Donald Tramp muhojirlarni deportatsiya qilish qaroriga izoh berdi

    AQShda prezidentlik saylovlarida g'alaba qozongan Donald Tramp saylovoldi kampaniyasidagi ommaviy deportatsiya haqidagi va'dasini bajarishdan boshqa chorasi yo'qligini aytdi.

    “Gap narx masalasida emas. Bizda aslida tanlov yo'q... Bu yerda narx yo'q”, dedi Tramp NBC telekanaliga bergan intervyusida, uning ommaviy deportatsiya rejasining narxi haqida so'ralganda.

    Tramp uchun immigratsiya siyosatini kuchaytirish saylov kampaniyasining asosiy jihatalridan biriga aylandi. U Jo Bayden ma'muriyatining “o'ta yumshoq” siyosati Amerika Qo'shma Shtatlarini uchinchi dunyo davlatiga aylanishiga olib kelganini bir necha bor ta'kidladi. Tramp o'z chiqishlarida migrantlarga nisbatan qattiqroq choralar ko'rish va mavjud migratsiya dasturlarini qayta ko'rib chiqish zarurligini ta'kidladi. Avvalroq Axios portali manbasiga tayanib, Tramp agar saylansa, hukumatning barcha darajadagi huquq-tartibot idoralari xodimlari yordamida millionlab noqonuniy muhojirlarni deportatsiya qilmoqchi ekanligini xabar qilgan edi. New York Times gazetasining yozishicha, u muhojirlar uchun lagerlar tashkil etishni rejalashtirgan va ular mamlakatdan deportatsiya qilinishdan oldin u yerda vaqtincha yashab turadi.

    2016-yilgi saylovlardan keyin AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp, 5-noyabr kuni bo'lib o'tgan prezidentlik saylovlarida yana g'alaba qozondi. U XIX asrdan beri to'rt yillik tanaffusdan so'ng Oq uyga qaytgan birinchi AQSh siyosatchisi bo'ldi. Trampning g'alabasi ovozlarni sanab chiqqan barcha yetakchi ommaviy axborot vositalari: Assoshieyted Press agentligi, Fox News, CNN, NBC, ABC va CBS telekanallari tomonidan e'lon qilindi.

    Demokratik partiyadan ko'rsatilgan nomzod Kamala Harris tarafdorlari bilan suhbatlashdi va mag'lubiyatini tan olishini e'lon qildi, AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden esa Tramp bilan gaplashib, uni tabrikladi.

    Shtatlarning Saylovchilar kollegiyasi 17-dekabr kuni saylovchilar xohishidan kelib chiqib, nomzodlar uchun ovoz berishi kerak, 6-yanvar kuni esa Kongressning yangi tarkibi ovoz berish natijalarini tasdiqlaydi. Inauguratsiya 20-yanvar kuni bo'lib o'tadi, deb xabar beradi ria.ru.