Oʻzbekiston respublikasi vazirlar mahkamasining davlat tilini rivojlantirish departamenti tilimiz taraqqiyoti, uning nufuzini oshirish borasida qator tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Shu paytga qadar davlat tili bilan bogʻliq 10 dan ziyod eng noyob kitoblar, qoʻllanmalar chop etilib, tegishli joylarga bepul yetkazilgani departament faoliyatining amaldagi yuksak koʻrinishi boʻldi.
Yaqinda departament xodimlari, davlat tili boʻyicha maslahatchilar, taniqli tilshunos olimlar, tom maʼnoda tilimiz fidoyilarining 2020-yilda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan ona tilimizni rivojlantirish, uning xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini yana-da oshirish masalalariga bagʻishlangan rang-barang maqolalari toʻplami Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan nashr etildi.
“Milliy oʻzlik va mustaqil davlatchilik timsoli” deb nomlangan mazkur toʻplam taqrizchilari — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri, professor Abdugʻaffor Qirgʻizboyev, “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari Bosh muharriri, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Salim Doniyorov.
Tuzuvchilar — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti bosh mutaxassisi Rustam Mirvohid, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi tahririyati boʻlim mudiri Nodir Mahmudov. Masʼul muharrir Oʻzbekiston respublikasi madaniyat vaziri maslahatchisi, filologiya fanlari doktori M.Yoʻldoshev.
Oʻylaymizki, departament buyurtmasi bilan chop etilgan mazkur toʻplam tilimiz rivoji yoʻlida mehnat qilayotgan jonkuyar yurtdoshlarimiz uchun munosib tuhfa boʻladi.