— BMTning Narkotiklar va jinoyatchilikni nazorat qilish boshqarmasi maʼlumotlariga koʼra, hozirgi kunda dunyo aholisining 31 milliondan ortigʼi giyohvand moddalar suisteʼmoli tufayli jiddiy kasalliklardan aziyat chekadi va ularning aksariyati yoshlardir, — deydi Zarifjon Sharifovich. — Аchinarlisi, yer yuzidagi barcha oʼlimlar koʼrsatkichining 23 foizidan ortigʼi narkotiklar suisteʼmoli bilan bogʼliq.
Yana bir oʼta ogʼriqli jihat: ushbu oʼlimlar miqdorining qariyb 5 foizini 15-29 yosh oraligʼidagi yigit-qizlar tashkil etmoqda. Mazkur koʼrsatkichlar yildan-yilga yasharib borayotgani esa butun dunyo ahlini jiddiy tashvishga solmoqda. Qolaversa, yoshlar orasida psixostimulyatorlar, yangi sintetik giyohvand moddalar isteʼmoli ommalashyapti.
Аfsuski, bu borada Oʼzbekistonda ham vaziyat yaxshi, deb boʼlmaydi. Joriy yilning 9 oyi yakunlariga koʼra, 5 mingga yaqin yurtdoshimiz giyohvandlikka qaram kishilar hisobida turibdi. Ularning 31 foizini 20-40 yoshdagilar tashkil etadi. Bundan tashqari, mazkur dardga mubtalo boʼlganlarning 1,8 foizida OIV infektsiyasi aniqlangan.
Аlbatta, ushbu global xavf koʼlami kengayishi unga qarshi kurash samaradorligini oshirishni taqozo etayapti. Shu maqsadda yaqinda Hamdoʼstlik davlatlarining narkologiya sohasida faoliyat olib boruvchi yetakchi mutaxassislari Rossiya Federatsiyasi poytaxtida toʼplanishdi. Biz ham Oʼzbekiston delegatsiyasi tarkibida ana shu tadbirda qatnashdik.
“Ruhiy salomatlik: Kelajakka nazar” deb nomlangan mazkur VIII Milliy Kongress hamda “Rossiya Federatsiyasi narkologiya xizmatining faoliyat tajribasi” mavzusidagi konferentsiyada narkologiya sohasidagi muammolar, ularning yechimlari, kasallikni tashhislash, davolash, oldini olish va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishga doir yangi yondashuvlar haqida ilmiy-amaliy yangiliklar taqdim etildi.
Shu bilan birga, tashrifimiz doirasida xorijlik hamkasblarimiz bilan fikr va tajriba almashdik. Yakunda narkologiya markazimiz bilan Moskva shahri narkologiya ilmiy-amaliy markazi hamda Boshqirdiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligining 2-sonli narkologiya dispanseri oʼrtasida Memorandum, V.P. Serbskiy nomidagi narkologiya va psixiatriya Milliy tibbiy tadqiqot markazi bilan esa kelishuv loyihasi imzolandi.
Shunga muvofiq, kelgusida oʼzaro hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar, ilmiy-texnik loyihalar ishlab chiqilib, roʼyobga chiqarilishi koʼzda tutilgan. Binobarin, ilmiy xodimlarimizni Rossiyaga oʼqish va malaka oshirish uchun joʼnatmoqchimiz. Qoʼshma ilmiy-amaliy konferentsiyalar, seminarlar, ishchi uchrashuvlarini oʼtkazish rejalashtirildi.
Oʼylaymanki, bularning barchasi Oʼzbekistonda giyohvandlik tarqalishining kamayishiga va unga tobeʼ boʼlgan bemorlar samarali davolanib, jamiyatning toʼlaqonli sogʼlom aʼzolari safiga qaytishiga zamin yaratadi.
Sogʼliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati