O'zbekistonning bugungi kunda dunyo hamjamiyatida munosib o'rin egallab, tobora yuqori mavqega ega bo'lib borayotgani yurtdoshlarimizda faxr, iftixor tuyg'usini o'yg'otadi. Mamlakatimizda inson huquqlarining konstitutsiyaviy tamoyillaridan teng huqularda foydalansh uchun samarali mexanizm yaratildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan va bugungi kunda elimiz qalbidan chuqur joy olgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalqimiz o'z hayotida ijobiy o'zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko'rishi kerak”, degan ezgu g'oyalar mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan tub o'zgarishlarni harakatlantiruvchi kuchga aylandi.
Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak
Bu g'oyaning mazmun-mohiyatini tahlil etganda, beixtiyor o'tmish yillar ko'z o'ngimizdan o'tadi. Uzoq yillar davomida manfatlar borasida “xalq” so'zini deyarli ishlatmay kelganimiz ayni haqiqat. eng avvalo davlat manfaatini himoya qilishga e'tibor qaratilgan, xalq manfaati esa keyingi o'rinda turgan.
Bu esa jamiyatda xalq irodasini davlat idoralari tomonidan ifoda etishda ko'plab muammolarni keltirib chiqarishga sabab bo'lib keldi. Yillar davomida bu holatga davlat tomonidan jiddiy e'tibor qaratilmay ham qo'yildi. Oqibatda davlat va xalq munosabatlarida ulkan bo'shliq yuzaga keldi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida “Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo'ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish, bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o'ringa tushib qoldi” deb, haqiqiy holatni ochiq-oydin aytib o'tdilar. Shuningdek, “...xalq bilan muloqot va inson manfaatlari tushunchalari o'zaro shunchalik bog'lanib ketganki, ularni bir-biridan aslo ajratib bo'lmasligini ta'kidlab, ana shu zaruratdan kelib chiqqan holda 2017-yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e'lon qilishni taklif etdi.
2016-yil 28-dekabrda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to'g'risida” Prezident farmoni qabul qilindi. Unga muvofiq tashkil etilgan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasi fuqarolar bilan mutasaddi idoralarni bog'lovchi tizimga aylandi. Bugungi kunda Xalq qabulxonalari instituti xalqaro miqyosda qiyosi yo'q tuzilma sifatida keng e'tirof etilmoqda.
Xalq qabulxonalari faoliyatida xalq hayotidan yaqindan xabardor bo'lish, odamlarning ko'p yillik muammolarini, talab va ehtiyojlarini joyida o'rganish hamda hal etishda ijtimoiy adolatni ta'minlash bosh mezonga aylandi.
Ayniqsa, joylarda Prezidentning Xalq qabulxonalari tashkil etilishi fuqarolar murojaatlariga yangicha yondashuv tizimini vujudga keltirdi. Bu borada asosiy e'tibor fuqarolarning har qanday muammolarini hal etish davlatimizning xalqqa nisbatan asosiy majburiyatlaridan biri ekanligi, rahbarlar muntazam ravishda xalq orasida bo'lib, shaxsiy qabullar tashkil etishlari, joylardagi muammollarni hal qilishlari zarurligi belgilab berildi. Qisqa qilib aytganda, rahbarlar faoliyatiga xalq tomonidan baho berilishi, har bir rahbarning xalq roziligi yo'lidagi ma'suliyatini, dunyoqarashini tubdan o'zgartirdi.
Bugun Xalq qabulxonalari xalq bilan doimiy muloqot qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o'z vaqtida xolislik, adolat tamoyillari asosida ko'rib chiqilishida, mansabdor shaxslar mas'uliyatini oshirishda muhim o'rin tutmoqda.
Joylarda fuqarolarning Prezidentga, Oliy Majlisga, Prezident Administratsiyasiga, hukumatga, davlat boshqaruvi organlariga murojaat qilishga oid Konstitutsiyaviy huquqlarining so'zsiz amalga oshirilishi uchun keng sharoit va imkoniyatlar yaratildi.
Har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning yaxshi yashashga bo'lgan orzu-umidlari mujassam. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo'lgan aholi qatlamini har tomonlama muhofazaga olish Xalq qabulxonalarining asosiy diqqat e'tiborida bo'lib, ularning ro'yxatlari shakllantirilgan holda mavjud muammolarini hal etish choralari ko'rib kelinmoqda.
E'tirof etish kerakki, ilgarilari nogironligi bo'lgan imkoniyati cheklangan shaxslar bilan ishlash tizimi bo'lmagan, to'g'rirog'i, ularning holidan hech kim xabar olmagan, ular esa taqdiriga tan berib yashayvergan. Endilikda, ular muntazam davlat e'tiborida bo'lib, sog'ligi, ijtimoiy himoyalanishi choralari ko'rilmoqda va boshqa muammolariga o'z vaqtida samarali yechim topib berilmoqda.
Xalq qabulxonalariga berilayotgan murojaatlarning mohiyatida ham fuqarolarning bugun yaxshi yashashga bo'lgan istaklari, adolat tamoyillari yo'lidagi taklif, talablari, jamiyat taraqqiyotida o'z o'rinlarini topishga bo'lgan intilishlari o'z ifodasini topmoqda.
Xalq qabulxonalari faoliyatining dastlabki davrlarida fuqarolar o'zlarining shaxsiy masalalari bilan ko'proq murojaat qilishgan bo'lsa, endilikda ular hududlardagi aholi muammolari, ya'ni yo'llarni ta'mirlash, elektr, gaz, suv ta'minotlarini yaxshilash, bog'cha va maktablar qurish kabi ijtimoiy masalalarga ko'proq e'tibor qaratayotgani quvonarli holdir. Binobarin, odamlar yaxshi yashash kerakligini, istiqomat qilayotgan hududlari obod va zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo'lishi lozimligini anglab, bu borada ham amaliy takliflarni ilgari surishyapti.
Tahliliy tanqid va amaliy xulosalar
Joriy yilning 23-iyulida Prezidentimiz rahbarligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo'yicha o'tkazilgan videoselektor yig'ilishidagi tahlillar, bildirilgan fikrlar, berilgan topshiriqlar tizimda yangicha yondashuv, yanada mas'uliyat bilan ishlash lozimligini yaqqol ko'rsatib berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan fuqarolar murojaatlarini hal etishda oxirgi paytlarda Xalq qabulxonalari faoliyatida yuzaki yondashuv, sansolarlikka yo'l qo'yish holatlari yuz berayotgani tanqid qilindi.
Ushbu fikrlardan xulosa chiqargan holda, Toshkent viloyatida fuqarolardan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 59 821 ta murojaatlar qayta o'rganilib, ularning 39 088 tasi, ya'ni 65,2 foizi ijobiy hal etildi.
Jumladan, ichimlik suvi bo'yicha 1092 ta, sog'liqni saqlash yo'nalishida 1602 ta, gaz ta'minoti borasida 802 ta, elektr energiyasi yuzasidan 1489 ta, ichki yo'llarni ta'mirlash masalasidagi 1115 ta, aholini ish bilan ta'minlash sohasida 1275 ta, bank kreditlari ajratish yuzasidan 1458 ta murojaatga ijobiy yechim topildi. Ko'rilgan amaliy choralar tufayli joriy yilning iyun oyida 15 129 ta murojaat kelib tushgan bo'lsa, sentyabr oyiga kelib ular soni 4360 taga kamaydi.
Murojaatlarning ijobiy hal etilishi natijasida yordamga muhtoj oilalarga 8 milliard 22,5 million so'm moddiy yordam ko'rsatildi, 65 ta xonadon ta'mirlab berildi va boshqa qator muammolarni hal etish choralari ko'rildi.
Xalq qabulxonalari tomonidan fuqarolarni uzoq yillar davomida hal bo'lmay kelayotgan va hududlarda aholini qiynab kelayotgan muammolarini hal etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, Zangiota tumani “Qahramon” MFY, Matonatli 1- ko'chasi, 12-uyda yashovchi Baxtiyor Saipovning 2014-yilda buzilgan do'koni uchun 952 876 132 so'm kompensatsiya pulini to'lash masalasida turli idoralarga qayta-qayta murojaat qilib sarson bo'layotgani, hokimiyat sud qarorini bajarmay kelayotgani haqida 2021-yil fevral oyida Toshkent viloyati Xalq qabulxonasiga yozgan arizasidan so'ng kompensatsiya puli to'liq undirib berilishi ta'minlandi.
Bo'stonliq tumani “Iskandar” MFYda joylashgan “Ruxe Business” MCHJga tegishli bo'lgan ishlab chiqarish uchun ajratilgan yer maydoni hokimlik tomonidan asossiz ravishda tuman zaxirasiga olingani yuzasidan mazkur korxona rahbari Nazira Qodirova olti oy mobaynida mutasaddi idoralarga murojaat qilib keladi. Lekin masala hal etilmay qolaveradi. 2021-yil 6-oktyabr kuni Toshkent viloyati Xalq qabulxonasiga murojaat qilganidan so'ng sudga davo ariza kiritilib, tadbirkorning yeri o'ziga qaytarildi.
Ichimlik suvi, elektr va tabiiy gaz ta'minoti bo'yicha Toshkent tumani “Tutzor” MFY hududida yakka tartibda yangi qurilgan 146 ta xonadon aholisining murojaati asosida elektr, tabiiy gaz va suv ta'minoti ijobiy hal etildi.
Tabiiyki, Xalq qabulxonalari fuqarolarning murojaatlarini ko'rishda qonubuzilishlikka yo'l qo'ygan har bir holatga nisbatan o'z munosabatini bildirib bormoqda. Buni joriy yilning 9 oyi mobaynida o'tgan yilning shu davriga nisbatan qo'llanilgan ta'sir choralar yaqqol ko'rsatib turibdi. Jumladan, qonunlarni buzish holatlari bo'yicha kiritilgan taqdimnomalar 143 taga, o'z navbatida jazolangan mansabdor shaxslar soni 110 taga oshdi.
Bugungi kunda Xalq qabulxonalari murojaatlarni ko'rib chiqish va mavjud muammolarni hal etishda mahalliy deputatlar Kengashlari imkoniyatidan kengroq foydalanmoqda. Shu yilning 9 oyi davomida 71 ta axborot kiritilib, ularning muhokama qilish jarayonida 131 nafar rahbarning hisoboti eshitildi.
Joriy yilda joylarda sayyor qabullarni o'tkazishga e'tibor yanada kuchaytirildi. Bevosita muloqotlar o'tgan yilning uch choragiga nisbatan 1727 marta ko'p o'tkazildi. O'tkazilgan sayyor qabullarda fuqarolardan jami 12536 ta murojaatlar tushgan bo'lib, ularning 6504 tasi (56,6%) ijobiy hal qilib berildi.
Bugungi kun mahallada aholiga xizmat ko'rsatishni kuchaytirish, ularning iqtisodiy va ijtimoiy muammolarini joylarning o'zida hal qilish vazifasini qo'ymoqda. Shu bois videoselektor yig'ilishida ham Prezidentimiz odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan muammolarni mahallaning o'zida bartaraf qilish kerakligini alohida ta'kidlagan edi. Buning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlari bir haftada ikki kunni fuqarolarni qabul qilishga ajratishi, shuningdek, hokimliklarda kunlik qabul yo'lga qo'yilishi belgilandi.
Har bir hokimning kabineti “xalq qabulxonasi” bo'ladi. Murojaatlarni ko'rib, nimalarga e'tibor qilish bo'yicha har bir rahbarning strategiyasi bo'lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari va aholi to'g'ridan-to'g'ri tunu kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish vazifasini qo'ydi.
Darhaqiqat, hamma narsa, avvalo mahallda yuz berishini, jumlada oziq-ovqat mahsulotlarining ham mahallada etishtirilishini, sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlar ham mahallada ro'y berishini, qolaversa, aholini qiynab kelayotgan muammolar birinchi galda mahallada yuzaga kelishini inobatga olsak, davlatimiz rahbarining ta'biri bilan aytganda, mahalla davlat ichidagi kichik davlat ekan, uni har tomonlama rivojlantirish, belgilangan vazifalarni o'z vaqtida ijrosini ta'minlash eng oqilona va samarali yo'ldir.
Yakuniy xulosa – xalqning roziligi.
Abduhalim Xolmamatov,
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
Toshkent viloyatidagi Xalq qabulxonasi
mudiri