bir mavsumda 80 milliongacha daromad
Mahallada yashovchi Gulxol Ravshanovaga qarashli 20 sotix tomorqada iyun oyi boshida 20 mingga yaqin karam niholi ekilgan. Sentyabr oyiga kelib bir dona karam 3 kilogrammgacha tosh bosadi.
Asosiy vaqti nihol parvarishlash bilan oʻtadigan dehqon opaning turmushi, oʻy-fikrlari yerga bogʻlangan. Suhbat chogʻida mirishkor oila farovonligi, dasturxon toʻkinligi va roʻzgʻor kam-koʻstini toʻldirishda tomorqadan olinayotgan daromadning oʻrni beqiyosligi, dehqonning xazinasi yer ekanini koʻp taʼkidladi. Gulxol opaning soʻzlarini tinglab, u dehqon oilasida katta boʻlgan, yoshligidan yer bilan tillashish hadisini olgan, degan xayolga bordik. Unday emas ekan.
— Asl kasbim — oʻqituvchi. Hozir nafaqadaman. Qoʻshni tumandan kelin boʻlib tushganman. Ziyoli oilada katta boʻlganman. Tomorqamiz kichkina edi. Dehqonchilik bilan shugʻullanmasdik. Bu yerga kelgach, mahalla ahli yetishtirayotgan ekinlar, olayotgan hosilni koʻrib, dehqonchilikka mehrim oshgan. Tomorqadan qoʻshimcha daromad olish istagi paydo boʻlgan. Qoʻni-qoʻshni, mahalla ahlidan mirishkorlik sabogʻini olib, ish boshlab yuborganman. Bir mavsumning oʻzida 80 milliongacha daromad olamiz. Mahallamizda logistika markazi bor. Mahsulotlarimiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijga eksport qilinmoqda. Avvallari sabzavot moʻl va bozorbop boʻlsa ham tumanimiz bozoridan chetga chiqishga qoʻrqar edik. Hozir esa oddiy qishloq dehqoni yetishtirgan mahsulot jahon bozorlariga kirib bormoqda. — deydi G.Ravshanova.
Ekin yetishtirsam, zavq olaman
Mahallaning yana bir mirishkori Panji Iskandarov har mavsumda 100 million soʻmgacha daromad koʻradi. Yoshi ulugʻ bu otaxon mehnatkashlikda bolalariyu nevaralariga oʻrnak.
— 65 sotix yerga karam, lavlagi va daykonning turli navlarini ekkanmiz. — deydi bobo. — Har mavsumda 20 tonnagacha mahsulot yetishtiramiz. Ekinlarimga qarasam, bor charchogʻimni unutaman. Tomorqangiz yashillikka burkanib, koʻzni quvontirib tursa yaxshi-da. Baʼzan bolalarim “boʻldi endi, dam oling, ketmonu belkurak koʻtarib yurishni bas qiling, biror yeringiz ogʻrib qoladi”, deyishadi. Yoʻq, men uyda bekor oʻtirsam, sogʻligʻimni yoʻqotaman. Ekin yetishtirsam, zavq olaman, hosilga kirgani sayin mehnatga ishtiyoqim yanada ortaveradi. Yerdan samarali foydalanayotgan hech bir mahalladoshimiz kam boʻlayotgani yoʻq: uy qurib, toʻylar qilyapti, mashina olyapti, farzandlarini oʻqityapti. Xullas, dehqonchilik ortidan orzulari roʻyobga chiqmoqda.
Butun dunyoda aholini oziq-ovqat bilan taʼminlash eng dolzarb masala boʻlib turgan bir paytda tomorqadan unumli foydalanish — munosib yechim. Qolaversa, bizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqat mahsulotlariga sarflanadi. Qishloq xoʻjaligidagi hosildorlik elimiz dasturxoni toʻkin boʻlishini taʼminlaydi. Demak, sohada yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mahsulot yetishtirish mahalladan jahon bozorlari sari yoʻl ochish katta samara beradi.
Bozorga bir mahsulotni vaqtida, xaridor talabiga mos holda olib chiqish uchun shunchaki mehnatning oʻzi kamlik qiladi. Ekin parvarishi uchun ham izlanish kerak. Mahalla ahli ana shu izlanishdan qochmaydi. Bu borada hudud aholisining bir turdagi mahsulot yetishtirishi qoʻl keladi. Boisi, ular bir-biriga maslahatgoʻy, toʻgʻri yoʻl koʻrsatuvchi, shu bilan birga, raqobatchi ham boʻladi. Mana shu jihatlar ularni doim harakatda boʻlishga, yilda uch bor hosil olishga undaydi.
Feruza JOʻRAYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri