Unda Agentlik direktori oʻrinbosari Alisher Temirov boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari, viloyat hokimining Mahalliy sanoatni rivojlantirish boʻyicha yordamchisi Ayubxon Bobomirzayev, Namangan viloyat farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish hududiy boʻlinmasi mutaxassislari, “Kosonsoy-farm” EIZ direksiyasi vakillari hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan dori vositalarini tayyorlash, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish, ularni ulgurji va chakana realizatsiya qilish huquqiga ega litsenziatlar hamda tadbirkorlar qatnashdi.

Dastlab mutaxassislar sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida taqdimot oʻtkazib, farmatsevtik faoliyatga doir normativ-huquqiy hujjatlarning amalda tatbiq etilishi yuzasidan tushuntirish berdi.

Qabulda turli muammo va huquqiy masalalarga yechim izlab kelgan 60 ga yaqin fuqarolarning murojaati tinglandi. Koʻtarilgan masalalarning aksariyatini dori vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish, ichki dorixonalar faoliyatini litsenziyalash, dori vositalari va tibbiy buyumlarning eksport-import masalalari, qolaversa, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi barcha mahalliy korxonalar Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozimligi mavzusida boʻldi.

Kunning ikkinchi yarmida mahalliy jurnalistlar va blogerlar uchun sayyor qabul doirasida Namangan shahrida faoliyat yuritayotgan “Merrymed farm” MCHJ farmatsevtik korxonasiga press-tur uyushtirildi.

Maʼlumot uchun, 2010-yilda 30 ishchi bilan oʻz faoliyatini boshlagan “Merrymed farm” MCHJda bugun 700 ta ish oʻrni yaratilgan, korxonaning yillik quvvati 120 million oʻramga yaqin dori vositalari ishlab chiqarish hajmiga ega. U respublikada kuchli oʻntalikka kiruvchi farmatsevtik korxona hisoblanadi. Viloyatda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining katta qismi “Merrymed farm” hissasiga toʻgʻri keladi. Korxona sexlarida tabletkalar, kapsulalar, inyeksiya va infuziya eritmalari, surtmalar, siroplar, suspenziyalar, kukun koʻrinishidagi antibiotiklar tayyorlanadi. Yangi ishga tushirilgan boʻlimda yiliga 15 million 600 ming flakon, jami qiymati 30 milliard soʻmga yaqin boʻlgan glyukoza, natriy xlorid, ringer, metronizadol, siproksin va boshqa dori vositalari qadoqlanadi.

Press-tur davomida OAV vakillari va ijtimoiy tarmoqlar faollari mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ular oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi. Matbuot anjumani dori-darmonlarning sifati, narxi va taʼsiri boʻyicha qizgʻin bahs-munozaralarga boy kechdi.

Orifjon Joʻrayev, “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.