Qon — bu hayot. U — bebahodir. Uning qiymatini dunyoda hech bir narsa bilan taqqoslab boʻlmaydi.
Koʻp yillik ilmiy izlanishlar va kuzatuvlar shuni koʻrsatadi, 500 ml.gacha qon topshirish organizm uchun xavfsiz hisoblanadi. Har bir donorlik amaliyotida oʻrtacha 350-400 ml qon olinadi. Donorlik nafaqat qon oluvchi, balki qon beruvchining salomatligi uchun ham foydali ekan. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga boʻyicha donorlar boshqalarga qaraganda 5 yil koʻproq umr kechiradi. Baxtsiz hodisalar, operatsiyalar chogʻida organizmning ogʻir talafotlarga uchrash ehtimoli donorlarda boshqalarga nisbatan kamroq boʻladi. Chunki, donor organizmi qon yoʻqotishga moslashgan boʻladi va ogʻir asoratlarni ham nisbatan yengilroq oʻtkazadi. Donorlik infarkt va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari kelib chiqishi xavfini bir necha bor kamaytiradi. Olimlar erkak donorlar orasida yurak infarkti boshqalarga qaraganda 30 foiz kamroq uchrashini aniqlashgan.
Har yili «14-iyun — Butunjahon donorlar kuni” munosabati bilan qon topshirish aksiyasi tashkil etiladi. Joriy yil ham “Qon topshiring, qon plazmasini bering, oʻzgalarga hayot bagʻishlang, uni tez-tez bajaring!» shiori ostida aksiyalar davom etmoqda. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali talabasi Raxat Janabayev Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining begʻaraz donori hisoblanadi va u har doim qon topshirishda juda faol.
— Har kuni dunyo boʻyicha minglab insonlar donor qoniga ehtiyoj sezadi. Donorlik — odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy koʻrinishi boʻlib, ushbu begʻaraz, koʻngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy koʻmakdir. Qon topshirish insonning insonga hadya etgan bebaho sovgʻasi deb bilaman. Menimcha qalbida ezguliklar bilan yashaydigan inson doimo yaxshilik qilishga intilishi kerak,- deydi donor Raxat Janabayev. – Oldin ota-onam men qon topshirib yurganimdan xabari yoʻq edi. Mening donor ekanligimni bilishgach, juda qattiq quvonishdi. Insonlarga yordaming tegadigan, eling, yurting uchun, xalqing uchun foydasi tegadigan inson boʻl, oʻgʻlim deyishdi.
Ha, albatta inson har doim xam jamiyatda oʻz oʻrniga, nufuziga ega boʻlish kerak. Raxat xam bugungi kunda ilm oʻrganayotgan talaba boʻlishiga qaramasdan donor sifatida qonga muhtoj insonlarning dardiga darmon boʻlib kelmoqda.
— Shu kunga qadar 46-marta qon topshirdim, — deydi Raxat Janabayev. — Bu qisqa vaqt ichida yoshlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston miqyosidagi rekord daraja ekan. Albatta, men bundan gʻururlanaman. Atrofimdagi insonlarga yordam berish men uchun baxt deb bilaman. Men ularga qon berdim. Demak, ular kim boʻlishidan qatʼiy nazar mening qarindoshim hisoblanadi. Yil sayin qarindoshlarim soni ham ortib bormoqda.
Har yili «14-iyun — Butunjahon donorlar kuni” sifatida keng nishonlanishi va ushbu sanaga bagʻishlangan turli tadbirlar, xayriya aksiyalari oʻtkazish ezgu anʼanaga aylangan. Raxat Janabayev 2021-yili Oʻzbekistonda oʻtkazilgan “Koʻngillilar forumi”da “Donorlik” yoʻnalishi boʻyicha birinchi oʻrinni egallab, “Yil koʻngillisi” nominatsiyasi gʻolibi boʻlgan. U 2019-yildan buyon begʻaraz qon topshirib kelmoqda.
Soʻngi paytlari davlatimiz tomonidan aholining sogʻligʻini saqlash, shu jumladan qon xavfsizligini taʼminlash, begʻaraz donorlarni rivojlantirishga yetarlicha eʼtibor qaratilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi qon quyish stansiyasiga 2022-2023-yillar davomida 6 milliard 299 million mablagʻ hisobiga plazmafarez uskunasi, mikser, IFA analizatorlari, gemoglobinometr, plazma separator, -86oS li sovitkich, muzlatgich singari tibbiy asbob-uskunalar olib kelindi. Stansiya tomonidan 2022-yil davomida 25013 donordan 12718,7 litr konservantsiz qon tayyorlanib, reja -158 % ga bajarilgan. Joriy yilning shu kuniga qadar 11029 donordan 4907,7 litr konservantsiz qon olingan. Shuningdek, sayyor qon tayyorlashga imkoniyat yaratilib, 2023-yil Qoraqalpogʻiston Respublikasi qon quyish stansiyasiga barcha qulayliklarga ega 1 dona “ISUZI HC40» markali (mobil kompleks) maxsus avtobus ajratildi.
- Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, oʻz sogʻligʻini saqlashga ham erishadi. Chunki, muntazam tibbiy koʻrikdan oʻtib turish va qon tahlillarini topshirish, kishi salomatligi haqida maʼlumotga ega boʻlib borishiga xizmat qiladi. Hozirda dunyoning 70 ta davlatida qon zaxirasi koʻngilli donorlik hisobiga yigʻiladi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga binoan har bir davlatda jami aholi soning 3 foizi donor boʻlganida qonga boʻlgan ehtiyojni qanoatlantirish mumkin. Bu koʻrsatkich bizning davlatimizda 1 % ga teng. Shu bois donorlar sonini koʻpaytirish zarurligi bor, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qon quyish stansiyasining donorlar boʻlimi mudiri Jadira Gabbarova. — Koʻngilli donorlik targʻiboti faqat qon quyish markazlari yoki uning sayyor guruhlari vazifasi emas. Jamoatchilik tomonidan qon va qon mahsulotlari zaxirasi nechogʻli muhimligi, qay hollarda qon quyishga murojaat qilinishi, zaxira boʻshab qolishi qanday oqibatlarga olib kelishi batafsil tushuntirilib borilsa, ishonamizki, koʻngilli donorlikka munosabat oʻzgaradi.
Eʼtiborli jihati, oʻz qonini kamida 40-marta, qon komponentlarini 60-marta topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Mamlakatimizda ham ana shunday bagʻrikeng va saxiy insonlar uchun “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni hamda eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Qon xizmatlarida olinadigan qon miqdori organizmdagi umumiy qon miqdorining 10 foizini tashkil qiladi, yaʼni 350-400 millilitr. Organizm yoʻqotgan suyuqlik oʻrnini 36 soat ichida tiklanar ekan.
- Joriy yil Raxat Janabayev singari bir necha yillardan buyon begʻaraz qon topshirib kelayotgan Qoraqalpogʻistonlik donorlar Alimjan Saipov, Kurmangazi Izenov, Tolibay Kurbanov va Dunay Ubaydullayevlar “Oʻzbekiston Respublikasi Faxriy donori” koʻkrak nishoni egasiga aylandi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi qon quyish stansiyasining bosh shifokori Aymurat Tanirbergenov. — Soʻnggi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana aʼzolarini koʻchirib oʻtkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yoʻlga qoʻyilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga boʻlgan ehtiyoj yanada ortmoqda.
Maʼlumki, 2005 yil may oyida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sogʻliqni saqlash vazirlari yakdillik bilan begʻaraz qon donorligini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi taklifni maʼqullagan edi. Sogʻlom, donorlik talabiga javob beradigan har qanday kishi qonga ehtiyoj sezgan yoxud falokatga uchrab, operatsiya stoliga yotqizilgan xasta va mushkul ahvolda qolgan kishilarga yoki butunlay begona insonlarga ham oʻz qonini berib, donorlik qilishi mumkin.
Quvonarlisi, donorlik qisqa vaqt ichida yurtimiz boʻylab keng quloch yozib, vazirlik va idoralar xodimlari, mahalliy boshqaruv organlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.