Shunga qaramay, koʻplab mamlakatlar kasallik avj olmasligi uchun ehtiyot choralarini kuchaytirishga kirishgan. Jumladan, Yevropadagi qator davlatlar oʻz chegaralarini vaqtincha yopib, qatʼiy cheklovlarni joriy etmoqda.
Qolaversa, yangi shtamm keng tarqalmasligi uchun ommaviy emlash tadbirlariga alohida urgʻu berilyapti. Masalan, Avstriyada koronavirusga qarshi vaksina olishdan bosh tortganlar jarimaga tortilishi yuzasidan qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Jarima miqdori 3600 yevro qilib belgilanishi kutilmoqda. Toʻlovdan boʻyin tovlaganlar toʻrt oylik qamoqqa mahkum etilishi mumkin. Loyihaga koʻra, takroriy huquqbuzarlik sodir etilsa, jarima miqdori ikki baravar koʻpayib, 7200 yevrogacha yetadi.
Moldova hukumati esa soʻnggi ikki hafta ichida Afrika qitʼasiga borgan xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlashga qaror qildi.
Osiyoda ham yangi shtamm tarqalishining oldini olish choralari koʻrilmoqda. Xususan, Yaponiyada allaqachon birinchi shubhali holat aniqlandi. Namibiyadan kelgan yoʻlovchi “omikron”ga chalingan boʻlishi mumkin. Ayni paytda tekshiruv natijalari kutilmoqda.
Shulardan kelib chiqib, bugundan Yaponiya chet elliklar uchun chegaralarini yopdi. Ertadan boshlab esa mamlakat ichida toʻliq emlangan fuqarolar uchun yengillashtirilgan karantin talablari bekor qilinishi kutilyapti. Bu cheklovlar bir oygacha amal qilishi belgilangan.
1-dekabrdan Hindistonga xavf ostida boʻlgan mamlakatlardan kelgan barcha sayohatchilar aeroportda PZR test topshirishlari va binodan chiqmasdan uning natijalarini kutishlari kerak boʻladi.
AQSHning yuqumli kasalliklar boʻyicha bosh infeksionisti Entoni Fauchi esa qayta emlanish koronavirusning “omikron” shtammidan eng ishonchli himoyani taʼminlashini aytdi.
Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash vaziri ham shunday xulosada. Uning taʼkidlashicha, mamlakatda bundan keyin aholiga har uch 3 oyda bir marta buster doza bilan emlanish tavsiya etiladi.
JSST ham dunyoda pandemiya yanada avj olib ketishidan jiddiy xavotirda. Tashkilot mutasaddilari odamlarga niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, aholi gavjum joylarda imkon qadar boʻlmaslik, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish va eng asosiysi, tezroq emlanish zarurligini eslatmoqda.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.