“O'zbekneftgaz” AJ ko'magi bilan Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Rossiyaning “XG OSNOVA” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “OR-1626” markali “Decleave” deemulgatorining samaradorligini baholash bo'yicha tajriba sinovlari o'tkazildi. Yoqilg'i sifatini o'rganish uchun “Djet A-1” yoqilg'isining sanoat-tajriba partiyasi ishlab chiqildi, deb yozmoqda “O'zbekneftgaz” AJ axborot xizmati.
Ta'kidlanishicha, “XG OSNOVA” MCHJ “MIRRIKO” kompaniyalar guruhiga kiradi. Ushbu kompaniya samarali va ishonchli yechimlarni izlayotgan neft va gaz qazib olish va neftni qayta ishlash, kimyo va neft-kimyo, tog'-metallurgiya korxonalari uchun turli xil kimyoviy yechimlar va noyob texnologiyalarni ishlab chiqadi va joriy qiladi.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida “OR-1626” markali “Decleave” deemul`gatoridan foydalangan holda tajriba tariqasida tayyorlangan “Djet A-1” aviatsiya yoqilg'isi Butunrossiya neftni qayta ishlash ilmiy tadqiqot institutida malaka sinovlaridan o'tkazildi. Sinov xulosalariga ko'ra, zavodda deemulgatorni ishga tushirish natijalari ijobiy deb topildi.
2022-yilning 13—16-aprel kunlari “MIRRIKO” kompaniyalar guruhining mutaxassislari Nikita Makarov va Ruslan Mirzagayanovlar ushbu tajriba sinovlarini kuzatish uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga tashrif buyurishdi.
Xorijlik mutaxassislar tashrif davomida “ELOU-2” qurilmasiga yetkazib beriladigan neftni (OR-1626 markali deemul`gatori yordamida) suvsizlantirish va tuzsizlantirish maqsadida reagentli ishlov berish, Neft va gaz kondensati aralashmasini atmosferali haydash qurilmasini (OR-2001 markali Scimol korroziya ingibitori yordamida), Gazoylni gidrotozalash va Katalitik riforming qurilmasini (OR-2004 markali Scimol korroziya ingibitori yordamida) korroziyadan kimyoviy va texnologik himoya qilish jarayonlarini texnik kuzatib bordi.
Shuningdek, reagentlarning texnologik qurilmalarda qo'llanilishini tekshirish, dozalash va yetkazib berishni nazorat qilish ishlari ham amalga oshirildi. Tahlil natijalariga ko'ra, deemulgatorning sarfi va korroziya ingibitori samaradorligi bo'yicha baholash o'tkazilib, “MIRRIKO” mutaxassislari tomonidan tegishli tavsiyalar olindi. Reagentlardan sanoatda foydalanishga oid texnik hisobotlar imzolandi.