Dunyoning pedagogik tajribasi va yutuqlari mujassam topgan konsepsiya

    Ta'lim 18 Fevral 2022 4928

    Mamlakatimizda bugungi kun yoshlari uchun zamon talabiga mos, sifatli ta'lim berish va ta'minlash davlatimiz siyosatining dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

    “Uzluksiz maʼnaviy tarbiya Konsepsiyasi”da belgilanganidek, uzluksiz maʼnaviy tarbiya bu juda katta ijtimoiy jarayon hisoblanadi. Bugun tobora shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda yoshlarni ijtimoiy hayotga tayyorlashda masʼuliyat, majburiyat, maʼnaviyat, huquqiy ong va huquqiy madaniyat, maʼrifatlilik, bagʻrikenglik, kabi fazilatlarni shakllantirish kun tartibidagi asosiy masalalarga aylanib bormoqda. Yoshlar tarbiyasida dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarga toʻgʻri baho bera olmaslik, ijtimoiy muammolarni hal etishda toʻgʻri qaror qabul qilish, hayotda oʻz oʻrnini topish bilan bogʻliq boʻlgan aniq maqsadlarning shakllantira olmaslik kabi muammolar ham mavjud. Bular oʻz navbatida, oila-jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarning uzilib qolishi, loqaydlik, huquqbuzarlik, “ommaviy madaniyat”ning turli koʻrinishlarini osonlikcha qabul qilinishi tuban maʼnaviy illatlar girdobiga giriftor etayotir.

    Aynan mamlakatdagi taʼlim - tarbiya tizimi milliy gʻoya va mafkura gʻoyalarini hayotga tatbiq etishda muhim omil hisoblanadi. Negaki, yosh avlod aynan taʼlim muassasalarida toʻplangan ijtimoiy-maʼnaviy, maʼrifiy tajribaga boy milliy tamoyillarni ilmiy va tarbiyaviy asosda taʼlim tizimida oʻzlashtirib oladi. Aslida ham, maʼnaviyatni taʼlim-tarbiyasiz insonga yetkazish, qaror toptirishning imkoni yoʻq. Taʼlim va tarbiyani uygʻunlikda olib borish iqtisodiy, ijtimoiy va maʼnaviy yuksalishga olib keladi.

    Oʻrganilgan tajribalardan tahlil qiladigan boʻlsak, pedagoglar guruhdagi har bir bolaga hurmat asosida yondashib, bolalarni psixologik jihatlarni puxta oʻrganish asosida faoliyatlarini amalga oshirsa, har qanday bolani taʼlimga boʻlgan munosabatiga mehrini oshirishga xizmat qiladi. Bolalar boshqalar ularning har birini qabul qilishlari va hurmat qilishlarini koʻrganlarida hamda sezganlarida oʻzlarini qulay his qiladilar va erkin tutadilar, shu bilan birga oʻzlarining shaxsiy qiziqishlarini faol fikrlash asosida amalga oshiradilar.

    Eʼtiborli va quvonarli tomoni shundaki, Konsepsiyada dunyoning pedagogik tajribasi va yutuqlari mujassamlashgan. Jumladan, Yevropa Ittifoqining tarbiyaviy tavsiyalari, AQSH tajribasidagi shaxs erkinligi, tadbirkorlik, muvaffaqiyatga erishishga intilish, Janubiy Koreyadagi yoshlar ongiga urf-odatlar, axloqiy ideallarni singdirish, Yaponiyaning “xarakterni shakllantirishga yoʻnaltirilgan taʼlim”, Xitoyning yaxshilik, toʻgʻrilik, poklik, donolik va ishonchlilik kabi fazilatlarini tarbiyalashga qaratilgan pedagogik tajribalari oʻrganilgan.

    Shu oʻrinda, tarbiya qancha erta boshlansa samarasi shuncha yuqori boʻladi. Shuni inobatga olib axloqiy tarbiyani uzluksiz taʼlim tizimning birinchi boʻgʻini boʻlgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarida boshlash va samarali tashkil etish muhimdir. Demak, oiladagi farzandlar tarbiyasi – oila va kundalik turmushda mavjud boʻlgan oilaviy burch, hurmat, sadoqat, or – nomus kabi anʼanalarni avloddan – avlodga oʻtkazish asosida uzluksizlik, tizimlilik bilan ifodalanadi. Maktabgacha yoshdagi davrning ahamiyati umuman bola shaxsini rivojlantirish uchun bebahodir. Shaxsning barcha muhim xususiyatlari, moyilliklari va qobiliyatlari aniq maktabgacha yoshda shakllanadi.

    Konsepsiyada tarbiyaga yangicha, tizimli yondashuv, tayanch fazilatlarni kafolatli loyihalashtirish va oʻrgatishda oila, maktabgacha taʼlim muassasasi hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining pedagogik imkoniyatlarini toʻliq ishlatish va ular orasida ilmiy-metodik hamkorlikni yangi darajaga koʻtarish masalasi rejalashtirilgan. Mazkur Konsepsiyada yoshlarga taʼlim berishda huquqiy pedagogik imkoniyatlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda: “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan gʻoya asosida umummilliy taʼlim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli koʻrilmagan eʼtibor qaratilmoqda. Ilm-fan, madaniyat va sanʼat, adabiyot, sport sohalarini rivojlantirish, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, yoshlarning, ayniqsa, qizlarimizning isteʼdod va qobiliyatini roʻyobga chiqarish borasida ham koʻp ishlar qilinmoqda».

    Bugungi kunda yangilanayotgan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson manfaatlari ustunligini taʼminlash, jamiyatda xotin-qizlar mavqeyini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga asosiy eʼtibor qaratilgan. Eʼtiborli tomoni keyingi uch yilda huquqiy tenglikni taʼminlashning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrildi. Ayniqsa, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan qariyb 20 ta normativ-huquqiy hujjat, shu jumladan 2 ta qonun, 1 ta Prezident qarori, 4 ta Prezident Farmoni, 13 ta Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

    Mamlakatimizda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni yaratish orqali jamiyatimizda tinchlik va iqtisodiy barqarorlikni saqlashning omillari yaratilmoqda. Ana shundan kelib chiqqan holda “2020-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida huquqiy tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi tayyorlanib, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan oʻzaro hamkorlik keng quloch yoymoqda!

    Mazkur strategiyadagi koʻzda tutilgan barcha yoʻnalishlar BMTning 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Zero, mamlakatimizning taraqqiy etishi, xalqimizni farovon hayot kechirishida yoshlarning bilimi, dunyoqarashi va tarbiyasi alohida oʻrin tutadi. Farzandlarimizni qanday tarbiyalashimiz, ularda individual va jins xususiyatlarini inobatga olgan holda qanday shaxsiy fazilatlarni rivojlantirishimiz bevosita ularning kelajakda qanday ayol va erkak boʻlishiga, farzandlari uchun qanday ota-ona boʻlishiga bogʻliq.

    Xulosa qilib aytganda, yoshlarimiz, farzandlarimiz ongi, tafakkurini yot va zararli taʼsirlardan himoyalash, ichki dunyosini komillik sari yoʻnaltirish orqali boʻshliqlarni toʻldirish bugunning dolzarb masalalaridan biridir.

    Dildora NURALIYEVA,

    Fargʻona imkoniyati cheklangan shaxslar uchun

    ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabi oʻqituvchisi