“Doiradan tashqari” qishloq”

    Ijtimoiy hayot 3 Iyul 2020 1058

    Bir paytlar insonlar uchun orzu boʻlgan, ularni hayratga solgan “aqlli” texnologiyalar bugunga kelib hayotimizning barcha jabhalariga jadal kirib bormoqda. Turli korxonayu tashkilotlar, xizmat koʻrsatish maskanlarida “Smart” qurilmalaridan foydalanish odatiy holga aylandi. Xizmat koʻrsatishning inson omili aralashmaydigan bu kabi axborotlashgan shakli mamlakatimiz aholisiga qulaylik yaratish barobarida, ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qoʻyib, tizimlarda amalga oshirilayotgan jarayonlarning shaffofligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.

    Yangi Oʻzbekiston gazetasida eʼlon qilingan “Smart Qurilish: tezkor va zamonaviy nazorat tizimi” sarlavhali maqolada shunday mulohazalarni oʻqiysiz. Material muallifi, tahririyat muxbiri Iroda Toshmatovaning yozishicha, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligida joriy yilning yanvar oyidan test rejimida sinovdan oʻtkazilayotgan ana shunday zamonaviy texnologiyalardan biri — “Smart qurilish” kompleks axborot tizimi ham iyun oyidan toʻliq amaliyotga tatbiq etildi.

    "...Muayyan davrlar oraligʻida Vatanimiz hududidan buyuk siymolar yetishib chiqqan. Ular bashariyat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshishgan. Buni koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz. Lekin tabiiy bir savol tugʻiladi: ushbu insonlar aql-tafakkur, ilm-fan, maʼnaviyat-maʼrifat bobida qanday qilib bunday oliy maqomlarga erishgan? Ular qayerda oʻqigan, kimlardan taʼlim olgan?” Xalq soʻzi gazetasida Dilshod Karimovning Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati aʼzosi, texnika fanlari doktori, professor Rustam Xolmurodov bilan uyushtirgan “Tamaddun daryosi hamon oqmoqda ravon” sarlavhali suhbatida ushbu savollarga javob topasiz. Xususan, materialda qayd etilishicha, tarixchi-olimlar, ilm-fan namoyandalari, xalqaro ekspertlar Samarqand davlat universitetini 1420-yildan faoliyat koʻrsata boshlagan Mirzo Ulugʻbek madrasayi oliyasining vorisi, deb hisoblaydilar.

    Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasi “Adiblar xiyoboni – maʼrifat boʻstoni” doimiy rukni ostidagi “Muazzam ijodiyot timsoli” nomli maqola bilan boshlangan. Unda Navoiy haykali timsolida daho shoir siyrati haqida soʻz boradi. Jamoliddin Muslimning “Baraka darvozasi” publitsistik materialida esa Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifidan keyingi mulohazalar haqida oʻqiysiz. Oshiq Erkin va Sagʻima Solihovaning turkum sheʼrlari, adib Shoyim Boʻtayevning “Urugʻ” nomli hamda taniqli jurnalist Abdujalol Taypatovning “Chollar” nomli voqeiy hikoyalari ham gazeta sahifalaridan joy olgan.

    “Qishloqda yashaydigan odam shaharni, shaharda yashaydiganlar boʻlsa, qishloqni qoʻmsaydi. Toʻgʻrida, maza-maza shaharliklarga maza. Tok bor, gaz bor, issiq suv, sovuq suv bor — barchasi muhayyo boʻlsa. Yana nima kerak? Har kuni bozor. Bay-bay. Faqat pul boʻlsa bas. Ammo yozning saratonida katalakdek xonada diqqinafas boʻlib qishloqni, keng uchastkani orzu qiladi. Ochigʻini aytganda, shaharda ham, qishloqda ham yashashning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor. Lekin qishloqda... ” Jamiyat gazetasida bosilgan “Doiradan tashqari” qishloq” sarlavhali maqola ana shunday mulohazalar bilan boshlanadi. “Tomoshabin yigʻish uchun uyat-andisha yigʻishtirildimi?” nomli materialda esa ayrim telekanallarda efirga uzatilayotgan “Ochiqchasiga gaplashamiz”, “Meni kechir” kabi tok-shoularda odamlar oʻz baxtsizligi haqida “ogʻiz koʻpirtirib” gapirishga odatlanib qolgani tanqid ostiga olinadi.

    Vatanparvargazetasida “Egasiga berilmagan «qoraxat» yoxud jasur jangchi Hadiyaboy Murodov haqida ocherk” berilgan. Unda yozilishicha, kolxozga Hadiyaboy Murodovning urushda qahramonlarcha halok boʻlgani haqida «qoraxat» keladi. Rais pochtachidan bu xabarni eshitishi bilanoq kolxoz faollarini yoniga toʻplab shunday deydi: “Bu haqda hech kimga bildirmay turamiz. Hadiyaboyning onasi keksa, ham kasalmand, bu gʻamni koʻtara olmaydi. Ehtimol anglashilmovchilik boʻlgandir...”. Ammo oʻzi haqidagi gap-soʻzlardan bexabar Hadiyaboy bu vaqtda harbiy gospitalda davolanayotgan edi...

    “Bugun jahon siyosatchilari, olimlar, umuman, bashariyatning ertangi taqdiriga befarq boʻlmagan har bir inson tomonidan terrorizm, diniy ekstremizm, giyohvandlik, geosiyosiy toʻqnashuvlar, ekologik muammolar, moddiy va maʼnaviy inqirozlar qatorida korrupsiya ham eng xatarli voqelik sifatida tashvish bilan tilga olinmoqda, — deyiladi Kuch — adolatda gazetasida bosilgan “Korrupsiya: uning oldini olish va unga qarshi kurashish faoliyati muvofiqlashtiriladi” sarlavhali materialda. — Bu bejiz emas, albatta. Chunki korrupsiya jamiyatni turli yoʻllar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir...”