Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari va Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Tojikiston Respublikasidan mamlakatimizga kontrabanda yoʻli bilan oʻtkazilgan 4 kg 810 gr “opiy” va 42 kg 892 gr “gashish” moddalari toʻxtatib qolindi.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, Margʻilon shahrida yashovchi, 1986-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlanib, jazo muddatini oʻtagan shaxs Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi, 1987-y.t. tanishi bilan birga Beshariq tumanidagi chegara nazorat oʻtkazish punkti orqali Tojikiston Respublikasining Soʻgʻd viloyati Zafarobod tumaniga borgan.

U yerda mahalliy narkosavdogar bilan uchrashib, yuqorida keltirilgan ajal ogʻusini 10 ming AQSH dollari evaziga Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hududiga oʻtkazib berishga kelishgan. Lekin, kuryerlar narkotik moddalarni davlat chegarasidan oʻtkazgan vaqtlarida qoʻlga olindi.

Avval xabar berilganidek, yashash xonadonida 7 kg 331 gr “opiy” moddasini kelgusida sotish maqsadida saqlab kelgan, Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1992-y.t. fuqaroga nisbatan DXX Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi tomonidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida uning koʻrsatmasi asosida qarindoshining uyidan 6 kg 403 gr “opiy” moddasi qoʻshimcha ashyoviy dalil sifatida olindi. Taʼkidlash lozimki, ushbu narkotik moddalar ham Tojikiston Respublikasidan olib kelingan.

DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda Yuqorichirchiq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi, 1963 va 1968-yillarda tugʻilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyatlari uchun sudlanib, jazo muddatini oʻtagan 2 nafar fuqaro 1 kg 399 gr “gashish” moddasini 15 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida ushlandi. Bu holatda narkotik modda Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan.

DXX Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1979, 1984, 1987-yillarda tugʻilgan, muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs qoʻlga olindi. Ularning yonlari va xonadonlari koʻzdan kechirilganda Qirgʻiz Respublikasidan keltirilgan jami 546 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.