Buning uchun u avval mazkur yer maydonini fermer xoʻjaligi ixtiyoridan chiqarib, tuman hokimiyati zaxirasiga qaytarishni, soʻngra esa hokimiyatdagi tanishlari orqali xaridor fuqaroning nomiga rasmiylashtirib berishni rejalashtiradi.

DXX Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida firibgar shaxs soʻralgan puldan 100 ming AQSH dollarini avans sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 4 nafar fuqaro oʻzganing ishonchiga kirib, unga Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani “Novobod” MFY hududidan 5 gektar yer maydonini 300 ming AQSH dollariga sotishlarini aytishadi va firibgarlik yoʻli bilan undan soʻralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida maʼlum boʻlishicha, ular 2019-yil Boʻstonliq tumani hokimi qarori bilan mahalliy MCHJlardan biriga dam olish maskani qurish maqsadida ajratib berilgan mazkur yer maydonini sotish huquqi mavjud emasligini bilganlari holda noqonuniy ishga qoʻl urishgan.

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro oʻzi rahbarlik qilayotgan gʻalla va sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaligining qariyb 24,5 gektar sugʻoriladigan yer maydonini 100 ming AQSH dollariga sotishini aytib, xaridordan oldindan toʻlov sifatida 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida DXX, Bosh prokuratura va Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Respublika vazirliklaridan birida masʼul lavozimda ishlovchi mansabdor shaxs muqaddam Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hokimining oʻrinbosari lavozimida ishlagan davrida xizmat vakolatini suiisteʼmol qilib, Xoʻjakent MFYdan mahalliy tadbirkorga 30 sotix yer maydoni ajratilishi uchun tuman hokimining tegishli qarorini chiqartirib berib, evaziga undan 35 ming AQSH dollari olgan. Lekin, keyinroq nazorat organlari tomonidan tumanda oʻtkazilgan xatlov natijasida hokimning yerga egalik huquqini beruvchi ushbu qarori bekor qilingan.

DXX, Prokuratura va Departament tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs muqaddam olgan pulidan 8900 AQSH dollarini qaytarib bergan vaqtida ushlandi.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib koʻrilmoqda.

DXX matbuot xizmati