Hisob palatasi tomonidan masofaviy tarzda olib borilgan risk-tahlillarda Denov tuman maktabgacha taʼlim tashkilotlarining ayrimlarida qariyb 3 mlrd soʻmga yaqin byudjet mablagʻlarining noqonuniy sarflanganligi boʻyicha shubhali toʻlovlar aniqlandi.
Shu asosda ishchi xodimlarga 2020-2023-yillarda hisoblangan ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni hisoblanishi va toʻlanishi joyiga chiqqan holda tekshirildi.
Oʻtkazilgan tekshirish natijalari boʻyicha jami 11,3 mlrd soʻmlik byudjet mablagʻlarini maktabgacha taʼlim boʻlimi markazlashgan buxgalteriyasining ayrim masʼul xodimlari tomonidan noqonuniy tarzda oʻzlashtirilganligi aniqlandi. Jumladan:
- Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 2022-2023-yillarda ishlamagan 141 nafar fuqarolar nomiga 4,8 mlrd soʻm ish haqi hisoblanib, noqonuniy oʻzlashtirilgan.
Masalan, maktabgacha taʼlim tashkilotlari masʼul xodimlari tomonidan haqiqatda ishlamaydigan yaqin qarindoshining nomiga 136,4 mln soʻm hamda maktabgacha taʼlim boʻlimida uslubchi, hisobchi va santexnik lavozimlarida ishlab kelayotgan 9 nafar shaxslar nomiga 279,4 mln soʻm ish haqini qoʻshib yozib, soxta toʻlov qaydnomalarini tuzish orqali noqonuniy oʻzlashtirgan.
- 2020-2021-yillarda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan xodimlar uchun hisoblangan ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pullar olinib, soxta toʻlov qaydnomalari orqali 1,6 mlrd soʻm hamda hech qanday toʻlov qaydnomalarisiz 3,1 mlrd soʻm byudjet mablagʻlari oʻzlashtirilgan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan masʼullarga qonunchilikda belgilangan choralarni koʻrish hamda moliyaviy xato va kamchiliklarning kelgusida yoʻl qoʻyilmasligi yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi va Iqtisodiyot va moliya vazirliklariga koʻrsatma yuborildi.
Shuningdek oʻrganish yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.
Qayd etish joizki, hisoblangan ish haqiga nisbatan bankdan ortiqcha naqd pullarning olish holatlari Hisob palatasining koʻrsatmasiga asosan 2022-yilda “UzASBO” dasturiy majmuasiga oʻzgartirish kiritish orqali bartaraf etilgan.
Biroq ayrim masʼul shaxslar tomonidan byudjet mablagʻlarini noqonuniy sarflash va oʻzlashtirish holatlari yangi shakl-shamoyillarda amalga oshirilmoqda.









