Biz 2030-yilda qanday Markaziy Osiyoni koʻrishni xohlaymiz, degan savol nihoyatda muhim. Bu masala boʻyicha yondashuvlarimizni kelishib olmasak, biz oldinga siljiy olmaymiz.
Markaziy Osiyoning ideal modeli – bu ichki nizolar va qarama-qarshiliklardan xoli, umumiy manfaatlar va ustuvorliklar bilan birlashtirilgan, hamma uchun umumiy qadriyatlar va anʼanalarga asoslangan mustahkam va yaxlit mintaqadir.
Biz intilishimiz kerak boʻlgan asosiy narsa mintaqaviy hamkorlik jarayonlarini, jumladan, chegara masalalarini hal etishda hamon toʻsqinlik qilayotgan mavjud fundamental kelishmovchiliklarni bartaraf etishdir. Chegaralar bizni ajratishi emas, birlashtirishi kerak.
Oʻzbekiston Prezidenti “Chegaralarimiz doimo doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik hududi boʻlgan va shunday boʻlib qoladi”, deb bir necha bor taʼkidlagan.
Shuning uchun, barcha kelishmovchiliklarga qaramay, oʻzaro maqbul murosaga erishish muhimdir. Bu nafaqat bir-biri bilan chegaradosh aniq ikki davlat, balki butun mintaqa uchun muhim.
Ideal modelning ikkinchi elementi oʻz ixtiyorida muloqot va hamkorlik uchun barcha zarur platforma va mexanizmlarga ega boʻlgan Markaziy Osiyo boʻlishi kerak.
Agar barchani qiziqtirgan aniq sohalarda – iqtisodiyot va savdodan tortib, taʼlim va madaniyatgacha boʻlgan oʻzaro hamkorlik mexanizmlari ishlamasa, mintaqaviy hamkorlik toʻliq ishlamaydi.
Markaziy Osiyoning 2030-yildagi ideal modelining uchinchi elementi – bu aslida asosiy, tayanch tuzilmaga aylanishi kerak boʻlgan mintaqaviy oʻziga xoslikdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Choʻlpon-Ota shahrida boʻlib oʻtgan mintaqa davlatlari rahbarlarining IV Maslahat uchrashuvida “Madaniyat, taʼlim, sport va turizm sohasida hamkorlik dasturlarini amalga oshirish boʻyicha ishlarni kuchaytirish, shuningdek, umumiy tariximizni chuqur oʻrganish”ni taklif qildi.
Bizning maqsadimiz nafaqat umumiy manfaatlarga, balki barcha umumiy qadriyatlar va anʼanalarga asoslangan barqaror va koʻp bosqichli aloqalar modelini yaratish boʻlishi kerak.
Har birimiz oʻzimizni nafaqat oʻz yurtining, balki butun mintaqamizning vakili sifatida his qilishimiz, umumiy madaniy-tarixiy merosimiz bilan faxrlanishimiz kerak.
Maʼlumot uchun: Joriy yilning 20-yanvar kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo-2030: kelajak qiyofasi” ekspertlar uchrashuvi boʻlib oʻtmoqda.
Unda Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari huzuridagi strategik tadqiqotlar institutlari rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari boʻyicha ekspertlar, Qozogʻiston Respublikasi davlat organlari vakillari ishtirok etmoqda.