Tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari tobora kengayib, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksalayotgan, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshib borayotgan, shuningdek, mamlakatimizning saylov tizimini modernizatsiya qilish ishlari jadallashgan davrda amalga oshirilayapti. Mana shunday sharoitda

Ommaviy axborot vositalarining saylovlarni yoritishdagi oʻrni beqiyosdir. Xolis, tezkor va albatta ishonchli axborot tarqatish zamonimizning eng dolzarb talablaridan biridir.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 76-sessiyasida BMT Bosh Kotibi Antoniu Guterrish janoblari ham axborot tarqatish masalalariga jiddiy diqqat eʼtibor qaratib, yolgʻon xabarlar tarqatish bu jamiyatlar va davlatlarni bir biridan ajratuvchi global muammo ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Axborot xavfsizligi va rostni yolgʻondan ajratish bugungi axborot jamiyatining asosiy muammolaridan biridir. Axborot tarqatishda eng avvalo jurnalistlar asosiy vazifani bajaradi. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamkorlikda “Ommaviy axborot vositalarida saylovlarni samarali yoritish” mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarini yorituvchi jurnalistlar uchun seminar-trening tashkillashtirildi.

Seminar-treningda Toshkent shahri, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan tele, radio, bosma hamda internet nashrlarining  jurnalistlari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizomxoʻjayev soʻz olib, seminar-trening ishtirokchilarini samimiy qutladi hamda mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar bilan batafsil tanishtirib oʻtdi.

Shundan soʻng, BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovskaya soʻzga chiqib, global axborot asrida jurnalistlarning oʻrni va roli haqida fikr bildirdi.  Oʻzbekistondagi Shveysariya elchixonasining siyosiy-iqtisodiy masalalar boʻyicha bosh xizmatchisi Dilfuza Qurolova bugungi kun Oʻzbekiston jurnalistikasi haqida oʻz qarashlarini bayon etdi.

Trening davomida MSK Raisi Z. Nizomxoʻjayev “Oʻzbekiston Respublikasi saylov qonunchiligi: yangiliklar, muhim jihatlar alohida eʼtibor qaratilishi lozim  boʻlgan holatlar” mavzusida maʼruza soʻzladi. Trening qizgʻin bahs-munozaralar shaklida boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga  Markaziy saylov komissiyasi Raisi, milliy va xalqaro ekspertlardan  javob olishga muvaffaq boʻldi.

Kun davomida xorijiy hamda mahalliy ekspertlar Ivan Godarskiy, Beruniy Alimov, Gulmira Shukurovalar trening ishtirokchilariga saylov jarayonlarini yoritish xususida oʻz bilimlarini ulashdilar. Trening soʻngida ishtirokchilarga sertifikatlar berildi.

 Bahor XIDIROVA,
  “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri