Shuning uchun ham Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerakligini va bu haqiqatni, avvalo, barcha boʻgʻindagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarurligini qayta-qayta taʼkidlamoqdalar.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari ham xalq bilan hamnafas yashab, ularning muammolariga yechim topishda jonbozlik koʻrsatmoqdalar. Xususan, kuni-kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi Doniyor Gʻaniyev ham Margʻilon shahrida boʻlib, saylovchilar bilan uchrashdi. Ularning taklif va tashabbuslariga quloq tutdi. Muamolarga yechim izladi.

Shahardagi 18-, 23-umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamda 10-sonli bolalar Musiqa va sanʼat maktabida deputat bilan saylovchilar ishtirokida ochiq muloqotlar oʻtkazildi.

Uchrashuvda Margʻilon shahar hokimi Adhamjon Ziyavitdinov, shahar hokimi oʻrinbosarlari Jaloliddin Toshtemirov, Toʻlanboy Beknazarov, Margʻilon shahar Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonasi mudiri Foziljon Sotvoldiyev hamda shahardagi kommunal va boshqa korxona-tashkilot rahbarlari ishtirok etdilar.

Muloqotda fuqarolar kommunal masalalar, shuningdek, tadbirkorlik uchun yer ajratish, bank kreditlari singari oʻzlarini qiynab kelayotgan muammolar bilan deputatga murojaat qildilar.

Uchrashuv davomida shahar hokimi A.Ziyavitdinov hamda deputat D.Gʻaniyevlar respublikamiz, xususan, Margʻilon shahrida hozirgi kunda aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish boʻyicha olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtdilar.

– Oliy Majlis Qonunchilik Palatasiga deputatlar saylovi boʻlib oʻtganiga deyarli bir yil toʻldi. Oʻtgan davr mobaynida asosan qonun ijodkorligi bilan hamda ozmi-koʻpmi menga ishonch bildirgan saylovchilar manfaati uchun faoliyat olib bordim, – deydi Doniyor Gʻaniyev. – Ortda qolgan bir yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan saylovchilarga hisobot berish, shu bilan birgalikda ularning muammolarini oʻrganish va muammolarga ijobiy yechim topish asosiy vazifalarimdan biridir.

Deputatning taʼkidlashicha, uchrashuvlarda elektr va gaz muammolari boʻyicha koʻplab murojaatlar bildirildi. Shu boisdan, mazkur masalalarda aniqlangan bir qator muammolarni imkon qadar bartaraf etish maqsadida, Energetika vazirligi, “Oʻztransgaz” va “Hududiy elektr tarmoqlari”AJlar masʼul xodimlari bilan muamolarga yechim izlandi.

Natijada shaharga tabiiy gaz uzatuvchi asosiy “Turvat” GRSdan aholi isteʼmolchilariga alohida tugun chiqarish (yangi tarmoq ajratish) uchun “Oʻztransgaz” AJdan texnik shart olishga erishildi. Elektr taʼminotidagi uzilishlarni bartaraf etish uchun Margʻilon shahrini elektr energiyasi bilan taʼminlovchi 4 ta 110/35/6 kVli tarmoqlardan 2 tasini avtomatikadan chiqarish hamda elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berilishiga kelishildi. Shahar elektr tarmoqlari korxonasiga kuz-qish mavsumi davomida yuzaga kelgan avariyalarni tezkor va sifatli bartaraf etish uchun qoʻshimcha avtokran, yuk mashinasi va ekskovator (1 tadan) bilan taʼminlashga kelishib olindi. Hozirda mazkur muammolarni toʻla bartaraf etish uchun zaruriy choralar koʻrilmoqda.

Bundan tashqari, fuqarolar tomonidan yangi transformatorlar oʻrnatish, kredit ajratish, bola nafaqasi tayinlash, uy-joy bilan taʼminlash kabi koʻplab murojaatlar kelib tushdi. Deputat shu kunning oʻzida avtomobil Daryo trans (avtomobil va daryo transporti agentligi) tomonidan asossiz jarimaga tortilgan fuqaroning muammosi hamda oqava tarmogʻidagi avariya holatini bartaraf etish boʻyicha yuzaga kelgan muammolarni joyida barataraf etdi.

Qolgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha mahalliy ijrochilar bilan hamkorlikda ish olib borilib, muammolar ijrosi shahar hokimligi va mahalliy Kengash deputatlari tomonidan nazoratga olindi.

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev Margʻilon shahridagi uchrashuvlarida shahardagi Raqamli texnologiyalar markazida ham boʻlib, u yerda yoshlar bilan uchrashdi.

Ochiq muloqotda deputat bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari, kasb-hunar egallashlari yoʻlida koʻplab shart-sharoitlar yaratilayotgani, ushbu imkoniyatlardan esa faqatgina chuqur bilim olib oʻz oʻrnida oqilona foydalanish lozimligini alohida qayd etib oʻtdi.

Uchrashuv davomida yoshlar deputatga oʻzlarini qiziqtirgan savol va takliflar bilan murojaat qildilar.

Bir soʻz bilan aytganda, D.Gʻaniyev bu galgi saylovchilar bilan uchrashuvlarida ham bir qator muammolarni ijobiy hal etib, xalq ishonchini qozonishga erishdi. Asosiy maqsad ham aslida shu. Aholi muammolarini toʻliq qamrab olish, ularga tezkor, samarali va hayotiy yechim topish, xalqimiz oʻz hayotida ijobiy oʻzgarishlarni ertaga emas, balki bugun koʻrishiga erishishdan iboratdir.

Shohsulton TOʻXTAMATOV,

OʻzLiDeP Fargʻona viloyati Kengashi matbuot kotibi