Materialda O'zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi tomonidan koronavirus pandemiyasi davrida homilador vatandosh ayolning Afrikadan uyga qaytishiga qanday yordam berilgani haqida hikoya qilingan. Nashrning ma'lum qilishicha, O'zbekiston fuqarosi Olesya K. 2020 yil fevral` oyida Ugandaga sayyohlik maqsadida borgan. Ammo u koronavirus tarqalishi munosabati bilan mart oyida cheklovlar joriy etilgani va xalqaro aviareyslarning bekor qilingani sababli ushbu mamlakatda qolib ketgan.
Ayol 21 iyun` kuni O'zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasiga vatanga qaytishga yordam berishni so'rab, murojaat qilgan. Ugandadan Toshkentga repatriatsiya reysini tashkil etishning iloji bo'lmagan, Dubay ham sayyohlarni qabul qilmayotgan edi.
O'zbekistonning Ugandada diplomatik vakolatxonasi yo'qligi sababli o'zbekistonlik diplomatlar Rossiyaning Dubaydagi Bosh konsulxonasiga yordam so'rab, murojaat qilgan. Rossiyalik diplomatlar, o'z navbatida, Rossiyaning Ugandadagi elchixonasi xodimlari bilan bog'lanishga ko'mak bergan.
Buning natijasida Olesya K. 18 iyul` kuni Ugandadan Moskvaga tashkil qilingan charter reys yo'lovchilari ro'yxatiga kiritilgan. O'z navbatida, O'zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Olesyaga 20 iyul` kuni Moskvadan Toshkentga charter reys bilan uchib ketishga ko'maklashgan.
«Russian Emirates» nashri O'zbekiston o'z fuqarolarini BAAdan vatanga qaytarish dasturini amalga oshirishni davom ettirayotganini ma'lum qilgan. Xususan, 22 iyul` holatiga ko'ra, respublikaning 2,2 mingdan ortiq fuqarosi diplomatlar ko'magi bilan vatanga qaytarilgan.
Yo'lovchilar ro'yxatini tuzishda birinchi navbatda og'ir kasallar, homilador ayollar, yoshi katta (55 yoshdan oshgan) fuqarolar, yosh bolali oilalar, talabalar, sayyohlar, BAAdagi ahloqni tuzatish muassasalarida jazoni o'tagan shaxslarga alohida e'tibor berilmoqda, , deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Pandemiya boshlangandan beri 600 dan ortiq o'zbekistonlik fuqaro diaspora vakillari va mahalliy ma'murlar yordamida Dubaydagi mehmonxonalar va yotoqxonalarda bepul joylashtirildi va kuniga ikki yoki uch marta ovqat bilan ta'minlandi. SHuningdek, qiyin ahvolga tushib qolgan 1 000 dan ortiq vatandoshga bepul oziq-ovqat etkazib berildi.
Bundan tashqari, Birlashgan Arab Amirliklarining tibbiyot muassasalarida ishlayotgan o'zbekistonlik shifokor va hamshiralar tomonidan bemor va yordamga muhtoj vatandoshlar uchun bepul konsul`tatsiyalar va dori-darmon ta'minoti tashkil qilindi.