Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun boʻlib oʻtgan majlisida “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqildi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida respublika hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanishni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik oʻrniga maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Bu kabi huquqbuzarliklarni takror sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilyapti.
Kiritilayotgan normalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, mamlakatga chet ellik turistlarning keng jalb etilishi uchun qulay sharoitlarni taʼminlash, shuningdek respublikaning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.