Xalqaro sogʻliqni saqlash tuzilmalari bu borada maxsus tadqiqot oʻtkazdi. Unda molekulyar-genetik biologiyaning 219 ta usuli yordamida dunyoning turli mintaqalaridan olingan 16 ta tahlil namunasi tekshirildi.

Yakunda tadqiq etilgan barcha natijalar “omikron” variantiga taalluqli ekanligi tasdiqlandi. Xususan, yettita holat BA.5.2 mutatsiyasi namunasi boʻlib, u AQSHda 18 foiz, Buyuk Britaniyada 13 foiz tarqalgani taxmin qilinmoqda.

Yana uchta namuna esa “omikron”ning BA.5.2.1 kichik shtammiga tegishli boʻlib chiqdi. U AQSHda aniqlanayotgan jami koronavirus mutatsiyalarining 39 foiziga teng. Qolgan boshqa holatlar BA.2, BF.5, BF.7, BA.5.1, BA.4.6 modifikatsiyalari ekanligi aniqlandi.

Ayni paytda mutaxassislar aholiga buster dozada vaksina olishni tavsiya etmoqda. Ularning taʼkidlashicha, emlanish koronavirusdan himoyalanishning yagona xavfsiz va samarali chorasidir, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matubuot xizmati.