Displey qarshisidagi o'ylar

    Oʻzlari koʻrmagan, bilmagan, tahliliga aqllari noqis biror voqeani koʻpirtirib, atrofdagilarni chalgʻitishda ularga yetadigani yoʻq. Bir kishining yutugʻini emas, xatosini kutib yashash ularning sevimli mashgʻuloti.

    XX asr yakunida XXI asr haqida ilmiy bashoratlar qilingan edi. Yangi yuzyillikda nimalar boʻladi? Taraqqiyot oʻzani qaysi tomonga ketadi? Dunyo siyosatdonu faylasuflari, tarixchi, jamiyatshunoslari turfa fikrlarni bildirgan edilar. Ulardan aksariyati XXI asr boshida axborot kommunikatsiyasi jadal rivojlanishi, globallashuvning keskinlik choʻqqisiga chiqishini bashorat qildilar. Bashoratlar yuz koʻrsatib, dunyoda ajab voqealar yuz bermoqdaki, ular insoniyat hayotini tubdan oʻzgartirib yubormoqda.

    Taraqqiyot oʻzani qayoqqa burildi? Ijobiy tomongami yoki salbiy? Har ikki tomonga ham. Bir tomondan, amalga oshishi qiyin, bir vaqtlar mubolagʻa qilingan voqealar bugun oddiy hodisaga aylandi. Odamlar yerni tomosha qilish uchun yerdan 90-100 kilometr balandlikka sayohat qilib, endi koinotni-da sayr qilish maydoniga aylantirmoqda. Ikkinchi tomondan, globallashuv fonida ayrim illatlar dunyoga tarqalmoqda. Axloqsizlik, dangasalik, boqimandalik, loqaydlik, individualizm, hayotga yengil qarash, insonni qadrsizlantirish, jamiyatni mensimaslik – egotsentrizm, vahshiylik, ekstremizm va terrorizm odatiy holga aylanayotir.

    Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yaxshilikka ham, yomonlikka ham xizmat qilmoqda. Shunday vaziyatda jahon mamlakatlari orasida tenglar ichra teng boʻlib, barqaror turish qiyin. Taraqqiyotning yangi-yangi bosqichlariga qadam qoʻyib, 35 millionli xalqni birlashtirib, xalqaro siyosiy maydonda oʻz oʻrniga ega boʻlish undan ham qiyin. Sezganingiz, gap yangi Oʻzbekiston — uzoqni koʻzlab, sharafli yoʻlga chiqqan Vatanimiz haqida ketmoqda.

    Darhaqiqat, Oʻzbekiston oʻz tarixining yangi davriga qadam bosdi. Yurtimiz har jabhada yangilanib, insonlar hayotida keskin ijobiy oʻzgarishlar yuz bermoqda. Koʻz tegmasin. Yurtimizda yuritilayotgan odilona siyosat Prezidentimiz atrofiga birlashayotgan adolatli, vatanparvar va fidoyi davlat xizmatchilari bilan yana-da mustahkamlanib bormoqda.

    Mamlakatni har jihatdan rivojlantirish, har bir shaxsda faol fuqarolik pozitsiyasi va mustaqil fikrlash koʻnikmasini qaror toptirish, poraxoʻrlik va korrupsiya kabi illatlarni ildizi bilan sugʻurib tashlashga yeng shimarib kirishdik. Yoshlarni barkamol insonlar etib tarbiyalab, taʼlim berib, Uchinchi Renessans poydevorini yaratyapmiz.

    Albatta, bu hammaga ham yoqavermaydi. Oʻzbekistonning ana shunday tinch kunini, farovonligiyu yangi taraqqiyot – dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoridan munosib oʻrin egallayotganini koʻra olmaydigan, unga dushmanona qarab, oyogʻiga chil berishni niyat qilgan gʻalamis “doʻst”larimiz ham yoʻq emas.

    Bugungi globallashuv davri har bir fuqaroni virtual munosabatlar faoliga aylantirib qoʻydi. Har qanday shaxs ijtimoiy tarmoqdagi bahsu munozaralarda qatnashish imkoniga ega.

    Bu yaxshi, albatta. Ammo ularning bilimi qay darajada talabga javob beradi? Ular ijtimoiy tarmoqdan foydalanish madaniyatiga egami? Bu borada ularning siyosiy-huquqiy madaniyati, bilim, koʻnikma va malakasi yetyaptimi? Oʻzgalarning majburiyatini bilish barobarida oʻzining ham burchli ekanini, har qanday baxtu saodatga, tinchlik, farovonlikka vaqt va mehnat orqali erishilishini anglashyaptimi?

    Agar bu savollarga “Yoʻq!” javobini oladigan boʻlsak, demakki, muammo bor. Tinchligimizga axborot texnologiyalariga “minib” kirib kelayotgan tahdidlar bor. Afsuski, ularni yoʻqotish uchun qiladigan ishlarimiz ancha.

    Bu esa oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Oʻzbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichida xalqimiz bir tanu bir jon boʻlib, jamiyat hayotining barcha sohalarini birdek rivojlantirish yoʻlida yana-da jipslashib, barcha kuchu imkoniyatini milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari oʻtish yoʻlida sarf qilishini talab etadi. Ayniqsa, bunda yoshlarning oʻrni va roli beqiyos boʻlib, ular shu maqsadga erishishda boshqalardan koʻra koʻproq burchli ekanliklarini anglab yetmoqlari, islohotlarning tom maʼnodagi tashabbuskori va faol ijrochisi boʻlmoqlari kerak.

    Xoʻsh, haqiqatan ham shunday boʻlmoqdami?

    Ming afsuski, bu savolga toʻlaqonli ijobiy javob berish qiyin. Guruch kurmaksiz boʻlmaydi. Oramizda, yaʼni shu yurtning farzandiman degan odamlar ichida, yuqorida taʼkidlaganimizdek, “doʻst”larimizga qoʻshilib, tashqaridan turib tosh otib qochadigan, kimningdir boshini yorib, huzurlanadigan kimsalar borligi ham haqiqat.

    Ular nima karomat koʻrsatyapti? Nimasi bilan “doʻst”lik qilyapti?

    Ular doʻstning emas, dushman yoʻlini tanlamoqdalar. Yosh bolaning ishini tutmoqdalar. Bolalarda bir odat bor: biroz yoʻl bersangiz, boshingizga chiqishadi. Erkalasangiz, suiisteʼmol qilib, sizni boshqarmoqchi boʻladi. Oʻzi sizni ayamasdan uradi, siz oʻzingizni himoya qilib, qoʻlini qaytarsangiz, ayyuhannos soladi. Ishlamaydi, biroq yeb-ichib, yana taomni isrof qilib, sochib tashlaydi. Tanbeh bersangiz, dodlab yigʻlaydi, atrofdagilarni bezovta qiladi.

    Biz aytayotgan “doʻst”larimiz xatti-harakatlari ham xuddi shu holatni eslatib yuborpti. Jamiyatning rivojiga zigʻircha hissasi yoʻq, millat, davlatning yuksalishi yoʻlida bir choʻpni bir joydan boshqa joyga olib qoʻyishga yaramaydilar. Ming ishidan biri toʻgʻri boʻlsa bordir, boʻlmasa u ham yoʻq. Ammo Vatan ravnaqi yoʻlida kunu tun tinim bilmay, jon kuydirib, fidoyilarcha mehnat qilayotgan davlat xizmatchilarining mingta ishidan bittasida kichik bir kamchilik sezib qolsalar (bu kamchilikni oʻz qarichlari bilan oʻlchab aniqlashadi), qolgan toʻqson toʻqqizta ishini ham yoʻqqa chiqarib, ustidan magʻzava agʻdaradilar.

    Oʻzlari koʻrmagan, bilmagan, tahliliga aqllari noqis biror voqeani koʻpirtirib, atrofdagilarni chalgʻitishda ularga yetadigani yoʻq. Bir kishining yutugʻini emas, xatosini kutib yashash ularning sevimli mashgʻuloti.

    Ular butun jamiyat nomidan gapirishni yaxshi koʻradilar. Oʻzlarida yoʻq narsani butun bir xalqda yoʻq, deb oʻzlarining kichik bir muammosini butun bir mamlakatning muammosi, deb baqiradilar. Ularning koʻziga ajabtovur linza oʻrnatilgan yoki gʻaroyib koʻzoynak taqib olganlar. Bu linza va koʻzoynak – yaxshi, ijobiy narsalarni koʻrsatmaydi. Kichik-kichik muammo va kamchiliklarni katta-katta qilib koʻrsatadi.

    Bu moslama ming-minglab qurilayotgan uylarni, katta-katta shaharu shaharchalar, qishlogʻu mahallalarni, zavodu fabrikalar, yoʻllaru maydonlarni, bogʻu boʻstonlar va saroyu gulistonlarni koʻrsatmaydi. Ammo qaysidir bir chekkada hali navbat yetmagani uchun uy ololmay turgan oilalar va “bersang – yeyman, ursang – oʻlaman” deb turgan boqimandalarni koʻradi. Bir xalta guruch ichidagi bir guruchni – or-nomusini unutib, moʻmay daromad ilinjida qoʻlini haromga urayotgan ayrim korrupsionerlar va oʻzi ishini eplay olmagan baʼzi notavonlarni qoʻsha-qoʻshalab koʻrcatadi.

    Muammo nimada? Muammo shundaki, bunday moslamani taqib olgan kimsalarning harakati maʼlumotni oʻzi va atrofidagi bir-ikki kishiga yetkazish bilan toʻxtamaydi, balki zamonaviy axborot texnologiyalari orqali butun dunyoga yoyib, uydirma maʼlumotlar bilan odamlarni chalgʻitadi. Noxolis xabarlar bilan davlat xizmatchilariga, davlat va jamoat tashkilotlariga tuhmat qilishayotganini bilishadi.

    Lekin biz ularning axborot va soʻz erkinligi bahonasida goʻyoki mamlakat taraqqiyotiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni sanash va ularga yechim topishga urinib, aslida yoshlarning oʻz Vataniga, davlatiga salbiy munosabatini shakllantirishga intilayotganlarini yaxshi bilamiz.

    Masalan, soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini siyosiy bilimdon koʻrsatib, mamlakatimizdagi ijobiy ishlarga koʻz yumib, xususiy muammolarni umumiy qilib koʻrsatishga urinayotgan “donolar” koʻpayib borayotganini siz ham sezib turgan boʻlsangiz kerak.

    Aziz vatandosh! Ogohlantirib qoʻyish bizning burchimiz: ularning maqsadi hargiz sizu bizga yaxshilik emas. Aksincha, rahbarlarni haqoratlash, davlat xizmatchilariga, sizu bizning tinchligimiz, xotirjamligimiz posbonlariga tuhmat toshlarini otish. Shu orqali sizni, ayniqsa, gʻoʻr yoshlarimizni oʻz Vatani, 30 yoshga kirayotgan oʻz davlatiga qarshi gij-gijlashdan iborat. Ularni harakatga keltirayotgan narsa vijdon, jonkuyarlik emas, jigʻildon. Buni unutmaylik.

    Bundan ularga qancha moddiy, qancha maʼnaviy manfaat borligini aniq bilmaymiz. Ammo ularning homiylariga juda katta foyda bor. Homiylarning maqsadi – fuqaro bilan davlat orasiga pona qoqish. Odamlarni davlat siyosiy tizimiga qarshi chiqishga undash va bunda sopini oʻzidan chiqarish.

    Shu maqsadda ular xalqning tinchligini buzadilar, ichki nizolarni boshlab beradilar. Rangli (qonli) inqilob ostonasiga yetaklaydilar. Keyin-chi, keyin nima boʻladi? Endi bu yogʻi alohida masala. Tushundingiz-a?!

    Shunday ekan, biz mafkuraviy maydonda “It hurar, karvon oʻtar” deb, himoya pozitsiyasidan chiqib, hujum pozitsiyasini egallashimiz kerak. Aks holda kech qolishimiz mumkin. Chunki qarshimizda turgan raqiblarimiz allaqachon oramizdagi gʻoyaviy zaif insonlarni majoziy maʼnoda asir qilib olishga ham ulgurmoqdalar. Gʻoyaviy zaif shaxslarda siyosiy bilim yetarli emas, hayotiy tajriba kam. Ular hatto bajarayotgan ishlarini notoʻgʻri ekanini ham anglab yetmaydilar, aksincha, toʻgʻri yoʻldaman, deb oʻylaydilar.

    Nima qilmoq kerak?

    Birinchidan, fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodga axborotni qabul qilish madaniyatini oʻrgatishimiz, ularda mustaqil, tanqidiy fikrlash koʻnikmasini qaror toptirishimiz kerak. Zero, har bir shaxs axborotni qabul qilishdan avval unga nisbatan: “Bu maʼlumotni kim tarqatmoqda?”, “Nega tarqatmoqda?”, “Unga indamay qoʻysam, yo doʻstlarimga yuborsam, tarqatuvchi qanday naf koʻradi?”, “Unga indamay qoʻysam, yo doʻstlarimga yuborsam, vatandoshlarim qanday naf koʻradi?” degan savollar filtridan oʻtkazib, munosabat bildiraylik.

    Hech bir maʼlumot oʻz-oʻzidan yozilib qolmaydi. Uni kimdir, biror maqsad bilan tayyorlaydi. Shunday ekan, koʻz oldimizda turgan axborotning kimga foyda, kimga zararligini aniqlab olaylik. Agar uzatilayotgan maʼlumot davlat va jamiyat manfaatlariga zid boʻlsa, u holda uni inkor qilish va qabul qilmaslik bilan cheklanmaylik. Unga qarshi oʻz munosabatimizni dadil bildirishga kirishaylik. Aks holda loqaydlik boʻladi. Loqaydlik esa balolarni bolalatadi. Tinchimizni oʻylab, yo erinib, balolarning bolalashiga hissa qoʻshmaylik.

    Ikkinchidan, zamonaviy axborot texnologiyalari, internet va ijtimoiy tarmoqlardan oʻzimizga foyda olishni oʻrganishimiz kerak. Masalan, qayerdaki qaysidir sohada yangi natijalarga erishilsa, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish bilan bir vaqtda darrov ijtimoiy tarmoqlarda ham keng ommalashtirilishini taʼminlashimiz kerak. Shu maqsadda vatanparvar targʻibotchilar boʻlib uyushishdan qoʻrqmasligimiz kerak. Nima uchun yov uyushgan, yalogʻi bir trollar toʻdalarini tuzadi-yu, biz ularga qarshi birlashishdan, ularning tanqididan choʻchishimiz kerak!? Tushunarsiz holat emasmi bu?!

    Uchinchidan, fuqarolarni oʻz davlatiga qarshi qayraydigan gʻoyalarni toʻxtataylik. Islohotlarga tuhmat qilayotgan har qanday kanal, guruh, bot va boshqalarni taqiqlash fursati yetmadimi? Bilib-bilmay ularning tegirmoniga suv quyayotgan shaxslarga ommaviy izza, intizomiy chora koʻrish amaliyotini huquqiy jihatdan mustahkamlash zarur. Bugun profilaktika, terapiyani qoʻllamasak, ertaga xirurgiya orqali hal qilishimizga toʻgʻri kelishi mumkin. Kichik bir oʻsimta tomir yoyib, gazak olib, bedavo dardga aylanib ketishi mumkin.

    Mazkur masalada barchani daxldorlikka chorlagan holda, soʻzimizni Prezidentimizning qalam ahliga qarata aytgan quyidagi fikrlarini keltiramiz: “Bugun avlodlar, ijodiy maktablar, anʼanalar, tushuncha va tasavvurlar yangilanmoqda. Internet zamoni oʻz talab va qoidalarini ilgari surmoqda. Ana shunday murakkab oʻtish davrida milliy jurnalistikamiz ilgari kuzatilmagan turli sinov va qiyinchiliklarga duch kelayotganini eʼtirof etish va ularni birgalikda bartaraf qilish haqida oʻylashimiz lozim”.

    Otabek BOZOROV,

    falsafa fanlari boʻyicha falsafa doktori