Farmatsevtika sohasini rivojlantirish, tizimdagi muammoli masalalarni hal qilish boʻyicha keyingi yillarda muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. “Reklama toʻgʻrisida”gi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlarda meʼyorlar aniq belgilangan.
Bugungi kunda dori vositalariga oid reklamalarning koʻpayishi qonun talablariga rioya qilish zaruratini oshirdi. Agar qonunga amal qilinmasa, dori vositalari aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatib qoʻyishi mumkin. Ayniqsa, shifokor tavsiyasisiz, turli targʻibot va reklamalarga ishonib, dori vositalarini sotib olish va isteʼmol qilishga moyillik kuchayib borayotgan paytda bu juda dolzarb masalaga aylandi.
Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent va Fargʻona viloyat Kengashlaridagi deputatlari “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunda nazarda tutilgan dori vositalarining reklamasiga oid talablarga rioya etilish masalasida nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazdi.
Partiya Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi aʼzolari, mutaxassislar va jamoatchilik vakillari ishtirokida oʻrganishlar natijalari “Jamoatchilik eshituvi” tartibida muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda dori vositalari reklamasi “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Qonunchilikka koʻra, farmatsevtika korxonalari oʻz reklama kampaniyalarini ikki yoʻnalishda amalga oshiradi. Mazkur Qonunning 18-moddasiga binoan retsept boʻyicha beriladigan dori vositalarining reklama qilinishiga, ularning ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internetda yoki tashqarida reklamasiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Biroq oʻrganishlar jarayonida, ushbu cheklovlarga jiddiy rioya qilinmayotgani aniqlangan. Xususan, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Yashnobod va Yangihayot tumanlaridagi ayrim dorixonalarda retseptsiz sotilishi mumkin boʻlmagan vositalar haqida keng koʻlamli tavsiyalar berilgan, ayrim hollarda xodimlar tomonidan ogʻzaki reklama bilan fuqarolarni ishontirishga urinishlar kuzatilgan.
Shu bilan birga, dorixona vitrinalarida “eng yaxshi vosita”, “shoshilmang – sogʻligingizni saqlang!”, “koʻpchilik tanlovi” kabi bayonotlar bilan tayyorlangan vizual reklamalar faol tarzda qoʻllanilmoqda. Vaholanki, bunday bayonotlar fuqaro psixologiyasiga taʼsir koʻrsatishi, yaʼni manipulyativ marketingning shakli sifatida qonunning 6-moddasida taʼkidlangan “yolgʻon, oshirib koʻrsatuvchi va asoslanmagan maʼlumot” sifatida baholanishi mumkin.
Muhokamada soʻzga chiqqanlar tahliliy maʼlumotlar dori vositalarining reklamasi tartibi, sotuvi borasidagi huquqiy asoslar aniq hamda qatʼiy belgilangan boʻlsa-da, ularning ijrosini amalda toʻliq taʼminlash uchun jamoaviy va tizimli harakat zarurligini taʼkidlashdi.
Bu boradagi har qanday nazorat va tahlil ishlari, avvalo, fuqarolarning sogʻligi, hayoti hamda xavfsizligini taʼminlashga qaratilgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, joylardagi oʻrganishlar doimiy ravishda davom etishiga urgʻu berildi.
Muhokamalar yakuni boʻyicha mutasaddi vazirlik-idoralar uchun birgalikda taklif-tavsiyalar ishlab chiqish, barcha hududlarda partiya faollari, deputatlar ham aholining keng vakillari ishtirokida deputatlik va jamoatchilik nazorati tadbirlarini kuchaytirishga kelishib olindi.