Ushbu quyosh elektr stansiyaning umumiy quvvati 950 MVt boʻlib, u dunyodagi yirik quyosh energiyalaridan hisoblanadi. Unda quyosh texnologiyalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqishning 3 xil turidan samarali foydalanish orqali 24 soat davomida yashil energiya ishlab chiqariladi.
Taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Energetika vazirligi ushbu yoʻnalishda samarali faoliyat olib bormoqda. Xususan, bu borada oʻtgan 3 yil ichida quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 10 ta bitim imzolandi. Ushbu qisqa muddatda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan 9 ta qaror imzolandi.
Tizimli ishlar natijasida, 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida birinchi yirik 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, joriy yil 1 choragida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida ikkinchi yirik 100 MVt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilishini rejalashtirilgan.
“ACWA Power” kompaniyasi Oʻzbekistonda umumiy quvvati 2 600 MVt boʻlgan issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari quradi.
Xususan, Buxoro viloyatining Peshku va Gʻijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 MVtdan boʻlgan 2 ta shamol elektr stansiyasi 2023-yilning dekabr oyida ishga tushiriladi. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qoraoʻzak tumanida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi quriladi.
Shu bilan birga, kompaniya tomonidan Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1 500 MVt boʻlgan issiqlik elektr stansiyasi qurilyapti va u 2023-yilning toʻrtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston delegatsiyasi vakillari yurtimizda nafaqat quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqish, balki quyosh texnologiyalari asosida elektr energiyasi ishlab chiqishning barcha turlaridan samarali foydalanish boʻyicha oʻrganishlar olib bordi.
Energetika vazirligi boshqarma boshligʻi Abdullajon Otaboyevning taʼkidlashicha, ushbu stansiya eritilgan tuzdan foydalangan holda, uzoq muddatli energiya saqlash xarakteriga ega. Shu sababli stansiya tungi vaqtda ham samarali elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Oʻrganishlardan koʻzlangan maqsad ushbu tajribani bosqichma-bosqich yurtimizda ham joriy etish hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston energetika haftaligi joriy yilning 12-16-fevral kunlari “EXPO 2020 – Dubay” xalqaro koʻrgazmasidagi Oʻzbekiston pavilyonida tashkil etilgan.
Unda Energetika vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning loyihalari taqdimotlari, “V2V” formatdagi uchrashuv va muzokaralar boʻlib oʻtishi kutiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.