Oʻtgan davr mobaynida Qoʻmitaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 861 ta murojaat kelib tushgan. Shundan, 249 tasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi orqali, 158 tasi Prezident Administratsiyasi, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi orqali, 66 tasi turli tashkilotlardan, 388 tasi bevosita fuqarolardan kelib tushgan.
Murojaatlar sonining oʻsish, pasayish dinamikasiga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, 2020-yil yanvar-sentyabr oylari davomida kelib tushgan murojaatlar soni 660 tani tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning mos davriga nisbatan ushbu koʻrsatkich 861 tani tashkil etib, 201 taga koʻpayganini koʻramiz.
Joriy yilning 1-2-3 choragi davomida Qoʻmita tomonidan oyiga oʻrtacha 95 ta murojaat roʻyxatga olingan. Ularning aksariyat qismi Toshkent, Andijon, Fargʻona, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida yashovchi fuqarolardan kelib tushgan.
Murojaatlarda koʻtarilayotgan asosiy masalalar.
Qoʻmitaga kelib tushgan 861 ta murojaatning 521 tasi Diniy-maʼrifiy tashkilotlar va diniy soha xodimlari bilan ishlash boʻlimi tomonidan koʻrib chiqilgan. Ularda asosan diniy tashkilotlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, yangi diniy tashkilot qurilishiga ruxsat olish masalalari koʻtarilgan.
Mazkur masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining
2021-yil 5-iyulda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi” Qonuniga muvofiq diniy tashkilotlar adliya idoralari tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi, ushbu jarayonning tartiblari va shartlari haqida fuqarolarga batafsil maʼlumot berilgan.
Dinshunoslik ekspertizasi boʻlimi tomonidan 161 ta murojaat oʻrganib chiqilgan. Ularda asosan fuqarolarning respublika hududiga diniy mazmundagi adabiyotlarni olib kirish, ularni tayyorlash va tarqatish masalalari yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli javoblar berilgan.
Shuningdek, oʻtgan davr mobaynida Haj va Umra ziyoratlari bilan bogʻliq 24 ta murojaat oʻrganib chiqilgan. Murojaatchilarga belgilangan tartibda javoblar berilgan.
Qolaversa, Diniy taʼlim olish bilan bogʻliq 26 ta murojaat hamda Noislomiy konfessiyalar faoliyati bilan bogʻliq 30 ta murojaat tegishli boʻlimlar tomonidan oʻrganib chiqilgan va har bir murojaat boʻyicha fuqarolarga maʼlumot berilgan.
Qolgan turli masalalar boʻyicha kelgan 99 ta murojaat ham oʻrganib chiqilib, Qoʻmita tomonidan murojaatchilarga asoslantirilgan javob xatlari yuborilgan.
Shu oʻrinda, murojaatlarning koʻrib chiqilish natijalari haqida maʼlumot berib oʻtsak.
Qoʻmitaga kelib tushgan 861 ta murojaatdan 615 tasiga huquqiy maʼlumot berilgan, 187 tasi ijobiy hal qilingan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi Qonunning 29-30 moddasiga asosan, 4 tasi rad etilgan, 29 tasi boʻyicha oʻrganish jarayoni davom etmoqda.