Dunyo yorugʻ boʻlsin desang, uyingga chiroq yoq

    Fikr 28 Iyul 2020 4393

    Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” qissasida shunday lavha bor: “…dadam “qishloqqa vabo kelgani rost shekilli, Isomiddin ellikboshini olib ketibdi”, deb keldi. Shundan keyin ajal kalxat singari qishloq ustida jimgina parvoz qilib, har kuni bir, baʼzan ikki, hatto uch xonadonni qon qaqshata boshladi. Qishloq vahima ichida, hech kim uyidan chiqmas edi...”

    Bu oʻtgan asr boshlarida Birinchi jahon urushi davri Qoʻqon atrofidagi qishloqlardagi manzara.

    Oʻsha kezlardagi oʻlkada yuz bergan siyosiy-iqtisodiy vaziyat, aholi turmush sharoiti va darajasini solishtirib boʻlmaydi. Oʻtgan bir asr davomida tibbiyot sohasida ulkan siljish roʻy berdi, qanchadan-qancha kasalliklarga barham berildi. Taassufki, bugun XXI asr boshida roʻy bergan pandemiyani toʻxtatishda hatto misli koʻrilmagan yutuqlarga erishgan jahon tibbiyoti ham ojizlik qilib qoldi. Bunday sharoitda xilma-xil vositalar va usullar sirasida oʻsha anʼanaviy “uydan chiqmaslik” eng samarali himoya boʻlib qolar ekan. Lekin farqi shundaki, asr boshida ulkan ofat oldida zaif va yolgʻiz inson oʻzini tabiiy ravishda himoyalagan boʻlsa, bugungi kunda hukumat rahnamoligi va gʻamxoʻrligi ostida, millat kelajagi va istiqboli yoʻlida ongli ravishda “uyda qolish”ga chaqirilmoqda.

    Prezidentimiz boshchiligida davlatimiz pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasini tubdan oʻzgartirish va takomillashtirish ustida tinim bilmay ish olib bormoqda. Jumladan, Prezident Sh. Mirziyoyev hozirgi pandemiya sharoitiga mos eng kuchli, eng taʼsirchan vositalarni ishga solish zarurligini taʼkidlaydi:

    Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda boʻlishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz boʻlishi shart, – deya taʼkidlaydi, hukumat rahbari. – Faqat tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilangina biz bu ofatga qarshi kurasha olamiz”.

    Odamzod hamma narsadan, hatto tabiiy ofat-u, falokatlardan oʻziga bir saboq oladi, tajriba orttiradi. Zamonaviy faylasuflar pandemiyaning insoniyat istiqboliga taʼsiri borasida xilma-xil qarash va nuqtayi nazarlarni ilgari surmoqdalar, baʼzilar umidbaxsh kelajakdan bashorat qilsalar, boshqalar aksincha, salbiy oqibatlaridan tashvishdalar. Fikrlar qanchalik ziddiyatli boʻlmasin, faylasuflar bir jihatdan yakdildirlar, pandemiyadan keyingi davr insoniyat hayoti oʻzgacha boʻlishi aniq.

    Har yomonning bir yaxshisi boʻladi, deganlaridek, pandemiya bizni nimalarga oʻrgatganini bir sarhisob qilib koʻraylik.

    Gapni, eng avvalo, Oʻzbekistonda taʼlim sohasida roʻy bergan oʻzgarishlardan boshlaylik. COVID-19 dunyoning koʻplab mamlakatlarida keng tarqalgan masofaviy taʼlim sohasi rivojiga turtki vazifasini oʻtadi. Masofaviy taʼlimning afzalliklari allaqachon oʻz tasdigʻini topgan; yurtimizda uni tatbiq qilish borasida harakatlar boshlanganiga ham ancha vaqt boʻldi.Koʻpchilik professor-oʻqituvchilarda masofaviy taʼlim borasida toʻliq tasavvur yoʻqligi yoki tasavvur va bilim boʻlsa-da, tajriba va malakaning mavjud emasligi tufayli sust rivojlangan mazkur sohada pandemiya vaziyatida katta olgʻa qadam tashlandi. Qator kamchiliklari, zaif tomonlariga qaramasdan, darslarning onlayn tizimda tashkil etilishi oʻzining ijobiy samaralarini berdi: talabalar koʻproq mustaqil ishlash koʻnikmalarini shakllantirish zarurligini his qila boshladilar, oʻqituvchi hamda talabaning oʻrni va roliga munosabat oʻzgardi. Endi oʻqituvchi bor narsani chaynab ogʻziga solib qoʻyuvchi emas, yoʻl koʻrsatuvchi, maslahat beruvchi, undovchi maqomini oldi; talabada oʻz ustida ishlash, izlanish, ijodkorlik koʻnikmalari paydo boʻldi. Ayni paytda, oʻqituvchi uchun ham yangi raqamli taʼlim muhiti darsni zamonaviy usulda tashkil etish, ijodkorona yondashuv, bor kuch-gʻayratini safarbar etib ishlash borasida sinov va tajriba maktabi boʻldi.

    Zamonaviy nemis faylasuf-adibasi Svenya Flaspyoler pandemiya tufayli yuzaga kelgan vaziyat haqida shunday fikr bildiradi: “Biz odatlangan shiddatli kundalik hayot tarzidagi kutilmagan tanaffus bizga oʻylab koʻrish va balki jamiyatimizni yaxshi tomonga oʻzgartirish uchun imkoniyat yaratdi. “Tezlikni pasaytirish”, ayni oʻz ichki olamimizga murojaat qilish, oʻzimizning ijtimoiy qadriyatlarga boʻlgan qarashlarimizni qayta koʻrib chiqish vaqtidir”.

    Chindan ham pandemiya insonning moddiy neʼmatlarga, mol-u dunyoga hirs-u havasiga suv sepgandek boʻldi, asta-sekin maʼnaviy ehtiyojlar yuzaga qalqib chiqa boshladi: sanʼat, musiqa, kitobxonlikka eʼtibor ortdi, jismoniy va maʼnaviy barkamollik uygʻunligiga intilish – uy sharoitida sport bilan shugʻullanish keng ommalasha boshladi. Odamlarda oʻzini oʻzi taftish qilish, orzu-intilishlari, maqsadlarini qayta koʻrib chiqish, tanqidiy baholash imkoni paydo boʻldi.

    Milliy Internet manbalarimiz boyidi. Oʻzbek tilida internet manbalar ancha kamligi va borlari ham uncha boy emasligi sir emas. Juda katta zaxira mavjud boʻlgani holda, maʼlumotlar bazasi hali yetarli darajada toʻliq kiritilmagan. Karantin davrida web-resurslar ancha boyitilganligi, virtual interfaollik kuchayganligini eʼtirof etish lozim.

    Nima uchun karantin choralari va “oʻzini oʻzi yakkalash” (izolyatsiya) – “uyda qolish”muhimligi hozirgi kunda bahs uygʻotmaydi. Pandemiyani jilovlashning eng samarali usuli – bu fuqarolarning oʻzini oʻzi izolyatsiya qilish va ijtimoiy masofani saqlash orqali virus tarqalishi yoʻllarini cheklash, bemorlarni aniqlash va epidemiya oʻchoqlarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha faol choralar koʻrishdan iboratdir.

    Shunday ekan, biz bu belgilangan chora-tadbirlarni ongli ravishda qabul qilib, Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasi tomonidan berilayotgan tavsiyalarga eʼtiborsizlik bilan qarashimiz, karantin qoidalariga amal qilmasligimiz koʻplab odamlarning nobud boʻlishi, sogʻliqni saqlash tizimiga ogʻirlik qilishi bilan birga katta iqtisodiy talafotlarga olib kelishini anglab yetishimiz zarur. Sogʻlom jamiyat tez taraqqiy etadi. Sogʻlom fikr jamiyatning ravnaqini belgilaydi. Albatta, har qanday cheklov choralari inson erkini boʻgʻayotgandek tuyuladi. Ammo ertangi sogʻlom va farovon jamiyat uchun bugun birozgina “erkinlik”larimizni jilovlab tursak arziydi. Har qanday inqiroz buyuk yuksalishning boshlanishidir.Koronavirusga nisbatan shubha kayfiyati notoʻgʻri va nooʻrindir. Vaqtinchalik koʻrilayotgan ushbu choralarni toʻgʻri qabul qilib atrofdagilarga ham vaziyatni tushuntirish, hamjihatlikka, bagʻrikenglikka chaqirish har birimizning burchimizdir.

    Davlatimiz rahbari yana bir bor jonkuyarlik bilan xalqimizga murojaat qildi:

    «Har birimiz oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimizning sogʻligʻi va taqdiri uchun avvalo oʻzimiz masʼul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim... ...pandemiya davrida har bir odamning shaxsiy masʼuliyati haqidagi targʻibot ishlarini yana-da kuchaytirishimiz kerak. Biz pandemiyani qachon yengamiz? Qachonki, har bir odam oʻzidagi beparvolikni yengsa, oʻzi, oilasi va farzandlari, butun xalqimiz hayotiga masʼuliyat bilan qaraydigan boʻlsa.

    Biz shunga qodirmizmi? Albatta, qodirmiz. Ishonchim komil, bugungi vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan mana shunday hissiyot va qarashlar har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga chuqur kirib boradi. Va biz bu sinovdan, albatta, munosib oʻtamiz».

    Bu bizga bildirilgan ishonchgina emas, balki har birimiz gardanimizga masʼuliyat, fidoyilik yuklaydi. Jamiyatda qanday maqomga ega boʻlishimizdan qatʼi nazar, oʻz imkoniyatimiz darajasida xalqimiz boshiga tushgan bu ofatga qarshi kurashishimiz shart. Beparvolikka haqqimiz yoʻq.

    Sh. Normatova,

    M. Abdurahmonova

    JIDU, Oʻzbek va rus tillari kafedrasi oʻqituvchilari,