Deputat Toshkent metrosidagi odamlar tirbandligi muammosini koʻtardi

    Yoʻlovchilar koʻp tushadigan asosiy bekatlarda ertalabki soat 07:30 dan 09:00 gacha boʻlgan ayni gavjum vaqtda ham poyezdlar 8-10 daqiqa oraligʻida kechikib kelmoqda.

    Afsuski, soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosurat va videolarda ertalab va kechki “chas-pik” paytlarida bekatlar odamlar bilan toʻlib-toshayotgani, vagonlarga chiqish uchun kamida bir necha poyezdni oʻtkazib yuborishayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Vagonga chiqqan taqdirda ham oyoq qoʻyishga joy, nafas olishga havo yoʻq, — deb yozadi Deputat.

    Xususan, Chilonzor, Paxtakor, Beruniy kabi yirik bekatlarda ertalabki soat 07:30 dan 09:00 gacha boʻlgan davrda yoʻlovchilar soni keskin ortadi. Aynan shu vaqtda poyezdlar 8-10 daqiqa oraligʻida kechikib kelmoqda. Natijada, ishga yoki oʻqishga shoshayotgan fuqarolar 7-8 ta reysni oʻtkazib yuborishga majbur boʻlmoqda.

    Kechki payt esa Paxtakor, Xalqlar doʻstligi va boshqa markaziy bekatlarda tigʻizlik yana qaytariladi. Ayni paytda mavjud jadval yoʻlovchilar oqimiga moslashtirilmagan koʻrinadi.

    Bu holat nafaqat noqulaylik tugʻdiradi, balki aholi orasida transport tizimiga boʻlgan ishonchni ham kamaytiradi.

    Mazkur muammo tizimli tahlil va yechimni talab etadi. Yangi poyezdlar olib kelish, mavjud harakat jadvalini qayta koʻrib chiqish va soatlik yuklamalarga mos tarzda reyslarni koʻpaytirish orqali fuqarolarning harakatlanish imkoniyatlarini yengillashtirish mumkin.

    Transport tizimidagi har qanday noqulaylik oxir-oqibat fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Shu bois, Toshkent metropoliteni faoliyatida yoʻlovchilar qulayligini birinchi oʻringa qoʻygan holda, tegishli choralar koʻrish zarur.