“Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan insondir — Prezident

    Oʻttiz yetti milliondan ortiq aholiga ega boʻlgan Oʻzbekistondek katta davlatning parlamenti aʼzosi boʻlish, shubhasiz, har bir deputat uchun ulkan sharafdir, dedi Prezident.

    Ayni vaqtda xalqimizning hurmat va eʼtiborini, orzu-umidlarini har kuni, har daqiqada his etib, ana shu yuksak ishonchga munosib mehnat qilish – beqiyos masʼuliyat.

    “Deputat – bu xalq xizmatchisi, barchaga oʻrnak boʻladigan, siyosiy bilimi va ongi yuksak, oʻz Vatanini chin dildan sevadigan insondir.
    Oila, mahalla va butun jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqaro maydonda Oʻzbekiston manfaatlarini qatʼiy himoya qilishda xalqimiz, barchamiz avvalo sizlarga tayanamiz.
    Men Prezident sifatida sizlarni bu yoʻlda doimo qoʻllab-quvvatlashga tayyorman.
    Ishonchim komil, barchamiz bir tanu bir jon boʻlib, sidqidildan mehnat qilib, jonajon Vatanimizni albatta tom maʼnoda erkin, obod va farovon mamlakatga aylantiramiz”, — dedi Prezident nutqining yakunida.

    Ayni paytda majlis davom etmoqda, deputatlar soʻzga chiqib, oʻz fikrlarini bildirmoqda.