Yurtimizda ichki siyosiy barqarorlikka erishishning muayyan shartlari mavjud. Oʻsha shartlardan biri, barcha yoʻnalishlarda milliy xavfsizlikni taʼminlashdir. Bugun davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid solib turgan masalalardan biri turli diniy sektalar tomonidan mamlakat ichki qonunchiligiga zid ravishda olib borilayotgan missionerlik va prozelitizm gʻoyalarni amalga oshirishga boʻlgan urinishdir. Missionerlik va prozelitizm gʻoyalarining targʻiboti jamiyatimiz aʼzolarining mafkuraviy tafakkurini oʻzgartirishi, milliy xususiyatlarimizdan begonalashuvga sabab boʻlmoqda. Mamlakat aholisining asosiy qismi islom dini ahkomlariga rioya qilishini hisobga olsak, diniy konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro nomuvofiqlikning kelib chiqishi va qonunchilikda ruxsat etilmagan targʻibot natijasida jamiyatda beqaror vaziyat kelib chiqish ehtimoli mavjud.

Masalaning e‘tibor berish kerak bo‘lgan jihati shuki, missionerlik bilan faol shugʻullanuvchi xristian dinining sektalari fuqarolarni oʻziga ergashtirishning turli gʻayriqonuniy koʻrinishlaridan foydalanmoqda. Masalaning bahsli tomoni shundaki, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan qoidalariga koʻra diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga barcha diniy konfessiyalar birdek masʼulligi belgilangani holda, missionerlik va prozelitizm faoliyati bilan shugʻullanishga juda koʻp xalqaro tashkilotlar keskin fikr bildirmaganligi tushunarsiz holat. Xristianlikning katolik va pravoslav cherkovlariga qarashli yoki ulardan ajralib chiqqan sektalarning koʻplab mamlakatlarda missionerlik faoliyatini olib borishi dinlararo bagʻrikenglik tamoyillariga fikrimizcha mos emas.

Missionerlik va prozelitizmdan faqat dinga targʻib qilish maqsadida emas balki, geosiyosiy maqsadlarda foydalaniliyotgani masalaning oʻta jiddiy ekanligidan dalolat beradi. Mamlakatda xavfsizlikni taʼminlashning asosiy yoʻnalishlaridan biri missionerlikning barcha qonunchilikda koʻzda tutilmagan koʻrinishlariga qarshi kurashish va aniq amaliy natijalarga erishish milliy xavfsizlikni taʼminlashga muayyan darajada imkon beradi.

Shubhasiz diniy bagʻrikenglik tamoyillarisiz demokratik jamiyat barpo etib boʻlmaydi. Kimnidir biror dinga eʼtiqod qilishiga targʻib qilish yoki umuman dinsizlikni targʻib qilishga boʻlgan hatti-harakatlar xalqaro demokratik mezonlarga hamda, milliy xususiyatlarga ziddir. Shunday ekan, Oʻzbekistonda dinlararo bagʻrikenglikni taʼminlashning asosiy yoʻnalishlari sifatida jamiyat aʼzolarining gʻoyaviy ongi va tafakkurini rivojlantirish, tashqi taʼsirlardan himoyalanish koʻnikmasini shakllantirish kabi kechiktirib boʻlmas vazifalarga bogʻliq boʻlib qoladi.

Fikrimizcha Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash quyidagi vazifalar bilan bog‘liq:

Birinchidan, Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatning muhim subyekti sifatida xalqaro huquqning barcha meʼyorlariga rioya qilishi mamlakat nufuzini oshishiga sabab boʻladi. Shu jumladan, diniy bagʻrikenglikning xalqaro tamoyillari va qoidalari mamlakatdagi amaldagi qonunchilikda aks etishi xalqaro maydonda, demokratik indeks va reytinglarda mamlakat oʻrni yuksalib borishiga zamin yaratadi. Shu bilan birga, mamlakat ichida barqarorlik va rivojlanish uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi;

Ikkinchidan, jamiyatda diniy bagʻrikenglikning taʼminlanishi davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni yuqori bosqichga olib chiqadi. Bir diniy konfessiya tarafdorlarining boshqa diniy va konfessiya aʼzolariga boʻlgan hurmat va bagʻrikenglik munosabatlarini kuchaytiradi. Har bir diniy konfessiya oʻzining diniy eʼtiqodiga amal qilishi va boshqalarning diniy huquqlarini tan olinishida mazkur jihat zaruriydir;

Uchinchidan, din qadimgi davrlardan boshlab, insonlarni ezgulik va yaxshilik, birdamlik va bagʻrikenglik yoʻlida birlashtiruvchi vosita boʻlib kelgan. Diniy nobagʻrikenglik esa barcha davrlar va barcha jamiyatlarda turli ixtiloflar, urushlarni keltirib chiqaruvchi vosita boʻlgan. Shu sabab, mamlakatimizda diniy nobagʻrikenglikni targʻib qiluvchi, milliy va diniy ixtiloflarni keltirib chiqaruvchi har qanday konfessiya vakillariga nisbatan keskin kurash olib borish muhim ahamiyatga ega;

Toʻrtinchidan, milliy xavfsizlikni taʼminlashda diniy bagʻrikenglik masalasi zamonaviy dunyoda oʻta muhim vazifalardan biridir. Zero, diniy qarashlarni oʻzgartirish, asl manbalarni soxtalashtirish diniy ekstremistik tashkilotlarning kundalik faoliyatida muntazam namoyon boʻlmoqda. Shu bois, diniy bagʻrikenglikdan jamiyatning ichki barqarorligi va integratsiyasini taʼminlash, turli tahdidlardan saqlash, siyosiy maqsadlarni koʻzlagan tashqi diniy taʼsirlarni bartaraf etishda foydalanish oʻzining samarasini beradi.

Fikrimizcha, yurtimizda diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga toʻsqinlik qilishi mumkin boʻlgan jihatlardan biri diniylik va dunyoviylik oʻrtasidagi aniq koʻnikmalarning shaklanmaganligidir. Bunga esa oʻz navbatida bir diniy konfessiya vakilining boshqa konfessiya egalariga nisbatan oʻzining haq ekanligini asoslashga boʻlgan urinishi sababdir. Shu oʻrinda buyuk donishmand Konfutsiyning “oʻzing toʻgʻri deb bilgan qoidani boshqalar tomonidan qabul qilinmasligiga tayyor tur” degan fikrlari munozara mavzuimizga mos keladi. Shuningdek,  nobagʻrikenglikning yana bir sababi ilmsizlik va jaholatdir. Inson boshqalarning qadriyatlari va oʻziga xosligini bilmasdan, tushunib yetmasdan turib ularga notolerant munosabat bildirishi mumkin emas. Shu jihatdan, turli diniy va konfessiyaviy guruhlarning qoidalari, oʻziga xos jihatlarini bilish, ularning qadriyatlar tizimini oʻzaro idrok etish va oʻzaro hurmat qilish orqali jamiyatlarda diniy bagʻrikenglikni joriy etish va taʼminlash mumkin. Shu vaziyatdagina jamiyatda diniy bagʻrikenglik, ijtimoiy birdamlik va oʻzaro hamjihatlik tamoyillari qaror topadi. Jamiyatda diniy bagʻrikenglikni taʼminlashning yana bir muhim jihati shuki, barcha diniy konfessiya vakillari mamlakatda yaratilgan qonunchilikdan xabardor boʻlishlari, oʻz huquq va manfaatlarini anglash bilan birga oʻzlariga yuklatilgan vazifalar, majburiyatlarni toʻla anglab yetishlari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Fikrimizcha quyidagi nazariy-metodologik tavsiya va xulosalar mamlakatimizda dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda muhim  ahamiyat kasb etadi deb hisoblaymiz:

  1. Dunyoning barcha mintaqalarida kechayotgan globallashuv jarayonida din omilining muayyan taʼsiri oshib bormoqda. Qaysidir mamlakatlarda diniy qadriyatlar, rituallar jamiyatning tinchligi, birdamligi va barqarorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgan boʻlsa, ayrim mamlakatlarda diniy vaziyatning beqarorlashuvi sababli mamlakatning ichki va tashqi muhitiga salbiy taʼsir oʻtkazmoqda. Mamlaktimizda diniy vaziyatni yanada moʻtadillashtirish, fuqarolarning diniy amallarni bajarishda qaysi din yoki konfessiya vakili boʻlishidan qatʼi nazar bir xilda huquq va manfaatlarini taʼminlanishi yurtimiz taraqqiyotiga zamin yaratadi.
  2. Dunyo miqyosida diniy ixtiloflar siyosiy jarayonlarga oʻz taʼsirini oʻtkazishini oldini olishda masalaning yechimlaridan biri sifatida diniy bagʻrikenglik madaniyatini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyatda diniy bagʻrikenglikni taʼminlashda dunyoviy demokratik tamoyillarni qaror toptirish maqsadida dindan gʻarazli maqsadlar yoʻlida foydalanishga yoʻl qoʻymaslik lozim.
  3. Globallashuv sharoitida diniy bagʻrikenglik gʻoyalarini keng yoyishga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Diniy konfessiyalar oʻrtasida oʻzaro diniy adovat uygʻotish orqali milliy va diniy nizolarni vujudga keltirishda missionerlik va prozelitizm harakatlari dinning radikallashuvi va diniy aqidaparastlikning kuchayishiga zamin yaratmoqda. Zamonaviy liberal hayot tarzini inkor qiluvchi aqidaparast oqimlar dinlararo kechadigan raqobat sharoitida yaratilgan imkoniyatdan keng foydalanishga urinmoqda. Muayyan mintaqada beqaror vaziyatni keltirib chiqarishda dindan siyosiy maqsadlar yoʻlida foydalanish holatlari ayniqsa, xushyorlikni taqoza etadi. 
  4. Bugungi kunda milliy manfaatlarimizga zid koʻp asrlik maʼnaviy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, milliy-diniy tuygʻularimizga behurmat munosabatda boʻlish, jamiyatda keskinlikni yuzaga keltirish, fuqarolarni toʻgʻri yoʻldan ogʻdirishga intilayotgan missionerlik va prozelitizm harakatlariga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish muhim hisoblanadi.
  5. Diniy bagʻrikenglikni taʼminlash xalqaro diniy tashkilotlar va konfessiyalarning zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi. Islom Hamkorlik Tashkiloti, Butunjahon Cherkovlar kengashi, Yevropa Cherkovlari Konferensiyasi, Butunjahon Birodarlar Buddistlari, Pravoslavlarning Parlamentlararo Assambleyasi va boshqa yirik xalqaro diniy uyushmalar diniy bagʻrikenglikni taʼminlashda oʻzaro hamfikr boʻlib faoliyat yuritishlari, yagona maqsad yoʻlida, umuminsoniyat birdamligi uchun kurashishlari, mazkur jarayonda BMT, YUNESKO kabi xalqaro siyosiy va madaniy tashkilotlar bilan hamkorlikda tenglik, tinchlik, ezgulik kabi gʻoyalarning faol targʻibotchisi boʻlishlari talab etiladi.
  6. Jahonda mavjud yirik xalqaro tashkilotlarda vijdon erkinligi insoniyatning birlamchi huquqlari sifatida koʻrsatilgan. Vijdon erkinligi fuqarolarning u yoki bu dinga eʼtiqod qilishi yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmasligini kafolatlaydi. Biroq, ayrim konfessiya vakillari (asosan xristian dinining katolik yoʻnalishi) insonlarning eʼtiqod (yoki eʼtiqodsizlik) huquqini inkor qilgan holda oʻz diniga targʻib qilish holatlari mavjud. Gʻayritabiiy tomoni shuki, xalqaro tashkilotlar tomonidan bunday hatti-harakatlarga (missionerlikka) qarshi fikrlar deyarli uchramaydi. Mazkur holatlar yuqorida nomlari qayd etilgan tashkilotlar tomonidan qayta koʻrib chiqish ehtiyojini keltirib chiqaradi.

Shuningdek, quyidagi bir qator taklif va tavsiyalarni amaliyotga joriy etish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz:

     1.Dinshunoslik fani va boshqa ijtimoiy fanlar oʻquv dasturlari tarkibiga diniy bagʻrikenglik mavzusini kiritish. Respublikada belgilangan qonunchilik asosida faoliyat yuritayotgan turli diniy konfessiya yetakchilarining diniy bagʻrikenglik tamoyillarining eng muhim jihatlarini oʻzida mujassamlashtirgan davra suhbatlari oʻtkazishi, dinning insonparvarlik hamda ezgulikka yog‘rilgan g‘oyalarini tushuntirishi orqali jamiyatda bagʻrikenglik muhitini shakllanishini taʼminlaydi;

  1. Muayyan dinga eʼtiqod qiluvchi yoki biror dinga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolarning bir-biriga nisbatan bagʻrikeng munosabatlarni kuchaytirish maqsadida yagona Vatan ravnaqi gʻoyasi atrofida birlashishni targʻib qiluvchi aniq, maqsadga yoʻnaltirilgan manzilli dasturlar ishlab chiqish va amaliyotgan keng targʻib etish dolzarb vazifadir;
  2. Bugun dunyoda kechayotgan diniy murosasizlik radikal guruhlar faoliyatida koʻzga tashlanmoqda. Diniy ilmi shakllanmagan, sogʻlom diniy dunyoqarashga ega boʻlmagan yoshlar radikal ekstremistik, terroristik oqimlarning dogmatik qarashlari qurboniga aylanmoqda. Bir din vakillarini bir-biriga qarshi qoʻyish tendensiyalari kuchaymoqda. Shu sababdan, diniy radikallashuvni oldini olishga qaratilgan ijtimoiy dasturlar, manzilli loyihalar ishlab chiqishni ragʻbatlantirish, ishlab chiqiladigan loyihalarning asosiy obyekti sifatida yosh avlodni turli zararli taʼsirlardan asrashga qaratishni qoʻllab-quvvatlash samarador taʼsirchan natijadorlikni taʼminlaydi;
  3. Dunyo miqyosida jahonning turli mintaqa va davlatlarida xalqaro tashkilotlar va diniy konfessiyalar ishtirokida bagʻrikenglik masalalari tadqiqi va rivojlanishiga bagʻishlangan forumlar, davra suhbatlari, konferensiyalar oʻtkazish va mazkur tadbirlarda diniy plyuralizm gʻoyalarini targʻib qilish va qoʻllab-quvvatlash dinlararo birdamlik va bagʻrikenglik muhitini taʼminlanishiga yordam beradi;
  4. Diniy konfessiya yetakchilari va mamlakatimizdagi yoshlar siyosatiga masʼul tashkilotlar (Yoshlar ishlari agentligi va b) hamkorligida din jaholatga qarshi mavzusida respublika va xalqaro anjumanlarini oʻtkazish va mazkur anjumanlarni OAVlarda batafsil yoritish yurtimizda barqarorlikka erishishga zamin yaratadi;
  5. Oʻzbekistonda yashaydigan turli konfessiya vakillari uchun “Oʻzbekiston umumiy uyimiz”, “Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor”, “Xalqlar doʻstligi eʼzozlagan yurt” “Birdamlik va bagʻrikenglik – taraqqiyot kafolati” kabi mavzularda yirik loyihalar tanlovlarini eʼlon qilish, taʼlim muassasalarida yuqoridagi mavzularda davra suhbatlari, konferensiyalar oʻtkazish, yurtimizning dunyoviy davlat sifatida “dunyoviylik dahriylik emas” tamoyiliga asoslangan bagʻrikenglik siyosatini aks ettiruvchi turli fotokoʻrgazmalar tashkil etish muhim hisoblanadi.

Shohijahon Toshpo‘lotov

Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi