“Doubletree Capital Bank” ilk investitsiya loyihalarini Oʻzbekistonda amalga oshiradi

    Investitsiyalar 5 Iyun 2023 1292

    “Oʻzcharmsanoat” uyushmasida AQSHning “Doubletree Capital Bank”ning Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muloqotda ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va charmsanoat sohasida yangi qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish masalasi muhokama etildi.

    Uchrashuv avvalida bank vakillariga mamlakatimizning charmsanoat sohasidagi islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport salohiyati toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etildi.

    Oʻz navbatida bankning Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari soʻngi olti yilda mintaqada loyihalarni moliyalashtirish maqsadida davlatlar oʻrganib chiqilgani, natijalar tahlil qilinganini maʼlum qildi. Natijada bankning ilk sarmoyaviy loyihalarini aynan Oʻzbekistondan boshlashga qaror qilingani qayd etildi.

    Maʼlumot oʻrnida, “Doubletree Capital Bank” 20 yildan buyon AQSHda faoliyat yuritadi. Xorijiy davlatlarga 30 milliard dollardan ortiq sarmoya kiritgan. 20 million dollardan 100 million dollargacha boʻlgan yirik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etadi.

    Uchrashuvda bank vakillari Oʻzbekistondagi soʻngi oʻzgarishlar, xususan charmsanoat sohasidagi dinamik oʻsish qator investorlarni mamlakatga jalb etayotganini maʼlum qildi. Shu sabab, Janubiy Koreya investorlari 30 million dollar evaziga respublikamizda charmni qayta ishlash, poyabzal mahsulotlari, charm-attorlik buyumlarini ishlab chiqarish va kadrlar tayyorlash yoʻnalishlarida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda qoʻshma korxonalar, yangi loyihalarni ishga tushirishni maqsad qilgan.

    Dastlabki loyihalar uchun bank tomonidan Oʻzbekiston bilan hamkorlikda charmni qayta ishlash, poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻnalishida yangi qoʻshma korxonalarni ochish maqsadida boʻlgan Janubiy Koreya investorlariga imtiyozli foizlarda kreditlar ajratiladi. Ushbu mablagʻlarga sarmoyadorlar Italiya, Germaniya, Janubiy Koreyadan texnologiya, uskunalar, butlovchi materiallar, xom ashyo olib kelib, mamlakatimizda oʻz faoliyatini boshlaydi. Ilk korxonalar avtomobilsozlik va mebelsozlik sanoati uchun tayyor charm ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi. Tayyor mahsulotlar toʻliq Janubiy Koreya va Yevropa davlatlariga eksport qilinadi.

    Shuningdek, hamkorlikning ikkinchi yoʻnalishi charmsanoat sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlashga qaratiladi. Bankning maxsus grantlari asosida soha uchun dizayner va texnologlarni tayyorlash boʻyicha alohida dastur amalga oshiriladi.

    Uchrashuv soʻngida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida memorandum imzolanishiga kelishib olindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.