Bu haqda deputat Doniyor Gʻaniyev oʻzining telegramdagi sahifasida maʼlum qildi.

Hisobotda Hisob patalasi tomonidan amalga oshirilgan nazorat tadbirlari natijasida 2021-yil byudjet xarajatlari 2,1 trln. soʻmga maqbullashtilib, davlat byudjetiga 527 mlrd. soʻm qoʻshimcha manbalar aniqlanganligi, shuningdek byudjet mablagʻlari hisobidan 338 mlrd. soʻmlik noqonuniy xarajat va oʻzlashtirishlar, davlat xaridlari jarayonida esa 971,1 mlrd. soʻmlik manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilgan 763 ta holatlar aniqlanganligi qayd etilgan.

Uning yozishicha, hisobotdagi bir qiziq maʼlumot deputatning diqqatini tortgan. Hisob palatasi tomonidan oliy taʼlim muassalariga koʻshimcha tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida (xalq tilida “super-kontrakt”) oʻqishga qabul qilingan talabalarning xujjatlari oʻrganilganda, 10 ta oliy taʼlim muassasasida 117 nafar talabani (bu faqat aniqlangani, aniqlanmagani qancha xudo biladi) Davlat test markazi maʼlumotnomasidagi ballarini soxtalashtirish orqali ularni “super-kontrakt” summalarining miqdori jami 9,6 mlrd. soʻmga kam hisoblangan.

Misol uchun, Toshkent tibbiyot akademiyasida 2020-2021 oʻquv yilida fuqaro F.B. kirish imtihonida aslida atiga 56,6 ball olgan boʻlsada, uning toʻplagan bali 132,7 ball etib koʻrsatilgan hamda undan 279,4 mln. oʻrniga 139,7 mln. soʻm toʻlov-kontrak puli (139,7 mln.soʻm kam) olingan.

Deputat oliy taʼlim muassasalariga kirishda aynan korrupsiyani oldini olish maqsadida joriy qilingan “super-kontrakt” tizimining oʻzida ham korrupsiya holatlari aniqlanganidan taajjublanadi.

Hisobotda keltirilishicha, kelgusida bunday holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida, 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqimoqchi boʻlganlar uchun onlayn platforma yaratilib, arizalar avtomatik tarzda qabul qilinishi va shartnomalar summasini inson omilining aralashuvisiz hisoblanishi yoʻlga qoʻyilgan.