Bu haqda Oʻzbekiston Bojxona qoʻmitasi xabar berdi.
Qozogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qoʻmitasining maʼlum qilishicha, “Tajen” (Oʻzbekiston Respublikasining “Dovut-ota” chegara bojxona postiga tutash) chegara oʻtkazish punkti orqali jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar hamda ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk avtomobillari harakati boʻyicha joriy yil 1-fevral sanasidan kiritilgan cheklovlar 2025-yilning 31-dekabriga qadar uzaytirildi.
Muddatning uzaytirilishi mazkur oʻtkazish punktlarida ikkinchi bosqich qurilish ishlari, xususan, maʼmuriy binolarda kapital taʼmirlash hamda yoʻl qoplamalarida betonlash ishlari olib borilayotgani bilan bogʻliq.
Ruxsat etilgan toʻliq vazni 3,5 tonnadan ortiq boʻlgan yuk avtomobillari “Tajen” (Qozogʻiston) – “Dovut ota” (Oʻzbekiston) chegara oʻtkazish punkti orqali harakatni amalga oshirishlari mumkin.
Qoʻmita jismoniy shaxslar uchun “Qoraqalpogʻiston” temir yoʻl oʻtkazish punkti orqali “Nukus-Beyneu” yoʻnalishida qoʻshimcha yoʻlovchi poyezdlari qatnovi yoʻlga qoʻyilganini bildirdi.
Mazkur nazorat-oʻtkazish punktlari orqali harakatlanish postni rekonstruksiya qilish uchun 1-fevraldan uch oyga toʻxtatilgandi. Keyinroq jarayon 1-sentyabrgacha uzayishi maʼlum qilingandi.