Ijtimoiy tarmoqlarda Ozoda Nursaidova va Munisa Rizayeva hamda boshqa faollarning model Sabrina Jabborova bilan uchrashib, suhbatlashgani aks etgan video tarqaldi.
Jabrlanuvchi Sabrina Jabborova unga moddiy tomonlama koʻmak koʻrsatib, qoʻllab-quvvatlayotganlarga minnatdorchilik bildirgan.
“Jasmina, Nihola va Munisa opalar ikki kun davomida men uchun nafaqat Turkiya, balki dunyo boʻylab shifkorlar qidirishdi. Oxiri Turkiyadan mutaxassis vrachlar topib, gaplashishdi. Ertaga (14-mart nazarda tutilmoqda — tahr.) onam bilan Turkiyaga uchib ketamiz. U yerda bizni Jasmina opa kutib oladi, shifoxonaga olib boradi. Birinchi tekshiruv oʻtkazishadi, keyin qancha pul ketishini hisoblashadi. Hammasi siz xalqimiz bergan mablagʻ evaziga boʻladi”, — deydi jabrlanuvchi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ozoda Nursaidova koʻp narsadan bexabar boʻlgani uchun Sabrinadan uzr soʻragan.
— Shu kungacha koʻp narsadan mening xabarim yoʻq edi. Operatsiyadan keyin oyogʻi 7 santimetrga kalta boʻlib qolganini men internetga video chiqqanidan keyin bildim. Men toʻgʻrisi reabilitatsiya boʻlyapti, deb xursand boʻlganman. Bilaman, bu meni oqlaydigan vaziyat emas. Mana hozir kelib, Sabrinani koʻrdim, vaziyatdan toʻliq xabardor boʻlmaganim uchun Sabrinadan uzr soʻrayman. Uni endilikda 2-3 bosqichli operatsiya qilish kerak ekan. Xalqimizga Sabrinaning sogʻligʻiga befarq boʻlmagani uchun katta rahmat deyman. Oʻylaymanki, mushkul operatsiyadan Sabrina eson-omon oʻtvoladi, deydi Ozoda Nursaidova.
Munisa Rizayeva Sabrina uchun Turkiyadan shifokor izlash jarayonida faol ishtirok etgani haqida soʻzlab bergan.
— Turkiyada koʻp vrachlar olmaymiz dedi, lekin bitta professor olib kelinglar dedi. Shundan soʻng biz Sabrinaning karta raqamini oʻz sahifalarimizda tarqatdik. Juda koʻp insonlar kartaga qoʻllaridan kelganicha pul tashlashyapti. Kartada hozir yaxshigina summa yigʻildi. Oʻsha pullardan biz Turkiyaga aviachipta oldik, Istanbuldan uy ijaraga oldik, shifokorlarni gaplashdik. Agar yana Sabrinaga kimdir homiylik qilib, yordam bermoqchi boʻlsa, biz xursand boʻlardik, deydi Munisa Rizayeva.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkent shahri IIBB Ozoda Nursaidovaning klipini suratga olish jarayonida “Mercedes-Benz” model Sabrina Jabborovadan tashqari klip jarayonida ishtirok etayotgan yana bir qizni ham urib ketganini maʼlum qilgandi.