Dunyoda koronavirusning yangi shtammi keng tarqalmoqda. Vaziyat qanday?

    Salomatlik 29 Noyabr 2021 1321

    Oʻtgan haftadan dunyoda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat yanada murakkablashdi. Bunga Janubiy Afrika milliy yuqumli kasalliklar instituti olimlari tomonidan seshanba kuni B.1.1.529, yaʼni “omicron” shtammi qayd etilishi sabab boʻldi. Olimlarning aytishicha, bu kasallik OITSga chalingan kishida aniqlanib, mutatsiyaga kirishgan.

    Shu tariqa juma kuni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti favqulodda yigʻilish chaqirdi. Bu yerda jahonning yetakchi olim va mutaxassislari tomonidan yangi shtamm muhokama qilindi.

    Dastlabki xulosalarga koʻra, “omicron” juda koʻp mutatsiyalarni oʻz ichiga olgan va “delta” shtammidan ham koʻra yuqumliroqdir. Eng yomoni, yangi versiya allaqachon Afrikadan boshqa qitʼalarga oʻtib ulgurgan.

    Masalan, oʻtgan hafta soʻngida Belgiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Daniya singari qator davlatlarda “omicron” shtammi bilan kasallanish holatlari aniqlandi.

    Shu sababli Rossiya, Germaniya, Isroil, Buyuk Britaniya, Singapur, Bahrayn, Italiya, Niderlandiya, Marokash, Fransiya, Chexiya, Avstriya, Malayziya, Saudiya Arabistoni, Shveysariya, Turkiya, Kanada, AQSH, BAA, Misr, Argentina, Braziliya, Avstraliya kabi davlatlar bordi-keldida, aeroportlarda turli cheklovlar joriy qildi.

    Masalan, Buyuk Britaniyada istalgan xorijiy davlatdan kelgan kishi PZR testini topshirishi va salbiy natija olinmaguncha oʻzini izolyatsiya qilishi shart. Shuningdek, hukumat jamoat joylarida yana niqob taqishni joriy etadi. Bu yerda vaksina olganidan buyon 6 oydan koʻp vaqt oʻtgan va 40 yoshdan oshgan aholi vakillariga qayta emlanish tavsiya qilinishi ham aytilmoqda.

    Rossiya esa kechadan Afrikaning qator mamlakatlari, qolaversa, Gonkongdan chet elliklarning oʻz hududiga kirishini cheklab qoʻydi. Isroil hukumati oʻz chegaralarini 14 kunga yopib qoʻyishini eʼlon qilgan boʻlsa, Quvayt 9 davlat bilan aviaqatnovni toʻxtatdi. Marokash ham bu safga qoʻshildi.

    Shveysariya yangi shtamm tufayli Chexiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Malavidan kelgan sayohatchilarga cheklovlar joriy qildi. Yaponiya esa 30-noyabrdan mamlakatni xorijliklar uchun yopadi, deb yozadi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.