Unda qayd etilishicha, B.Normatovning farzandlari Rossiya Federatsiyasida ishlab topgan 1500 dollarni bank orqali yuborilgan. Iste'molchi pulni olishga borganda tijorat banki xodimlari dollar o'rniga 15 million 975 ming so'm miqdorida pul berishini aytgan. Fuqaro so'm emas, faqat dollar olishini aytgan bo'lsada, bank xodimlari turli bahonalar orqali dollar berishdan bosh tortgan.

Mazkur murojaat Federatsiyaning Denov tuman jamiyati xodimlari tomonidan o'rganilishi natijasida iste'molchiga 1500 dollari to'lig'icha olib berilishiga erishildi.

Yana bir murojaat Navoiy viloyati Navoiy shahrida yashovchi fuqaro S.Umarov tomonidan kelgan bo'lib, unda iste'molchi joriy yilning iyun oyida xonadonini qayta rekonstruktsiya qilish barobarida eski deraza romlarini ham almashtirish maqsadida 5 million 350 ming so'm evaziga usta S.Haydarov bilan shartnoma tuzadi.

Usta tomonidan sifatsiz o'rnatilgan deraza romlari ta'mirdan chiqarilgan xonalarning chiroyiga go'yoki “gulzordagi yantoqdek” ko'rinib qolgan. Iste'molchi “qo'li gul” ustani izlab topish uchun ancha sarson bo'ladi. Topganida esa ustaning “otanga bor, onanga bor” qabilidagi so'zlaridan charchaganini aytib o'tgan.

Mazkur murojaat, Federatsiyaning Navoiy shahar jamiyati xodimlari tomonidan o'rganilishi natijasida, sifatsiz o'rnatilgan deraza romlari sifatli qilib o'rnatib berilishiga erishildi.