Dekabr` oyida o'tayotgan yil natijalarini sarhisob qilish, amalga oshirilgan ishlarni tahlil qilish, yangi maqsadlarni belgilab olish odat tusiga kirgan. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan islohotlar 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. O'tgan davr mobaynida mamlakatimiz inson huquqlarini himoya qilish, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek, ta'lim, sog'liqni saqlash, madaniyat va innovatsiyalar sohasida salmoqli natijalarga erishdi. Muxtasar aytganda, barcha tarmoqlarda milliy manfaatlar va xalq fikrini inobatga olgan holda izchil o'zgarishlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish jarayonida davlat hokimiyati organlarining faoliyati qayta ko'rib chiqildi. Qonun hujjatlariga mahalliy ijro etuvchi organlar faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirish to'g'risidagi tegishli o'zgartishlar kiritildi. Manfaatlar to'qnashuvining oldini olish, mahalliy hokimiyat organlarining aniq ko'rsatkichlar bo'yicha faoliyatini baholash choralari ko'rildi. Jumladan, Prezidenimizt SHavkat Mirziyoev davlat rahbari lavozimiga kirishganidan buyon 90 dan ortiq davlat muassasasi, jumladan, Transport, Qurilish, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish xo'jaligi, Maktabgacha ta'lim, Innovatsion rivojlanish, energetika vazirliklari tashkil etildi va isloh qilindi. Davlat xizmatlarini rivojlantirish, YOshlar ishlari, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentliklari ish boshladi.
“Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”
Tubdan modernizatsiyalash haqida gapirganda, demokratlashtirish va fuqarolar huquqlarini himoya qilish sohasidagi yutuqlarni alohida tilga olish joiz. Bugungi kunda aholi va jahon hamjamiyatini islohotlarning borishi to'g'risida keng xabardor etish, ularning ijrosi ustidan parlament nazorati bilan bir qatorda jamoatchilik nazoratini o'rnatish ham muhim ahamiyatga ega. Fuqarolarning davlat va jamiyatni rivojlantirish jarayonlarida faol ishtirok etishi o'zgarishlar samaradorligining garovi bo'lmoqda. SHunday qilib, Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida jamoatchilik murojaatlari institutini rivojlantirish boshlandi. So'nggi to'rt yil mobaynida ushbu noyob mexanizm orqali fuqarolardan turli yo'nalishlar bo'yicha 3,7 milliondan ortiq murojaat qabul qilindi. Prezidentimizning joylardagi Xalq qabulxonalari aholi muammolarini hal etishning faol tizimiga o'tdi, hududlarda ham shunday o'zaro hamkorlikdagi harakatlar kuchaytirilmoqda.
Joriy yilda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilindi va uni amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi” tasdiqlandi. Xalqaro ekspertlar, xorijiy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida har ikki yilda bir marta inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumini o'tkazishga kelishib olindi. 2020 yil 13 oktyabrda O'zbekiston tarixda birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi etib saylandi. 169 mamlakat respublikamizga ovoz berdi. Ayni paytda mamlakatimiz inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro shartnomaga, jumladan, BMTning oltita asosiy shartnomasi va to'rtta fakul`tativ protokoliga a'zo.
Davlat qurilishi sohasidagi tarkibiy o'zgarishlar Prezidentimizning uzoqni ko'zlab amalga oshirayotgan siyosati samarasidir. Davlatimiz rahbari faoliyatining birinchi kunlaridan boshlab “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak”, deya ta'kidladi. Mamlakat rahbari mansabdorlarni ochiqlikka, fuqarolar bilan hamkorlik qilishga va yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilishda ularni qo'llab-quvvatlashga chaqirdi. Zero, demokratlashtirish sharoitida davlat organlari faoliyatining shaffofligi zarur bo'lib, bu kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va qurishning eng muhim shartidir. Hokimiyat vakillarining aholi bilan muloqoti fuqarolarning ertangi kunga bo'lgan ishonchini shakllantirishga yordam beradi, ularning manfaatlari hamma narsadan ustun ekanini asoslaydi va bunga ishontiradi.
Demokratiyaning muhim ramzi hisoblangan so'z erkinligini ta'minlash borasida qo'yilgan jiddiy qadamlar haqida ham to'xtalib o'tish lozim. Jumladan, 2015 yilda O'zbekistonda 1400 dan ortiq ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritgan bo'lsa, 2020 yilga kelib ular soni qariyb 1800 taga etdi. Bundan tashqari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari va tashkilotlarda olti yuzga yaqin matbuot xizmati tashkil etildi. Rasmiylarning ijtimoiy tarmoqlardagi fikr-mulohazalar va aholi qo'yayotgan dolzarb masalalarga muntazam munosabat bildirib borishi biz uchun odatiy holga aylandi. Bu esa demokratlashtirish sohasida boshlangan o'zgarishlarning natijasidir. Masalan, o'tgan yili Britaniyaning nufuzli “The Economist” nashri O'zbekistonni “Yil mamlakati”, deya e'tirof etdi. Shuningdek, respublikamiz BMTning elektron hukumat bo'yicha reytingida 87-o'rinni egalladi.
So'nggi yillarda jamiyatimizda erishilgan yana bir muhim natija bolalar va majburiy mehnatga barham berilganidir. Xalqaro mehnat tashkiloti hisobotiga ko'ra, 2019 yilda paxta ishlab chiqarishning barcha bosqichlarida bolalar va majburiy mehnatdan muntazam foydalanish holatlari qayd etilmagan. Hosil yig'im-terimida 94 foizdan ziyod yollanma ishchi ixtiyoriy ravishda ishtirok etdi, talabalar, o'qituvchilar, shifokorlar va hamshiralarni jalb qilish esa butunlay to'xtatildi. SHunisi e'tiborga loyiqki, bugungi kunda 200 ga yaqin NNT inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ijobiy o'zgarishlarni e'tirof etmoqda.
Korruptsiya butun insoniyatning barqaror rivojlanishi uchun katta xatardir. SHu bois, butun dunyoda bo'lgani kabi mamlakatimizda ham so'nggi yillarda bu global muammoga qarshi jiddiy kurash boshlandi. “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Tarkibiga respublika oliy va markaziy organlari rahbarlari kiritilgan Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha milliy kengash tashkil etildi. Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha 2021-2025 yillarga mo'ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilmoqda, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis palatalariga hisobot beruvchi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyat boshladi. Muassasa korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo'yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Rivojlanish yo'nalishini boshlab bergan strategiya
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasining 2017 yil fevral` oyida qabul qilinishi islohotlarni amalga oshirishning dastlabki va o'ta muhim bosqichi bo'ldi. Biz amalda demokratik va huquqiy shakllanishning, hayotning barcha sohalarini tubdan isloh qilishning yangi bosqichiga o'tdik. Harakatlar strategiyasi nafaqat o'zgarish va modernizatsiya qilish, balki inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash tizimini yanada takomillashtirishga ham zamin yaratdi. SHu bilan birga, ushbu hujjat BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini yuzag chiqarish bo'yicha O'zbekistonning “yo'l xaritasi”ga aylandi va har biri besh bosqichda amalga oshirilmoqda hamda har biri e'lon qilingan yil nomiga muvofiq uni amalga oshirish bo'yicha alohida yillik davlat dasturini tasdiqlashni nazarda tutadi. Joriy 2020 yil Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e'lon qilindi va tegishli davlat dasturi asosida keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan strategik muhim dastur va rejalar asosida mamlakatimiz ilm-fani raqobatbardoshligini oshirish va 2030 yilga kelib “Global innovatsion indeks” reytingi bo'yicha jahonning 50 ta ilg'or mamlakati qatoriga kirish choralari ko'rilmoqda. Biz bu borada mamlakatimizda mintaqaning ta'lim markazini shakllantirish vazifasini ilgari surdik va bir qator ijobiy natijalarga erishdik. Jumladan, pedagog kasbining mavqei va nufuzi sezilarli darajada oshdi, ilmiy tadqiqot muassasalari xodimlarining ish haqi ko'tarildi, o'quv dasturlari takomillashtirilmoqda, xalqaro tajriba o'rganilmoqda. Joriy yilning 24 yanvarida Prezidentimiz parlamentga yo'llagan murojaatnomasida bunday dedi: “Oliy ma'lumot olaman, o'z ustimda ishlab, ilmli bo'laman, degan, yuragida o'ti bor, jo'shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. SHuning uchun maktab bitiruvchilarini oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50-60 foizga etkazamiz”.
Ta'kidlash joizki, ilgarigiga nisbatan bugungi yoshlar kuchliroq, munosib ta'lim olishga intiladi. Bu yil, masalan, mamlakatimiz oliy o'quv yurtlarida ta'lim olish uchun bakalavriatga 162 364 ta va magistraturaga 10 425 ta o'rin ajratildi. Oliy o'quv yurtlarida 1 million 484 ming abiturientdan bakalavriatga kirish uchun hujjatlar qabul qilindi. Magistraturaga kirish uchun 2019 yildagiga qaraganda uch baravar ko'p, ya'ni 78 720 kishi hujjat topshirdi. Bu raqamlar haqiqiy vaziyatni aks ettiradi: bugun o'g'il-qizlarimiz oliy ma'lumot olishga, ilmli bo'lishga ko'proq intilmoqda.
So'nggi yillarda O'zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga, nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar ko'lami ham kengaydi. Bu mamlakatning demokratlashtirish, oshkoralik va ochiqlik yo'lidan borishga intilishini aks ettiradi. Bu esa, o'z navbatida, biz yaqin istiqbolga mo'ljallagan ustuvor maqsadimiz - O'zbekistonni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga qo'shishning muhim omilidir. So'nggi to'rt yil davomida nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha jamoatchilik jamg'armalari tashkil etildi. 2019 yildan boshlab kelgusida ularning faoliyatini amalga oshirish uchun mahalliy byudjetlardan mablag'lar ajratilmoqda. Biz xabar berish tartibini joriy etish orqali nodavlat notijorat tashkilotlar tadbirlarini adliya organlari bilan kelishish tartibining bekor qilinishiga erishdik, hisobot turlari qisqartirildi, NTT faoliyati monitoringi tartibga solinib, aniq muddatlari va davriyligi belgilandi.
Harakatlar strategiyasini amalga oshirish jarayonida amalda mustaqil O'zbekistonni ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning yangi asoslari yaratildi, bu esa kelgusida yurtimizning yanada ravnaq topishiga zamin hozirlaydi. Davlat va jamiyat o'rtasidagi samarali hamkorlik ijtimoiy-siyosiy faoliyatni faollashtirishga yordam beradi. Hozirdanoq ishonch bilan aytish mumkinki, jamiyatni hukumat vakillari bilan muammolarni ochiq muhokama qilishga tayyorlashga erishdik. Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning o'zlarini qiziqtirgan masalalar haqida qanchalik erkin gapirayotganini muntazam guvoh bo'lmoqdamiz. Har bir oilada mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat, mavjud muammolar va ularni hukumat qanday hal etilayotgani faol muhokama qilinmoqda. Bu xalqning islohotlarni amalga oshirishda ishtirok etishni istashini aks ettirmaydimi?
Iqtisodiyotni liberallashtirish
Davlatimiz rahbari boshchiligida siyosiy va ijtimoiy sohalardagi o'zgarishlar bilan bir qatorda mamlakatni iqtisodiy izolyatsiyadan xalos etish va milliy iqtisodiyotni yanada liberallashtirish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Bunda valyuta bozorini liberallashtirish, xalqaro iqtisodiy tizimlar bilan integratsiyani kuchaytirish, iqtisodiyot sektorida davlat ishtirokini kamaytirish, qishloq xo'jaligini modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, sog'lom raqobatni ta'minlashga ustuvorlik berildi. Ushbu yo'nalishdagi birinchi qadam 2017 yil 5 sentyabridan boshlab milliy valyuta — so'mni erkin ayirboshlashni joriy etish bo'ldi. Valyuta erkinlashuvining amalga oshishi natijasida tadbirkorlar “qo'ldan” valyuta sotib olishdan qutuldi. Bugunga qadar hukumat tadbirkorlik faoliyati bilan shug'ullanishga to'sqinlik qiluvchi cheklovlarni olib tashlashda davom etmoqda. SHunday qilib, 2019 yildan ko'chma savdo ruxsatnomalarini olish talabi bekor qilindi va xususiy kompaniyalar o'rtasida bitimlar tuzish jarayoni sezilarli darajada osonlashdi. Bundan tashqari, chet eldan investitsiyalar jalb etilmoqda.
Xususiy tadbirkorlar faoliyatini qo'llab-quvvatlashga yondashuv takomillashmoqda. Masalan, O'zbekiston hududlarida tadbirkorlikka ko'maklashish markazlari tarmog'i paydo bo'ldi. Barcha viloyatlar markazlarida, shuningdek, Nukus va Toshkentda ham, Savdo-sanoat palatasi tarkibida yangi tashkilotlar tashkil etildi. Vazifa esa zarur shart-sharoitlar yaratish va barcha turdagi xizmatlarni olish imkoniyatini taqdim etish orqali tadbirkorlik sub'ektlarini qo'llab-quvvatlashni ta'minlashdir. Ko'rilayotgan chora-tadbirlar o'z samarasini bermoqda: 2019 yilda ro'yxatdan o'tgan tadbirkorlar soni ikki barobar, xorijiy investitsiyalar oqimi esa to'rt barobar oshdi.
O'zbekiston Markaziy Osiyodagi eng ko'p aholiga ega davlat bo'lib, MDH mamlakatlari orasida Rossiya va Ukrainadan keyin uchinchi o'rinda turadi. SHunday qilib, respublika nafaqat iste'mol bozori hajmi, balki katta ishlab chiqarish quvvatlari bilan ham ajralib turadi. Ushbu salohiyatdan samarali foydalanish uchun investitsiyalarni jalb qilish, eksportni qo'llab-quvvatlash va geografiyasini kengaytirish, mahsulot importini soddalashtirish bo'yicha amaliy choralar ko'rildi. Natijada tashqi savdo hajmi to'xtovsiz o'sib bormoqda, yirik investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun sharoitlar yaratilmoqda. Tashqi savdoni liberallashtirish va samarali bozor iqtisodiyotini yaratish maqsadida esa ichki bozor uchun zarur bo'lgan sakkiz mingdan ortiq turdagi import tovarga bojxona to'lovi stavkalari kamaytirildi.
Uchinchi Renessans poydevori
Davlatimiz rahbari ularning amalga oshirilishi uchun zamon talablariga javob beradigan, shu bilan birga, katta hajmdagi sarmoyalarni ko'zda tutadigan juda keng ko'lamli vazifalarni belgilab bermoqda. YUtuqlarimiz haqida dunyo allaqachon biladi. Xalqaro darajadagi sammitlarda Prezidentimiz SHavkat Mirziyoevning nufuzli xalqaro tashkilotlarning yuksak minbaridan turib taklif qilgan g'oyalari jahon hamjamiyatiga O'zbekistonning kuchli va barqaror iqtisodiyotga ega zamonaviy, rivojlangan davlatlar qatoriga kirish niyatini namoyish etadi. Buning uchun ta'lim, ilm-fan va innovatsiya sohasida islohotlar jada kechmoqda.
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo'yicha davlat dasturi ijrosi doirasida Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida jamiyat hayotining ushbu sohalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator muhim farmon va qarorlar qabul qilindi.
Bolalar bog'chalari, maktablar, shu jumladan, ixtisoslashgan universitetlar bilan birga xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallari soni ortyapti. Bunda ertaga O'zbekiston farovonligiga munosib hissa qo'shadigan yosh avlodni har tomonlama barkamol shaxslar etib tarbiyalashga asosiy e'tibor qaratilmoqda.
So'nggi yillarda ta'lim sohasidagi o'zgarishlar alohida e'tiborga loyiqdir. Prezidentimiz islohotlarning mustahkam poydevorini qo'ydi. Bunda birinchi va eng muhim yangiliklardan biri 11 yillik maktab ta'lim tizimiga qaytilishi bo'ldi. Bir necha yil ichida mamlakatimiz ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada mustahkamlanib, pedagoglarning ilmiy salohiyati o'sdi. Bundan tashqari, o'quv jarayoniga ilg'or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari faol joriy etilmoqda. Hozirgi zamonaviy maktabni komp`yuter sinfisiz, qiziqarli interfaol mashg'ulotlar o'tkazish uchun gadjetlar bilan jihozlangan kabinetlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Sohadagi o'zgarishlar o'zining kompleks yondashuvi bilan ajralib turadi, ilg'or xorijiy tajribalar qo'llanilmoqda. Biz, shuningdek, mamlakatda o'qituvchilar mehnati qanchalik yuqori baholana boshlaganini ko'ramiz. Ta'lim tizimi xodimlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda. 2017-2020 yillarda 3056 ta umumta'lim maktabida 6 trillion 346 milliard so'mlik qurilish-ta'mirlash ishlari bajarildi, 130 ta maktab qurildi, 1383 tasi rekonstruktsiya qilindi, 1543 tasi kapital ta'mirlandi, 264 mingta o'rin yaratildi.
Maktab ta'limidagi islohotlar o'qituvchilarning jamiyatdagi maqomini oshirish bilan boshlandi. Bunda ularning ishlarini optimallashtirish, ish haqini bosqichma-bosqich oshirib borish, o'quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobiga yuklamani kamaytirish rejalashtirilyapti.
Davlatimiz rahbari yoshlar siyosatiga katta e'tibor qaratmoqda. Prezidentimiz mustaqilligimizning 29 yilligiga bag'ishlangan nutqida: “Farzandlarimizning iste'dod va qobiliyati, ezgu intilishlarini to'liq ro'yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib o'rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish bundan buyon ham bosh maqsadimiz bo'lib qoladi”, deya ta'kidladi. Buning e'tiborga molik jihati yana shundaki, davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz Prezidenti vazifasini bajaruvchi lavozimida imzolangan birinchi hujjat sohada davlat boshqaruvini takomillashtirishga, O'zbekistonda yoshlarning har tomonlama kamol topishi, ularni mamlakat iqtisodiy o'sishining lokomotiviga aylangan xususiy tadbirkorlikka jalb etilishini ta'minlaydigan tartibni kengaytirishga va o'rnatishga yo'naltirilgan 2016 yil 14 sentyabrdagi “YOshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi qonun bo'ldi.
Millat sog'lomligi — yuksak yutuqlar garovi
Harakatlar strategiyasining to'rtinchi yo'nalishi aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish bo'yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta'lim, fan, adabiyot, san'at va sport sohasini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirishni o'z ichiga oladi. Fuqarolarning sog'lig'ini saqlash ham ustuvor ahamiyatga ega.
Jumladan, so'nggi to'rt yil ichida sog'liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan tizimli o'zgarishlar aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini sezilarli darajada oshirish, sohaga ilg'or echim, innovatsiya va texnologiyalarni tatbiq etish imkonini berdi. Tibbiyot eng jadal rivojlanayotgan soha hisoblangani bois aynan sog'liqni saqlash sohasidagi islohotlar davlatimiz rahbari tomonidan kelgusi yillarda respublikani barqaror rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilab berildi. Sohani to'liq raqamlashtirish va AKTni keng joriy etish boshlandi, nogironligi bo'lgan shaxslarga har tomonlama yordam ko'rsatish, majburiy tibbiy sug'urtani joriy etishga tayyorgarlik ko'rish, kasallik xavf omillarini erta aniqlash va samarali profilaktika qilish bo'yicha keng ko'lamli ishlar davom etmoqda.
Shunday qilib, biz yangi O'zbekistonda sog'liqni saqlash sohasidagi islohotlar jadal sur'atlarda amalga oshirilayotganini ko'ramiz. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari tufayli mamlakatimiz tibbiyoti darajasi sezilarli darajada oshdi, chet elda ham tan olinayotgan natijalarga erishildi.
Mamlakatimizda patronaj xizmati ham yangicha yondashuv asosida tashkil etildi. Xususan, yolg'iz keksalar, imkoniyati cheklangan, surunkali kasalliklarga chalingan shaxslar, bo'lajak onalar va bolalarni patronaj xizmatlari bilan to'liq qamrab olish maqsadida qator chora-tadbirlar ko'rilmoqda. Oilalarda kasalliklarning oldini olish va tibbiy madaniyatni yuksaltirish borasida salmoqli o'sishga erishildi. Ta'kidlash joizki, bugungi kunda nafaqat Toshkentda, balki Namangan, Xorazm, Farg'ona, Buxoro va boshqa viloyatlarda ham yurak bo'yicha murakkab operatsiyalar, buyrak, jigar transplantatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xususiy sektordagi shifoxonalar soni davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, xususiy sektorning tibbiyotdagi ulushini oshirishning institutsional va huquqiy mexanizmlari hisobiga 5300 dan oshdi. Jumladan, o'tgan davrda mamlakatimizda Rossiya, AQSH, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Janubiy Koreya, Isroil mutaxassislari bilan hamkorlikda 100 dan ortiq zamonaviy xususiy klinika tashkil etildi.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi ettita universitet va ularning to'rtta filiali, shuningdek, jahonning etakchi tibbiyot va ilmiy markazlari bilan hamkorlikda ochilgan 22 ta xalqaro fakul`tet tibbiyot sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlamoqda. O'zbekiston farmatsevtika sanoati ham barqaror rivojlanyapti. Iste'molchilarga arzon narxlarda sifatli dori-darmonlar etkazib berilmoqda.
Har yili sog'liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan byudjet mablag'lari hajmining ko'payib borishi islohotlar samaradorligiga xizmat qilmoqda. Masalan, 2017 yilda tarmoqqa 7,1 trillion so'm mablag' yo'naltirilgan bo'lsa, 2019 yilda bu ko'rsatkich 12,1 trillion so'mga etdi, bu o'tgan yillardagiga nisbatan 1,6 barobar ko'p degani.
Shunday qilib, qisqa davr ichida mamlakatimizda erkin biznes yuritish uchun yangi iqtisodiy muhit shakllandi. Aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan jiddiy siljishlar yaqqol namoyon bo'lmoqda. Fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy-siyosiy faolligi o'smoqda, fikrlar xilma-xilligi va xalq bilan muloqot mustaqil O'zbekistonni izchil rivojlantirish uchun asos bo'lib xizmat qilmoqda. Bu, ayniqsa, inson huquqlari, diniy erkinliklarni ta'minlash, ommaviy axborot vositalari mavqeini mustahkamlash sohalarida seziladi. Ushbu jarayonlarni har tomonlama mustahkamlash va rivojlantirish, ulkan vazifalar ijrosini izchillik bilan davom ettirish va kelajak avlod farovonligi yo'lida amalga oshirish oldimizda turgan muhim vazifadir. SHubhasiz, bu borada o'z oldimizga maqsad qilib qo'ygan rejalar va belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur salohiyat va resurslar etarli. Bizning vazifamiz ana shu mavjud salohiyat va imkoniyatlardan oqilona foydalanib ko'zlangan marraga erishish va xalqimiz orzu qilganidek yuksak taraqqiy etgan yangi O'zbekistonni barpo etishdir.
Bobur BEKMURODOV,
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi