Dual taʼlim talabaga nega kerak? OTMga-chi?

    Ta'lim 17 Noyabr 2023 3827

    Anʼanaviy taʼlim shaklida talabalar institutda nazariy bilimlarni koʻproq egallab, amaliyot qismini korxona va tashkilotlarda nisbatan kamroq soatlarda oʻtaydi. Bu usulda tayyorlangan muhandis-texnologlarning malakasi esa hozirgi kunga kelib ishlab chiqarish korxonalarining talabiga javob bermayapti.

    Davlatimiz rahbari oʻtgan yil 28-iyunida paxta hosildorligini oshirish va toʻqimachilik mahsulotlari eksportini koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida yangi oʻquv yilidan boshlab Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining 3–4 kurs talabalarini oʻqitishda dual taʼlim tizimini joriy qilish boʻyicha topshiriq berildi. Unga koʻra, haftaning uch kunida nazariy darslar, qolgan uch kunida toʻqimachilik texnoparki va korxonalarda amaliy mashgʻulotlar asosida oʻqitish tizimini joriy qilinadigan boʻldi.

    Aslida dual taʼlim qanday tizim? Oʻzbekistonda, aynan Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida bu tizimni qoʻllashdan koʻzlangan maqsad nima? U qanday natija beradi?

    Anʼanaviy taʼlim shaklida talabalar institutda nazariy bilimlarni koʻproq egallab, amaliyot qismini korxona va tashkilotlarda nisbatan kamroq soatlarda oʻtaydi. Bu usulda tayyorlangan muhandis-texnologlarning malakasi esa hozirgi kunga kelib ishlab chiqarish korxonalarining talabiga javob bermayapti. Chunki qaysi tadbirkor bilan uchrashmaylik, albatta, shuni taʼkidlamoqda.

    Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan aksariyat toʻqimachilik korxonalarida chet ellik texnologlar ishlamoqda. Ularga tadbirkorlar juda yuqori maosh toʻlaydi. Shuning uchun rivojlangan mamlakatlarning taʼlim tizimi oʻrganilib, oʻqish bilan bir vaqtda zamonaviy texnologiya va dastgohlarda korxona, tashkilotlarda ishlash imkonini beruvchi dual taʼlim shakli Oʻzbekiston taʼlim tizimiga kirib kelmoqda.

    Dual taʼlim — talabaga oliy oʻquv yurtida taʼlim olish bilan birga oʻz yoʻnalishiga mos tashkilotda mehnat qilish, malaka oshirish imkoniyatini beruvchi tizim. Bunda talabalar haftaning uch kunida institutda nazariy bilimlarni, qolgan uch kunida korxona va tashkilotlarda haqiqiy ish jarayonlarida amaliy koʻnikmalarni egallaydi. Dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talaba korxona va tashkilotlarda ishga qabul qilinganda korxona tomonidan malakali ustoz biriktiriladi va amaliyotchiga oylik maosh toʻlanadi.

    Bugungi kunda ushbu tizim Germaniya, Avstriya, Shveysariya va Janubiy Koreya kabi rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiyotni yanada rivojlantirishda juda katta oʻrin tutmoqda. Biz aynan Germaniya tajribasi asosida dual taʼlimni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirganmiz. Sababi, u mazkur tizimni eng samarali yoʻlga qoʻygan davlatlardan biri. Bu mamlakat oʻzining taʼlim tizimiga dual taʼlimni 1960-yillarning oʻrtalaridan qoʻllay boshlagan.

    Germaniyada bugungi kunda 1,4 million yosh dual taʼlim shaklida oʻqimoqda. Har yili 500 ming oʻquvchi dual taʼlimda ishtirok etish uchun korxonalar bilan kelishuvga erishadi. 74 foiz yoshlar oʻqishni yakunlagandan soʻng ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi imzolaydi. Korxona tomonidan oʻquvchi(talaba)larga malakali, maxsus sinovdan oʻtgan hamda sertifikatga ega ustoz biriktiriladi.

    Bu tizim Germaniyada oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashda yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, Oʻzbekistonda nafaqat oʻrta boʻgʻin kadrlarini tayyorlashda, balki oliy taʼlim tizimida, yaʼni Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti misolida tajriba-sinov tariqasida qoʻllanmoqda.

    Savdo-sanoat palatasi, tadbirkorlar va Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti jamoasi birgalikda yoshlarga taʼlim berishni yangi bosqichga olib chiqish, bitiruvchilarni sohasining yetuk, zamonaviy mutaxassisi etib tayyorlash bilan birga biznesga qiziqishini oshirish, ularni yirik korxonalarning hamkori sifatida tayyorlashga bel bogʻlagan. Buning uchun “Bir tadbirkor — uch hamkor” loyihasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, har bir mutaxassislik kafedrasidagi uch nafar bitiruvchini ishlab chiqarish korxonasiga hamkor qilib tayyorlash ustida ish olib borilmoqda. Hozir institutdagi 14 ta kafedrada yosh mutaxassislar tayyorlanayotgan boʻlsa, oʻquv yili yakunida bu loyiha boʻyicha kamida 42 nafar hamkor tadbirkor yetishib chiqadi.

    Institutda dual taʼlimni rivojlantirish, bu boʻyicha dunyo tajribasini oʻrganish, qolaversa, tajribamizni oʻrtoqlashish maqsadida shu yilning 28–29-noyabr kunlari “Dual taʼlimning fan, taʼlim va innovatsiyalar sohasidagi istiqboli” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazilmoqda. Unga xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlar elchixonalari va chet el oliy taʼlim muassasalari hamda korxonalaridan 60 dan ortiq mehmon taklif qilingan.

    Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti shu kunga qadar 200 ga yaqin korxona bilan hamkorlik yoʻlga qoʻygan edi. 2022–2023 oʻquv yilidan Toshkent shahri va viloyatida joylashgan 60 ga yaqin korxona bilan shartnoma asosida 3-kursdagi 864 nafar talaba tajriba-sinov tariqasida dual taʼlim shaklida oʻqitildi. Bunda oʻquv rejasidagi mutaxassislik fanlarining oʻrtacha 50 foiz yuklamasi, yaʼni amaliy qismi korxonalarda oʻtildi. Korxonaga borib kelishi uchun talabalarga transport ajratildi, tushlik tashkil etildi. Baʼzi korxonalar ishga qabul qilingan talabalarga bajargan ishiga qarab oyiga 500 ming soʻmdan 1 million soʻmgacha haq toʻladi. Oldin talabalar boʻsh vaqtida turli sohalarda, asosan savdo-sotiq, xizmat koʻrsatish kabilarda ish haqi topgan boʻlsa, dual taʼlim tizimi tufayli oʻz yoʻnalishi boʻyicha ham oʻqib, ham ishlab, pul topishga erishdi.

    Mazkur ishlarni jadallashtirish, dual taʼlimga koʻproq tadbirkorlarni jalb qilish, ularni ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish, ishsiz ayollar va yoshlarni ish bilan taʼminlash orqali kambagʻallikni qisqartirish maqsadida Prezidentimizning “Kambagʻallikni qisqartirishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

    Farmon bilan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifga rozilik berildi. Bu dasturda tadbirkorlik subyektlari “hamkorlik shartnomasi” asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi, unda ishtirok etgan tadbirkorlarga tabaqalashtirilgan imtiyoz va pereferensiyalar berilishi nazarda tutildi. Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining oliy taʼlim tizimida “Kasb egasi” dual taʼlim tizimini tajriba tariqasida ishga tushirishi koʻzda tutildi. 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab dual taʼlim tizimi Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida 3–4 kurs talabalari uchun joriy qilinishi belgilandi.

    Meʼyoriy-huquqiy hujjatning eng asosiy jihatlaridan biri Savdo-sanoat palatasi tomonidan ishlab chiqarish korxonalarining qoʻshimcha ishchi kuchiga boʻlgan talabi shakllantiriladi va u talabalarga yetkaziladi. Talabalar tanlangan ish oʻrinlari boʻyicha elektron yoʻllanma tegishli korxonaga yetkaziladi. Bunda yoʻllanma asosida taʼlim jarayonini bevosita korxonalarda oʻtagan talabalar uchun korxona tomonidan ish haqi hisoblanadi va Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har oy uchun mazkur ish haqining 2 million soʻmgacha boʻlgan qismi qoplab beriladi.

    Farmon ijrosi boʻyicha 2023/2024 oʻquv yilida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining 3-4 kursida tahsil olayotgan barcha talabalar “Kasb egasi” dual taʼlim tizimi asosida oʻqitish tizimiga toʻliq oʻtkazildi. Yaʼni 3-kursda tahsil olayotgan 805 talaba 57 korxonaga, 4-kursda oʻqiyotgan 854 talaba 62 ta korxonaga taqsimlanib, belgilangan grafik asosida haftaning uch kunida institutda nazariy darslar, qolgan uch kunida korxonada amaliy darslar asosida tahsil olmoqda. Talabalarga korxonaning malakali mutaxassislari amaliyot rahbari etib tayinlangan. Institut professor-oʻqituvchilari bu tizimning yutuq va kamchiliklarini tahlil qilib bormoqda.

    Bu tizimning afzalligi 3–4 kurs talabalari korxonada oʻrnatilgan eng zamonaviy dastgohlarda ishlashni oʻrganishdan tashqari mehnat jamoasi bilan yaqindan tanishishi, dual taʼlim boʻyicha olgan bilimini namoyon qilgan, oʻzini yaxshi tomondan koʻrsata olgan bitiruvchilar korxonaga ishga qabul qilinishda katta imtiyozga ega boʻlishi, ishga qabul qilinganda mehnat faoliyatiga juda yengil kirishib ketishi mumkinligida yaqqol koʻrinmoqda.

    Bir necha yil oldin davlatimiz rahbari soha xodimlari oldiga mamlakatimizda yetishtirilgan xomashyoni jahon bozoriga tayyor mahsulot sifatida olib chiqish, buning uchun sohani klaster tizimiga oʻtkazish, shu orqali hududlarda aholini ish bilan taʼminlash vazifasini qoʻygan edi.

    zbekiston toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining 2017–2023-yillardagi asosiy koʻrsatkichlari tahliliga koʻra, mamlakatda yetishtirilgan paxta tolasini qayta ishlash darajasi 40 foizdan 100 foizga yetgan. Yalpi ichki mahsulotda sohaning ulushi 7,6 foizdan 9,2 foizga oshgan. Sanoat mahsulotlaridagi ulushi 15 foizga yetgan. Birgina tikuv-trikotaj sanoatining mahsulotlari hajmi 88 370,0 milliard soʻmni tashkil etayotgani hamda sohada 600 mingga yaqin odam mehnat qilayotganini inobatga olsak, Oʻzbekiston iqtisodiyotining drayver sohalaridan biri boʻlgan toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish orqali aholini ish bilan taʼminlash, kambagʻallikdan chiqarishga erishish mumkinligini koʻrish mumkin. Shunday ekan, mamlakatimiz hududidagi mavjud va yangidan tashkil etilayotgan soha korxonalarini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash uchun birinchilardan boʻlib Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida dual taʼlim tizimini qoʻllash ayni vazifalarning eng toʻgʻri yechimidir.

    Hozir yurtimizda soha boʻyicha ishlayotgan korxonalar soni 7 mingdan oshdi. Bunga, albatta, kichik tadbirkorlik, oʻrta biznes va yirik korxonalar kiradi. Asosiy maqsad Germaniya tajribasi asosida Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutida ishbilarmon tadbirkorlar, ilgʻor ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda zamonaviy yetuk mutaxassislarni dual taʼlim shaklida tayyorlashdan iborat. Bu yerda albatta Savdo-sanoat palatasi koordinator vazifasini bajaradi.

    Qilinayotgan ishlar tahlili, dastlabki xulosalarga koʻra, bu tizim uch taraflama, yaʼni institut, korxona va talabaga manfaatli boʻlib, soha korxonalariga zamonaviy malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.

    Davron VAHOBOV,

    Savdo-sanoat palatasi raisi,

    Toshkent toʻqimachilik va yengil

    sanoat instituti rektori