Oʻzbekiston Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6165 sonli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-fevraldagi “Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora tadbirlar toʻgʻrisida”gi 100 sonli qarori ijrosi doirasida Bosh vazir oʻrinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirigʻi bilan Rossiya Federatsiyasining Dogʻiston Respublikasida “Imomlar yurtiga sayohat” yoʻnalishidagi targʻibot ishlari boshlandi.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatimizning RFdagi elchixonasi hamda Rostov-Dondagi Bosh konsulligi koʻmagida Dogʻiston Respublikasining Maxachkala shahriga tashrif buyurdi.
Dastlab Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillarining Dogʻiston Respublikasining milliy siyosat va din ishlari boʻyicha vaziri Enrik Muslimov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Enrik Muslimov Oʻzbekiston delegatsiyasi tashrifidan xursand ekanini maʼlum qilib, mamlakatimizning ziyorat turizm salohiyatini yuksak eʼtirof etdi. Shu bilan birga, vazir Oʻzbekiston-Dogʻiston oʻrtasidagi aloqalar yuksak darajada rivojlanishi tarafdori ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda shuningdek Dogʻiston Respublikasi muftiysining birinchi oʻrinbosari Ahmad Xoji Kaxayev ham ishtirok etib, Bahouddin Naqshbandiy, Imom Al-Buxoriy, Imom At-Termiziy kabi dunyoga mashhur allomalarimizning islom olamidagi muhim oʻrnini eʼtirof etdi. Ahmad Hoji Kaxxayev ushbu tashrif uchrashuvlari ortidan tomonlar oʻrtasida ziyorat turizmi rivojlanishidan juda mamnun ekanini taʼkidladi.
Bundan tashqari, delegatsiya tashrifi doirasida muftiatda Dogʻiston Respublikasi muftiysi, Musulmonlar markaziy maʼnaviy boshqaruvi raisi Shayx Ahmad xoji Abdullayev bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muftiy ziyorat turizmini rivojlantirish orqali ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash hamda diniy bilimlar boʻyicha taʼlim turizmini ham rivojlantirish ayni muddao ekanini taʼkidladi.
Dogʻiston tomon delegatsiyamiz tarkibidan oʻrin olgan oʻzbekistonlik taniqli hattot Habibulloh Solihni dogʻistonlik pedagoglar uchun malaka oshirish kurslari, talabalar uchun esa hattotlik boʻyicha mahorat darslarini oʻtishga taklif qildi.
Shundan soʻng Maxachkala shahridagi Tarixiy parkda Oʻzbekistonning ziyorat turizm salohiyati taqdimoti hamda hattotlik boʻyicha mahorat darsi oʻtkazildi. Tadbirni Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi maslahatchisi Oʻtkir Saidov ochib berdi, shundan soʻng Qoʻmita huzuridagi Milliy PR markazi rahbari Jamshid Babadjanov tomonidan - taqdimot, taniqli hattot Habibulloh Solih tomonidan mahorat darsi oʻtkazildi. Taʼkidlash joizki, taqdimot va mahorat darsi yigʻilganlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Oʻzbekiston va Dogʻiston turoperatorlari oʻrtasida oʻtkazilgan B2B formatidagi uchrashuvlar ham dogʻistonliklarning yurtimizga boʻlgan qiziqishini tasdiqladi. Ushbu uchrashuvlarga Dogʻiston tomondan 30 ga yaqin turoperator tashrif buyurib, oʻzbekistonlik turoperatorlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamladi.
Kun soʻngida Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasining mohir oshpazlari tomonidan milliy taomimiz boʻlmish palov tayyorlanib, dogʻistonliklarga tortiq etildi. Dogʻistonliklar palov taʼmini yuqori baholashdi.
Tashrif doirasidagi barcha tadbirlar Dogʻistonning mahalliy ommaviy axborot vositalarida yoritildi.
Umid qilamizki, tizimli ravishda tashkil etilayotgan bu kabi tadbirlar Oʻzbekiston-Dogʻiston aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqib, kelgusida mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimi oshishiga yana-da kuchli turtki beradi.