Savol: Biologik otalikni aniqlamoqchiman, buning tartibi qanday?

— Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida biologik otalik faktini aniqlash boʻyicha tadqiqotlar fuqarolarning arizasiga binoan yoki tergovchi, prokuror, surishtiruvchi, sudyaning qarori va sudning ajrimi asosida oʻtkaziladi.

Birinchi xolatda fuqarolar oʻz xohishiga koʻra, Markazga ariza bilan murojaat qilib, qon yoki soʻlak namunalarini topshiradi va tadqiqotlar uchun tarifda belgilangan toʻlovni amalga oshiradi. Ushbu tadqiqotlari natijasi mutaxassis fikri deb ataladi.

Agar Sizga ekspertiza xulosasi zarur boʻlsa, unda Siz fuqarolik ishlari boʻyicha sudga murojaat qilishingiz zarur. Sudning ajrimiga asosan va sud tomonidan belgilangan kunda Markazda yoki sud tomonidan koʻrsatilgan boshqa biror-bir tibbiyot muassasasida qon yeki soʻlak namunalari olish jarayoni oʻtkaziladi.

Ekspertiza tayinlash xaqidagi ajrim, solishtirma namunalar va tadqiqotlar uchun toʻlov pattasi nusxasi Markazga taqdim qilingandan keyin ekspertiza tadqiqotlari oʻtkaziladi va ularning natijasi ekspertiza xulosasi bilan rasmiylashtiriladi.

Savol: Otalikni aniqlash uchun ona ham namuna topshirishi zarurmi?

— Bola har bir gen uchastkasidagi, har bir lokusidagi allellardan birini onasidan olgan boʻlsa, ikkinchisini otasidan olgan boʻladi.

Bolaning aynan shu onadan tugʻilgani shubhada boʻlmagan xolatlarda bu qoʻshimcha ravishda otalik faktining qatʼiyligini oshiradi. Bu bilan faqat ota va bola tekshirilganda notoʻgʻri natija beriladi degani emas.

Shunchaki, gumonda taxmindagi otaning akasi, ukasi yoki biror bir yaqin qarindoshi boʻlsa, genlarning tasodifiy mos kelib qolishi havfi mavjud.

Onaning namunasi ham tadqiq qilindanda bunday moslik kuzatilishi deyarli yoʻqqa teng. Shuning uchun odatda solishtirma namunalar ota, ona va boladan olinadi.

Savol: DNK ekspertizasining narxi qancha?

— Bizning markazdagi odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasida fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan tayinlangan ekspertizalar va fuqarolarning murojaatlariga koʻra oʻtkaziladigan tadqiqotlar belgilangan tarifga binoan toʻlov asosida oʻtkaziladi.

Pullik xizmatlarni koʻrsatish Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan Tariflar asosida amalga oshiriladi.

Tadqiqot narxini belgilashda tadqiqotning murakkabligi, tekshiriladigan obyektlarning soni hamda ushbu tadqiqotga sarflanadigan reagentlar inobatga olinadi.

Xozirgi kunda ushbu toʻlovlarning 3 xil tarifi belgilangan.

Oddiy tadqiqotlar — 2 083 707 soʻm,

oʻrtacha qiyinlikdagi tadqiqotlar — 4 021 189 soʻm,

murakkab tadqiqotlar uchun — 6 214 564 soʻm qilib belgilangan.

Bu albatta tadqiqot obyektlaridan kelib chiqib belgilanadi. Misol uchun tirik shaxslarning qon yoki soʻlak namunalari 5 tagacha boʻlganda tadqiqotni minimal narxda toʻlanadi, yaʼni 2 083 707 soʻm. Bundan koʻrinib turibdiki, bu summaga ota, ona va 3 farzandning DNK tahlilini olish imkoni mavjud.

Savol: DNK ekspertizasini oʻtkazish uchun nima topshirgan yaxshi: soʻlakmi yo qon namunasi? Soch tolasidan ham DNK olsa boʻladimi?

— Oʻzi aslida odam bitta otalangan tuxum hujayradan paydo boʻladi. Shu sababli insonning barcha hujayralaridagi DNK bir xil va umri davomida oʻzgarmas boʻladi.

Shuning uchun qon topshirasizmi yoki soʻlak — buning umuman ahamiyati yoʻq. Dunyoning aksariyat mamlakatlarida tirik shaxslardan DNK uchun soʻlak namunasi olinadi. Bu oson va qoʻlay.

Albatta soch tolasi ham bizning obyektimiz hisoblanadi. Ammo soch tolasi ildiz qismi bilan boʻlishi lozim. Qirqib olingan soch tolasida yadro DNKsi yoʻq. Soch tolasini olish “invaziv”, yaʼni ogʻriq berib olish usuli hisoblanadi.

Shu sababdan Markazimizda solishtirma namuna sifatida shaxslardan soch tolasi olinmaydi. Ammo jinoyat ishlarida voqea joyidan topilgan soch tolalari boʻyicha ekspertiza koʻp tayinlanadi. Aksariyat xolatlarda ildiz qismi boʻlsa, albatta yaroqli natija beriladi va ushbu soch tolasini kim tomonidan qoldirilgani identifikatsiya qilinadi.

Savol: Farzandimning DNK tahlilini oʻtkazmoqchiman. Tahlil natijalari mendan boshqa yana kimlarga maʼlum qilinadi?

— Fuqarolarning murojaatlari asosida oʻtkaziladigan odam DNKsi tahlili natijalari faqatgina murojaatchinig oʻziga maʼlum qilinadi. Tahlil natijasidan manfaatdor uchunchi tomonga (masalan buvi, bobo, yaqin qarindoshlariga) maʼlumot berilmaydi.

Sud va tergov organlari tomonidan tayinlangan ekspertizalar boʻyicha ham shunday, tadqiqot xulosasi faqatgina ekspertiza tayinlangan organga yuboriladi.

Savol: Biologik otalikni otaning namunasisiz ham tekshirsa boʻladimi?

— Biologik otalikni qatʼiy belgilash uchun taxmindagi otaning namunasi zarur. Ammo, baʼzi bir holatlarda, masalan biologik ota vafot etgan boʻlishi mumkin, chet elda boʻlgani yoki boshqa bir sabablarga koʻra namuna topshirishning imkoniyati yoʻq holatlarda uning yaqin qarindoshlari namunalari orqali biologik otalikni tekshirib koʻrsa boʻladi.

Misol uchun, uning ota-onasi, aka ukalari, opa-singillari namunalari topshirilganda qarindoshlikni maʼlum bir miqdorda aniqlash mumkin. Qarindoshlarning soni qancha koʻp boʻlsa, ushbu turdagi tadqiqotlarning aniqlik darajasi oshadi.