Gap shundaki, hozir dunyo boʻyicha 12-35 yosh oraligʻidagi 1 milliarddan ortiq yosh avlod vakillari eshitish qobiliyatini yoʻqotish xavfi ostida. Bunga toʻyu tomoshalar, koʻngilochar tadbirlarda davomli ravishda baland ovozda musiqa eshitish sabab boʻlmoqda. Shu bois Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti jamoat joylari va ommaviy tadbirlarda xavfsiz tinglashning yangi xalqaro standartini ishlab chiqdi. U ovoz kuchaytirgich yordamida musiqa ijro etiladigan maskanlar va tadbirlarga taalluqli.

Yangi standartlar 6 ta tavsiyani oʻz ichiga oladi:

Birinchi tavsiya: oʻrtacha shovqinning maksimal darajasi — 100 detsibeldan oshmasligi kerak.

Ikkinchi tavsiya: shovqin darajasi maxsus texnik vositalar yordamida alohida xodimlar tomonidan real vaqt rejimida kuzatib va qayd etib borilishi zarur.

Uchinchi tavsiya: ovoz sifati va xavfsiz eshitish muhitini taʼminlash uchun xona akustikasi va ovoz uskunalarini optimallashtirish lozim.

Toʻrtinchi tavsiya: tinglovchilarni shovqindan himoyalovchi vositalar bilan taʼminlash joiz. Ulardan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar ham boʻlishi maqsadga muvofiq.

Beshinchi tavsiya: tashrif buyuruvchilar uchun shovqindan xoli va eshitish qobiliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan sokinroq joylarni ham tashkil qilish darkor.

Oltinchi tavsiya: bunday muassasalarda faoliyat koʻrsatadigan xodimlarni oʻqitish va ularning xabardorligini oshirish kerak.

Bundan tashqari, yoshlar shaxsiy audioqurilmalardan foydalanganda ham ovoz balandligini imkon qadar cheklashlari zarur.

JSST dunyo davlatlarini bu tavsiyalarni huquqiy normalar bilan mustahkamlashga chaqirish barobarida, jamoatchilik, ota-onalar, oʻqituvchilar va shifokorlar tomonidan yoshlarni xavfsiz tinglash amaliyotiga oʻrgatish kelajakda katta samara berishini taʼkidlaydi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.