Qayd etilishicha, Duob oʻrmon boʻlimi 4 sarhad hududida fuqaro K.M. tomonidan 3 dona Zarafshon archa daraxtlari tag qismidan oʻsishdan toʻxtash darajasida kesib tashlanganligi aniqlangan va fuqaroga nisbatan jarima qoʻllanilib, Oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan 51 million 810 ming soʻm zarar hisoblangan, Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudiga daʼvo arizasi kiritilgan va sudning hal qiluv qarori chiqarilgan.
Shuningdek, Duob oʻrmon boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlagan Z.B. hamda 4 sarhad oʻrmon qoʻriqchisi vazifasida ishlagan H.E.ga oʻz lavozim vazifasiga loqaydlik bilan qaraganligi uchun maʼmuriy jarima qoʻllanilgan.
Bundan tashqari, shu hududda Zarafshon archa daraxtlarining 38 donasi nomaʼlum shaxslar tomonidan tag qismidan va yon shoxlari kesilganligi aniqlanib, oʻrmon qoʻriqchisi H.E.ga takroriy maʼmuriy jarima qoʻllanilib, oʻrmon xoʻjaligiga 94 million 387 ming 500 soʻm zarar yetkazilganligi hisoblangan va Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritilgan.
Bundan tashqari, Duob oʻrmon boʻlimi 3 sarhad hududida ham nomaʼlum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda 6 dona Zarafshon archa daraxtlari oʻsishdan toʻxtash darajasida tag qismidan va oʻsishdan toʻxtamaslik darajasida kesib ketilganligi aniqlangan. Hudud oʻrmon qoʻriqchisi R.B.ga nisbatan maʼmuriy chora qoʻllanilib, oʻrmon xoʻjaligiga yetkazilgan 41 million 400 ming soʻm zarar yetkazganligi maʼlum boʻlgan va hujjatlar sudga yuborilgan.
Qolaversa, aynan mazkur hududda fuqaro H.A. tomonidan 8 dona (zarar miqdori 25 million 387 ming 500 soʻm) Zarafshon archasi tag qismidan va yon shoxlari kesilayotganligi aniqlangan va maʼmuriy jarima qoʻllanilib, hujjatlar Fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻuzor tumanlararo sudiga yuborilgan.
Shu bilan birga, nomaʼlum shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda 49 dona Zarafshon archa daraxti oʻsishdan toʻxtash darajasida tag qismidan va yon shoxlari oʻsishdan toʻxtamaslik darajasida kesib ketilgan. Natijada oʻrmon xoʻjaligiga 176 million 587 ming 500 soʻm zarar yetkazilgan va zararni undirish uchun hujjatlar Dehqonobod tuman prokuraturasiga oʻtkazilgan.
Duob oʻrmon boʻlimi hududida jami 104 dona Zarafshon archa daraxti tag qismidan kesilgan va oʻsishdan toʻxtamas darajada shikastlantirilgan.
Holatlar yuzasidan oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan maʼsul shaxslarga, huquqbuzarlarga nisbatan chora belgilash masalalari koʻrib chiqilmoqda.